9-mavzu: tafakkurning mantiqiy shakllari : tushuncha, hukm. Xulosa chiqarish reja



Yüklə 374 Kb.
səhifə3/18
tarix19.04.2023
ölçüsü374 Kb.
#100607
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
9-mavzu tafakkurning mantiqiy shakllari tushuncha, hukm. Xulo

Umumlashtirishda predmetlar ularning ayrim umumiy, muhim xususiyatlariga ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa bitta tushunchada bir jinsli predmetlarning barchasini fikr qilish imkoniyati yaratiladi.
Tushunchaning shakllanishi so‘z bilan uzviy bog‘liq. Ular o‘rtasidagi aloqadorlik tafakkur va til o‘rtasidagi bog‘lanishning konkret tarzda namoyon bo‘lishidir. Tushunchalar so‘z va so‘z birikmalari yordamida ifoda qilinadi. Masalan «talaba», «tarix fakulteti», «O‘zbekiston milliy universiteti» va shu kabilar so‘zlardan iborat. Lekin bundan tushuncha va so‘z aynan bir xildir, degan xulosa kelib chikmasligi kerak. Bitta tushuncha har xil tillarda, ba’zan bir tilda ham turli xil so‘zlar bilan ifoda qilinadi. Tilimizdagi omonim va sinonim hodisalari so‘z va tushunchaning nisbiy mustaqil holda mavjudligidan dalolat beradi.
Shuni ham aytish lozimki, so‘zning ko‘p ma’noga ega bo‘lishi ba’zan fikr yuritish jarayonida tushunchalarni aralashtirib yuborishga olib keladi. Shuning uchun ham fan va texnikada ko‘proq terminlardan foydalaniladi. Termin katiy bitta tushunchani ifoda qiluvchi so‘z bo‘lib, muayyan ilmiy bilish sohasida bir xil ma’noda ishlatiladi.
Tushuncha o‘zining mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning mazmunini unda fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari yig‘indisi tashkil etadi. Masalan, «fan» tushunchasining mazmunini fanning muhim belgilari, ya’ni uning amaliyot bi­lan aloqada ekanligi, predmetlarning birorta sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, prinsiplar shaklidagi ob’ektiv chin(haqiqiy) bilimlar sistemasidan iborat bo‘lishi, dunyoqarashning shakllanishida ishtirok qilishi va shu kabilar tashkil qiladi.
Tushunchaning hajmi esa unda fikr qilinayotgan predmetlar yig‘indisidan iborat. Masalan, yuqorida misol qilib keltirilgan «fan» tushunchasining hajmi mavjud barcha fanlarni: ma­tematika, fizika, mantiq va hokazolarni o‘zida qamrab oladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog‘liq bo‘lib, u tushunchaning mazmuni va hajmi o‘rtasidagi teskari nisbat qonuni yordamida ifodalanadi. Bu qonunga muvofiq tushunchaning hajmi kengaytirilsa, mazmuni torayadi va aksincha hajmi toraytirilsa, mazmuni kengayadi. Masalan, «Fan» tushunchasi­ning mazmuni «mantiqga oid bo‘lish» belgisini qo‘shish bilan hajm jihatidan undan torroq bo‘lgan «mantiq fani» tushunchasiga o‘tiladi.
«Fan» tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan unga nisbatan torroq bo‘lgan «ijtimoiy ong shakli «tushunchasi hosil qilinadi. Bunda faqat fanga xos bo‘lib, boshqa ijtimoiy ong shakllarida, masalan san’atda bo‘lmagan spesifik belgilar tushuncha mazmunidan chiqarib tashlanadi.
Bu qonun tushunchalar bilan olib boriladigan qator mantiqiy amallar asosida yotadi.
Mantiqda tushunchalar mazmuni va hajmi bo‘yicha bir qancha turlarga bo‘linadilar. Xususan, hajmiga ko‘ra yakka vaumumiy tushunchalar farq qilinadi.
