ABDULLA ORIPOV SHE’RIYATIDA TASVIRIY IFODAVIY VOSITALAR BMI
KIRISH Mavzuning dolzarbligi. Mustaqillik o‘zbek xalqiga o‘zligini anglash va anglatish, tarixi, madaniyati, xalqona urf-odatlari va qadriyatlarini tiklash, milliy o‘ziga xos xususiyatlarini namoyon etish uchun beqiyos imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratdi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, “...ijtimoiy hayotimizni isloh qilish va yangilash boshlanib ketganligi bois ma’naviy madaniyatning qudratli qatlamlari ochildi. Umumiy o’rta ta’limda boshlab o’rta maxsus, kasb-hunar va oily ta’limgacha bo’lgan bo’g’inlarda chuqur bilim va puxta kasb-hunar tayyorgarligiga ega bo’lgan yosh avlodni tarbiyalash jarayonini o’z ichiga olgan yaxlit uzluksiz ta’lim tizimini shakllantirish ishlari izchil davom ettirilganini ta’kidlamoqchiman1 O‘zbek xalq Ruhining tiklanishi, millat, ma’naviy-axloqiy ideallarining shakllanishi chuqur milliylik bilan umuminsoniylik chambarchas bog‘liq bo‘lgan hodisadir”.
Adabiyot har bir davrning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy muammolarini ko‘tarib chiqishi va ularga javob izlashiga ko‘ra tarbiyaviy ahamiyatga ega. Uning ijtimoiy–ma’rifiy xususiyati, ayniqsa, xalqning milliy ruhini ifodalab berishda ko‘rinadi. Tabiiyki, bu jarayonda xalqona poetik tafakkur tarzi ijodkorning adabiy shaxsiyati darajasini namoyon qiladi. Chinakam iste’dod egasi, xalq dilining ulkan tarjimoni Abdulla Oripov ijodida xalqona poetik tafakkur tarzi yetakchilik qiladi.
Abdulla Oripov chinakam xalqning ehtiromi va e’tirofiga sazovor bo‘lgan shoirdir. Uning xalq ardog‘iga, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lishining o‘ziyoq ijodkorning she’r va dostonlari xalq ruhi va qalbining ifodasiga aylanganidan darak beradi. “Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham bo‘lsa, bir umr hayotning ichida bo‘lish, o‘z xalqi bilan hamdardu hamnafas bo‘lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir”. Zero, Abdulla Oripov butun hayoti davomida “o‘z xalqi bilan hamdardu hamnafas bo‘lib” yashab, ijod qilayotgan shoirdir. Chunki bu shoir uchun xalq mavhum tushuncha emas, u aniq mazmunga ega. Shoirning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” she’rida aytilganidek, “Xalqim, tarix hukmi seni agarda Mangu muzliklarga eltgan bo‘lsaydi, Qorliklarni makon etgan bo‘lsayding, Mehrim bermasmidim o‘sha muzlarga?” Mazkur fikrlarda shoir she’riyatining milliy ruhiyatini belgilab beruvchi pafos ufurib turadi.
Abdulla Oripovning inson hayotini, uning orzu-umidlarini yuksak badiiy saviyada ifodalagan, umuminsoniy mohiyatga ega bo‘lgan xalqona poetik tafakkur belgilari yaqqol ko‘rinib turgan asarlarini maxsus tadqiq etish bugungi adabiyotshunoslik ilmining dolzarb masalalaridan biridir.
Shoir o‘z she’rlarida badiiy mazmunga mos shakl tanlaydi. Badiiy ijoddagi xalqona ruh insoniyatning bir necha ming yillik hamrohi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodi motivlari, xalq badiiy tafakkuridagi yetakchi tamoyillar bilan uyg‘unlikda idrok etiladi. Ayni shuning o‘ziyoq Abdulla Oripov she’riyatini xalqona badiiy tafakkur nuqtai nazaridan alohida o‘rganish extiyojini maydonga keltiradi. Bu esa, shubhasiz, shoir ijodidagi mazkur muammoning nazariy asoslarini, xalq donishmandligi, hikmatlar xazinasi va uning ildizlarini hamda folklor motivlarini bir butunlikda tadqiq etish masalasini keltirib chiqaradi.