Harakatlanishi-yomg’ir chuvalchangi tanasining tashqi tuzilishi tuproqda in qazib hayot kechirishga moslashgan. Chuvalchang halqasimon va bo’ylama muskullari yordamida tanasini cho’zadi yoki qisqartiradi va har tomonga burilib, ancha murakkab harakat qiladi.
Tuproq ichida harakatlanayotgan chuvalchangning halqasimon va bo’ylama muskullari galma-galdan qisqarib turadi. Dastlab tanasining oldingi tomonidagi halqasimon muskullar qisqarishi tufayli chuvalchangning oldingi tomoni cho’zilib ingichkalashadi va chuvalchang tanasining qonussimon oldingi uchini tuproq zarralari orasiga tiqadi. Shundan keyin tana devoridagi bo’ylama muskullari qisqarib, tananing oldingi qismi yug’onlashadi. Tuproq zarralari surilib, chuvalchang tanasining keyingi qismini tortib oladi va o’ziga in ochadi. Zichlashgan tuproqda chuvalchang tuproqni ichagi orqali o’tkazib, o’ziga yo’l ochadi. Terida joylashgan tuklar chuvalchang harakatlanganida tayanch vazifasini bajaradi. Teri ustidagi shilimshiq modda esa chuvalchang tanasining siljishini yengillashtiradi.
Ikkilamchi tana bo’shlig’i- selom 200 tacha segmentlarning har birida alohida bo’lib, segment bo’shliqlari maxsus oqish parda – dissepiment pardalari bilan ajralgan. Segmentlarning bo’shlig’i – yelka (orqa) tomondagi juda kichik teshikcha orqali tashqari bilan tutashgan. Yomg’ir chuvalchangining tana bo’shlig’i suyuqlik bilan to’la bo’lib, unda barcha ichki a’zolari joylashgan. Halqali chuvalchanglarning tana bo’shlig’i tugarak chuvalchanglarnikidan farq qilib, yupqa pardadan iborat ko’ndalang to’siqlar bilan alohida bo’lmalarga ajralgan. Tana bo’shlig’i bo’lmalarining soni tashqi tana halqalari soniga teng. Bundan tashqari, halqali chuvalchanglar tana bo’shlig’i devorining ichki yuzasi bir qavat bo’lib joylashgan hujayralar bilan qoplangan. Tana suyuqligida harakatlanuvchi amyobotsit hujayralari oziq va kislorod tarqatishga yordam beradi. Tana suyuqligi harakatlanishga va ayirishga yordam beradi.
Hazm qilish sistemasi - og’iz teshigi tanasining oldingi uchida, birinchi tana bo’g’imining ostida joylashgan. Og’iz – kattagina choziq muskulli qisqa halqumga tutashgan. Halqum devoridagi bezlar (so’lak bezlari) hazm qilishga yordam beradi. Halqum uzunroq qizilo’ngach bilan tutashgan bo’lib, uning ostki qismiga uch juft ohak bezlari (organik kislotalarni neytrallashga xizmat qiladi) ning yo’li ochilgan. Qizilo’ngachning kengaygan keyingi qismi jig’ildon deb ataladi. Jig’ildon esa muskulli kichikroq oshqozonga ochiladi. Oshqozondan tananing orqa tomoniga qarab ichak ketadi. Chuvalchanglar chiriyotgan o’simlik qoldiqlari bilan oziqlanadi. Ular chirindilarni tuproq bilan birga qo’shib ichagidan o’tkazadi. Oziq ichakda hazm shirasi ta’sirida o’zlashtiriladi. Ichak devorida juda ko’p bir hujayrali bezlar joylashgan bo’lib, bular oziqni hazm qiladigan shira ishlab chiqaradi, (barg, chirindi va b.lar) qizilo’ngach devorining qisqarishi bilan jig’ildondan oshqozonga o’tib maydalanadi, so’ng ichakka o’tadi va bu yerda hazm bo’ladi. Oziq tarkibidagi moddalar qonga so’riladi. Oziqning hazm bo’lmagan qismi tuproq bilan birga anal teshigi orqali tashqariga chiqariladi.
Qon aylanish sistemasi - dastlab halqali chuvalchanglarda kuzatilgan. Yomg’ir chuvalchangining qon aylanish sistemasi bir biri bilan tutashib turadigan qon tomirlaridan iborat. Chuvalchang tanasida ikkita yirik qon tomir, biri – orqa qorin tomiri, ichak ostida joylashgan. Bu ikkala yirik qon tomirlar halqa tomirlar orqali o’zaro tutashgan. Qizilo’ngach atrofida joylashgan 5–6 ta yo’g’on halqa tomirlarning devori muskullar bilan taminlangan. Bu tomirlar qisqarish xususiyatiga ega bo’lganligi tufayli “yurak” deb ataladi. Bu esa qonni tomirlar bo’ylab harakatini ta’minlaydi. Halqa tomirlar va yirik qon tomirlardan tanadagi turli organlarga mayda qon tomirlar tarqaladi. Qon tomirlarda qizil rangli qon oqadi. Qonda tanachalar (hujayralar) yo’q. Bu tomirlar ham o’z navbatida juda mayda tomirlarga ajraladi. Organlarda joylashgan eng mayda qon tomirlar kapillyarlar deb ataladi. Kopillayar tomirlar terida va ichak devorida ayniqsa ko’p bo’ladi.
Halqumdagi halqa qon tomirlari qisqarishi natijasida qon orqa tomir bo’ylab tananing oldingi tomoniga, qorin tomir bo’ylab orqa tomoniga oqadi. Chuvalchangning qon tomirlari tana bo’shlig’i bilan tutashganligi sababli ularning qoni tana suyuqligi bilan aralashib ketmaydi; qon esa faqat qon tomirlarda oqadi. Shu sababdan yomg’ir chuvalchangi va boshqa halqali chuvalchanglarning qon tomirlari yopiq qon aylanish sistemasini hosil qiladi. Qon orqali kislorod va oziq moddalari tashiladi. Ichakda hazm bo’ladigan oziq moddalar ichak devori orqali qonga shimiladi va hamma organlarga tarqaladi.
Maxsus nafas olish organlari yo'q. Terisi orqali nafas oladi. Kislorod tuproq havosidan teri orqali kapillyarlardagi qonga o'tib, qon bilan hamma organlarga tarqaladi. Hujayralarda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo'lgan karbonat angidrid ham teri orqali organizmdan chiqib ketadi. Chuvalchang terisi shilimshiq modda bilan namlanib turadi. Nam teri kislorodni yaxshi o'tkazadi.