Yakka tushunchaning hajmida bitta predmet fikr qilinadi. Masalan, «Yer planetasi», “TAQI asosiy kutubxonasi» va shu ka­bilar yakka tushunchalardir. Umumiy tushunchalar predmetlar guruhini aks ettiradi. «Planeta», «Kutubxona» tushunchalari umumiy tushunchalar hisoblanadi. Umumiy tushunchalar aks ettiruvchi predmetlarning miqdori chegaralangan va chegaralanmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, «kimyoviy element» tushunchasida fikr qilinayotgan predmetlar soni chegaralangan. Ularni hisobga olish mumkin. «Yulduz» tushunchasi hajmini tashkil qiluvchi predmet­lar soni esa cheksiz, ularni hisobga olib bo‘lmaydi.
Fikr yuritish jarayonida ayiruvchi va to‘plovchi tushunchalarni farq qilish ham muhim ahamiyatga ega. Ayiruvchi tushuncha shunday umumiy tushunchaki, u aks ettiruvchi belgilar berilgan sinfning har bir predmetiga xosdir. Masalan, «TAQI talabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi materiallarini o‘rganmokda degan fikr TAQIning har bir talabasiga tegishli. Demak, «TAQI talabalari» tushunchasi bu yerda ayiruvchi tushunchadir. «TAQI talabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi materiallarini muhokama etishmoqda» degan fikrda esa, «TAQI talabalari» tushunchasi to‘plovchi tu­shuncha sifatida ishtirok qiladi, chunki fikr ularning to‘plamiga nisbatan bildirilgan.
Mazmuni bo‘yicha tushunchalar, avvalam bor, abstrakt va konkret tushunchalarga bo‘linadilar. Konkret tushunchalarda predmet o‘zining belgilari bilan birgalikda fikr qilinadi. Abstrakt tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib olinib, alohida aks ettiriladi. Masalan «Inson», «Tabiat» tushunchalari-konkret tushunchalar, «qahramonlik» (insonga xos xususiyatni aks ettiradi), «Go‘zallik» (borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) tushunchalari abstrakt tushunchalardir,
Mazmuni bo‘yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham ajratish mumkin. Nisbatsiz tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud bo‘lgan predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», «Badiiy asar» ana shunday tushunchalardir.
Nisbatdosh tushunchalar esa zaruriy ravishda bir-birining mavjud bo‘lishini taqozo qiladigan predmetlarni aks ettira­di. Masalan, «O‘qituvchi» va «O‘quvchi», «Ijobiy qahramon» va «Salbiy qahramon», «Sabab» va «Oqibat» tushunchalari nisbat­dosh tushunchalar qatoriga kiradi.
Ba’zi hollarda ijobiy va salbiy tushunchalar ham farq qilinadi. Ijobiy tushunchalarning mazmunida predmet unga xos belgilar orqali fikr qilinsa, salbiy tushunchalarning mazmu­nida predmet unga xos bo‘lmagan belgilar orqali fikr qilinadi. Masalan, «Savodli kishi», «Vijdonli kishi» - ijo­biy tushunchalar, «Savodsiz kishi», «Vijdonsiz kishi» - esa salbiy tushunchalardir
Ob’ektiv dunyodagi barcha predmet va hodisalar o‘zaro aloqada bo‘lganligi uchun, ularni aks etiruvchi tushunchalar ham o‘zaro malum bir aloqalarda, munosabatlarda mavjud. Bu munosabatlar turli xil bo‘lib, ularni aniqlash uchun, avvalambor, taqqoslanadigan va taqqoslanmaydigan tushunchalarni farq qilish lozim.
Taqqoslanadigan tushunchalar umumiy belgilarga ega bo‘lgan, mazmuni va hajmi jihatidan bir-biriga yaqin turgan tushunchalardir. Masalan, «Metallurg» va «Ishchi» tushunchalari ana shunday taqqoslanadigan tushunchalar hisoblanadi.
Taqqoslanmaydigan tushunchalar esa, bir-biri bilan uzoq aloqada bo‘lgan, ko‘p hollarda moddiy yoki ideal bo‘lishdan boshqa umumiy belgiga ega bo‘lmagan predmetlarni aks ettiruvchi tushunchalardir. «Ijtimoiy progress» va «Zuxro yulduzi», «Ideal gaz» va «Go‘zallik» tushunchalari taqqoslanmaydigan tu­shunchalar deb hisoblanadi. Mantiqda taqqoslanmaydigan tu­shunchalar o‘rtasidagi mantiqiy munosabatlar o‘rganilmaydi. Taqqoslanadigan tushunchalar esa hajm jihatidan sig‘ishadigan va sig‘ishmaydigan bo‘ladi.
