9-MAVZU. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IJTIMOIY O‘ZGARISHLAR.
O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati.
Prezidentimizning 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga katta g‘ov hisoblanmish korrupsiyaga yana bir bora qattiq zarba beradigan hujjat bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, 2016-yilning oktyabr oyida davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdidagi saylovoldi ma’ruzasida mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlar barobarida O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar orasida aynan davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya masalasiga barchamizning e’tiborini qaratdi. Aynan shu davrdan boshlab mamlakatimizda bu salbiy illat bilan murosasiz kurash olib borish borasida barqaror qadamlar qo‘yildi.
Darhaqiqat, ko‘p vaqt o‘tmay, ya’ni 2016-yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun hujjatining samaradorligini ta’minlash maqsadida 2017-yil 2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Kuni kecha e’lon qilingan Farmon ana shu tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yaratilgan mexanizmlarni yanada takomillashtirish, ushbu illatni batamom bartaraf etish choralari ochib berilgan.
Eng muhimi, ushbu Farmonning aynan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida e’lon qilinishi diqqatga sazovordir. Aynan shuning uchun ham mazkur hujjatda iqtisodiyotni yanada ravnaq toptirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini ta’minlash alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Farmonning asl mazmun-mohiyati shundan iboratki, korrupsiyaga qarshi kurashish bu nafaqat davlatning vazifasi, balki jamiyat ham davlat bilan hamkorlikda bu salbiy illatga barham berishda faol ishtirok etishi lozim. Shuning uchun ham hujjatda aynan siyosiy partiyalarning bu boradagi rolini yanada kuchaytirish alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Darhaqiqat, partiyamizning saylovoldi dasturida ham aynan korrupsiya va uning har qanday ko‘rinishi bilan murosasiz kurash olib borish asosiy o‘rinni egallagan. Chunki, mazkur salbiy illatga barham berilmas ekan, iqtisodiyotni rivojlantirish, mamlakatda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, chet el investitsiyalarini mamlakat iqtisodiyotiga jalb etish hamda davlatimizda o‘rta sinfni shakllantirish nihoyatda og‘ir kechadi. Korrupsiyaning yana bir salbiy tomoni shundaki, u mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijiga, reytingiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Buning natijasida mamlakatning investitsiya jozibadorligiga putur etishi mumkin.
Shuning uchun ham partiyamiz va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi mazkur Farmondan kelib chiqadigan vazifalarning ijrosini ta’minlash hamda bu borada tegishli nazoratni amalga oshirish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni maqsad qilgan. Xususan, o‘z elektorat manfaatini himoya qilgan holda, davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishlab chiqiladigan tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish, “Davlat xaridlari to‘g‘risida” hamda “Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari doirasida tegishli davlat organlari tomonidan mazkur qonun hujjatlarini bajarish borasida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni monitoringini o‘tkazish, lozim bo‘lsa, parlament eshituvi darajasida mazkur masalalarini o‘rganishni ko‘zda tutmoqda.
Shuningdek, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun doirasida mamlakat hududlarida tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini himoya qilish borasida o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda, davlat organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvlarini tashkil etishga ko‘maklashishni ko‘zlamoqda. Farmonga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish tashkil etiladigan komissiyalar tarkibigatadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini himoya qilish borasida o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarini kiritish choralarini ko‘rish, har chorakda tadbirkorlik sub’ektlaridan kelib tushadigan va korrupsiya holatlari bilan bog‘liq murojaatlar tahlilini o‘tkazib, tegishli choralarini ko‘rish ham maqsadga muvofiq deb hisobaymiz.
Bundan tashqari, “Men korrupsiyaga qarshiman” shiori ostida endi faoliyatini boshlagan yosh tadbirkorlar ishtirokida seminarlar, davr suhbatlari va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Umuman, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashda natija beradigan har qanday chorani ko‘rish, eng muhimi, parlament nazoratining ta’sirchan usullaridan foydalanish davlatimiz uchun ham, jamiyatimiz uchun ham birdek naf keltiradi.