Sig‘ishadigan tushunchalarning hajmi bir-biriga butunlay, to‘laligicha yoki qisman mos keladi.Ular o‘rtasida uch xil munosabat mavjud: moslik, qisman moslik va bo‘ysunish. 1. Moslik munosabatidagi tushunchalar bitta predmetni (predmetlar sinfini) aks ettiruvchi tushunchalar bo‘lib, ular bir-biridan faqat mazmuni bilangina farq qiladi. Masalan,
“Sh.M.Mirziyoev”, “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti” tushunchalari xuddi shu munosabatda mavjuddir. Buni quyidagi sxema yordamida ko‘rsatish mumkin.
A- Sh.M.Mirziyoev.
V-O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
2. Qisman moslik munosabatidagi qisman umumiylikka ega. Masalan:
A-Sportchi.
V-Talaba.
Doiralarning shtrixlangan qismi bir vaqtning o‘zida ham sportchi, ham talaba bo‘lganlarni bildiradi.
3.Bo‘ysunish munosabatida tushunchalardan birining hajmi ikkinchisining hajmiga to‘liq, kirib, uni tashkil qiluvchi qism hisoblanadi. Masalan:
A-Fan.
V-Mantiq.
Bu munosabatdagi tushunchalardan biri buysundiruvchi (A), ikkinchisi (V) buysinuvchi bo‘lib, ular jins-tur munosabatida bo‘ladi. Jins tushuncha predmetlarning birorta sinfini, tur tushuncha esa shu sinfga mansub predmetlarning bir guruhini yoki bittasini aks ettiradi. Mantiqda u yoki bu tushunchaning jins yoki tur ekanligi nisbiy xarakterga egadir. Har bir tu­shuncha o‘zidan umumiyroq tushunchaga nisbatan tur, kamrok umumlashgan tushunchaga nisbatan jinsdir. Masalan, milliy g‘oya, g‘oya, fikr tushunchalari o‘rtasida quyidagi nisbat mavjud: «G‘oya» tushunchasi «Fikr» tushunchasiga nisbatan tur, «Milliy g‘oya» tushunchasiga nisbatan jins bo‘ladi.
Sig‘ishmaydigan tushunchalar hajmi jihatidan umumiylikka ega bo‘lmagan tushunchalar hisoblanib, bir sinfga kiruvchi har xil predmetlarni yoki predmetlar guruhini aks ettiradi. Ularning umumiyligi faqat ana shunda. Bu tushunchalar o‘rtasida ham uch xil munosabat bor: birga bo‘ysunish, qarama-qarshilik, zidlik.
1. Birga bo‘ysunish munosabati quyidagi tushunchalar o‘rtasida mavjuddir.
A-Fan.
V-Mantiq.
S-Fizika.
Bunda «Mantiq» va «Fizika» tushunchalari hajmlari jihatidan birgalikda «Fan» tushunchasining hajmiga bo‘ysunadi.
2.Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalarning hajmlari bir-birini istisno qiladi. Ular predmetning (predmetlar guruhining) qarama-qarshi belgilarini aks ettiradi, ya’ni biri predmetning ma’lum bir belgisini ifoda qilsa, ikkinchisi uni inkor qiluvchi boshqa belgini aks ettiradi. Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalar o‘zlari bo‘ysunadigan tushunchaning hajmini to‘liq egallay olmaydi. Masalan, «Baland bo‘yli odam» va «Past bo‘yli odam» tushunchalari «Odam» tushunchasining hajmini to‘liq qoplay olmaydi:
A-Odam.
V-Baland bo‘yli odam.
S-Past bo‘yli odam.
3.Zidlik munosabatidagi tushunchalardan biri predmetning birorta xususiyatini ifoda qilsa, ikkinchisi uni inkor qiladi va mazmun jihatidan noaniq bo‘lib qoladi. Zidlik mu­nosabatidagi tushunchalar, qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalardan farqli o‘larok, bo‘ysundiruvchi tushunchaning hajmini to‘liq qoplaydi. Masalan,
A-Odam
V-Baland bo‘yli odam,
S-Baland bo‘yli emas odam.

Yüklə 374 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin