Abdulla Oripov



Yüklə 60,42 Kb.
səhifə4/8
tarix08.12.2022
ölçüsü60,42 Kb.
#73097
1   2   3   4   5   6   7   8
Abdulla Oripov

Koinot gultoji insondir azal,
Undadir eng oliy, tafakkur amal.
Hatto u tubanlik ichra ham tanho,
Yo falak, ijoding buncha mukammal.

Shoirning butun ijodi mana shu inson zakosi, uning sir-sinoati, anglab bo'lmas sehru jodusi, yuksakligi va tubanligi qarshisida lol bo'lgan qalbning hayratidek taassurot qoldiradi. U bir she'rida:
Qancha-qancha sir yashar har kimning bisotida.
Shul sabab ul INSONDIR, shul sabab u ZOT erur,

deb yozadi. Darhaqiqat, insonni, uning murakkab kechinmalarini, ruhiy olamini tadqiq etish, "buyuk mavjudot"ning anglab olish hamisha ham oson bo'lavermaydigan fe'l-atvorini, "siyrati"ni anglash istagi shoirga sira tinchlik bermaydi.
Biroq shoir inson tasvirida abstrakt muallaqlikdan juda yiroq. "Men nimani ko'rib, his etgan bo'lsam, shuni qalamga olishga harakat qilganman", deydi shoirning o'zi. Uning o'lmas mavzudagi she'rlari inson ruhiyati va ma'naviyati haqidagi tizginsiz, ziddiyatli falsafiy mushohadalardir. "Genetika", "Malomat toshlari", "Qo'riqxona", "Uchinchi odam", "Tafakkur monologi", "Vijdon", "Dengizga", "Bir tanishim haqida ballada", "Dialektika" kabi she'rlar, "Jannatga yo'l", "Hakim va ajal", "Ranjkom", "Sohibqiron" kabi katta janrdagi she'riy asarlarning barchasida inson ma'naviyati, e'tiqodi, yaxshilik va yomonlik, go'zallik va qabohat, vijdon va imonsizlik o'rtasidagi kurash, dunyoni soflash, komil inson g'oyasi jozibali, ehtirosli, falsafiy teran ifodalanadi. Bu she'rlarning har biri uzoq izlanishlar, "ijod "to'lg'og'i", olijanoblik va razillik qarshisida hayratga tushish, insondagi turfa, butunlay qarama=qarshi holatlar oldida tang qolish mahsuli sifatida yuzaga kelgan. ("Men har gal kattaroq bir she'r yozishga kirishganimda bahaybat hayvon bilan jangga kirishayotgandek bo'laman", deydi shoir.) O'zi yashab turgan davrning, insonning sir-sinoatini bilishga, badiiy mushohada etishga, uning murakkab ruhiy olami manzaralarini chizishga oshiqish, har biri o'ziga xos "sayyora" bo'lgan, yuragida, o'yu fikrida so'z bilan ifodalash mushkul tilsimotlar yashiringan inson qalbini tadqiq etish mudom shoir dilini bezovta qilib keladi. Shoir bir she'rida bejiz:
Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda ona yashar, yashaydi Vatan.
Uni jo'n narsa deb o'ylamang hargiz,
Hayhot! Qo'zg'almasin bu Qalb daf'atan!...

deya xitob qilmaydi. Bir tomondan o'zida Vatan, til, millat, bashar kabi umuminsoniy tushunchalarni tashigan insonni mukammal ko'rish, unda insof, mehr, diyonat, adolat va odillik, vijdon kabi matlablar tobora noyoblashib borayotganligidan tashvishga tushish, ularni asrashga chaqirish, "asrimiz odam"ining goho idrok qilish mushkul bo'lgan sa'y=harakatlaridan yoqa ushlash, ikkinchi tomondan, umumiy, biroz mavhumroq insonni kuylashdan aniq bir insonning ichki olamiga nigoh tashlashga o'tish, ya'ni insonni badiiy-falsafiy talqin qilish barobarida konkret-hissiy idrok etish shoir ijodida inson talqinining o'ziga xos xususiyatlaridir.
Shoir she'riyatida inson kontseptsiyasi jonli mavjudotning gultoji - insondagi yovuzlik va ezgulik o'rtasidagi ziddiyat tarzida komil inson g'oyasidan kelib chiqib aniq ijtimoiy-axloqiy nuqtai nazardan yoritiladi. "Inson manzarasi", "Iltimos", "Ishonch ko'priklari, "Yalong'och satrlar", "Tiriklik", "G'alati zot", "Savob", "Tafakkur monologi" kabi she'rlarda insonni yanada barkamol ko'rish, ma'naviy poklik masalalarining turli jihatlari o'tkir qilib qo'yiladi, "dunyo ham, insonlar qalbi ham bugun yovuzlikdan zada qo'riqxona" bo'lgan bir davrda mehr-muhabbat, savob, pok niyatlar insonni tark etmasligi uchun bong uradi:
Olamda ko'p narsa kamyob bir qadar,
Ne-ne tuyg'ular ham kamyobdir, alhol,
Men derdim: sof qalbni uchratgan safar,
Darhol o'rab oling atrofin, darhol.

Har qanday badiiy asarda hayot hodisalari, zamondoshlarning o'y-fikrlari ijodkorning shaxsiy kechinmalari orqali badiiy obrazlar vositasida umumlashtiriladi. Biroq har bir ijodkor ob'ektiv voqelikni sub'ektiv tasvirlaydi, ya'ni ko'plab hayot hodisalari ichidan o'z ijodiy idealiga, yozish usuliga mos keladiganlarini saralab oladi. Bundan lirik qahramonning boshqa komponentlar bilan birgalikda har bir ijodkorga xos bo'lgan o'z uslubi bilan chambarchas aloqadorligi masalasi kelib chiqadi.
Ijodda u yoki bu darajada badiiy yuksaklikka ko'tarilgan shoirlarning o'ziga xos she'riy uslubi yarq etib ko'rinib turadi. O'zbek she'riyatida Cho'lpon, G'afur G'ulom, Oybek, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Usmon Nosir va boshqalarning o'ziga xos betakror poetik uslubi shakllangan. Zamonaviy o'zbek she'riyati ham poetik individuallikka boy. E.Vohidov, R.Parfi, O.Matjon, U.Azim, Sh.Rahmon, H.Xudoyberdieva, M.Yusuf va boshqalar o'ziga xos uslubiga ega.
Uslub badiiy ijodning, har qanday badiiy asarning muhim jihatlaridan biri, badiiy asardagi g'oyaviy-estetik mohiyat unsurlaridan biri sifatida har bir ijodkorning hayotni o'ziga xos, takrorlanmas usullar bilan o'z mushohadasidan o'tkazishidir.
Uslub masalasi ijtimoiy voqealikka she'riy munosabat bildirishning o'ziga xosligi, dunyoqarash, mavzu tanlash, obraz yaratish, mahorat masalalari bilan bevosita bog'lanib ketadi.
Abdulla Oripovning she'riy uslubida falsafiy-lirik yo'nalish ustunlik qiladi. Olam badiiy-falsafiy idrok etiladi. Biroq falsafiy unsurlar aralashishi she'rni falsafiy tizimning she'riy bayonidan iborat qilib qo'ymaydi. Falsafiy ruh ustunlik qilgan, vaqt va zamon, inson va tabiat munosabatlari zamiriga qurilgan, chatnab turgan tafakkur yog'dularidan bino bo'lgan bu she'r imoratida eng avvalo lirik sub'ektning ichki tuyg'ulari izhori, uni to'lqinlantirgan, hayajonlar girdobiga otgan his-tuyg'ularning ziddiyatli kechinmalari oldingi o'rinda turadi. Shoirni cheksiz uylarga toldirgan azaliy va abadiy muammolar badiiy obraz libosiga burkanadi va badiiy=falsafiy umumlashma darajasiga ko'tariladi. Shoir lirik sub'ektning o'y va kechinmalarini inson ongi va dunyoqarashining eng umumiy qirralari bilan mutanosib olib qaraydi va tasvirlaydi. Mangu muammolar haqida so'z borganda ham hamisha zamon, davr, vaqt shoirning ko'z o'ngida turadi, insoniyatni ming yillardan beri o'ylantirib kelayotgan muammolar, masalalar, dolzarb zamonaviy hodisalar, muammolar bilan uyg'unlashib ketadi. Shoirning umuminsoniy manfaatlar va qadriyatlar mavzusidagi yuksak maqomli tafakkur she'riyatida inson va borliq masalalari aniq maqsad bilan o'rtaga qo'yiladi va talqin qilinadi.
Aniq bir obrazdan falsafiy mushohada tomon borish, odatiy bir holning ichki ma'nosini ko'ra bilish Abdulla Oripovning she'riy uslubi uchun xosdir. Maromiga yetgan poetik uslub yetuk ijodkorlargagina xos bo'lib, ular ijodining avval-boshidanoq shakllanadi, bu o'ziga xos she'riy uslub keyinchalik faqat takomillashib, muammallashib boradi, xolos.
Shoirning eng sara she'rlarida oddiy gapdek tuyulgan har bir so'z, hatto tinish belgisi she'r oldiga qo'yilgan ijodiy niyatni ro'yobga chiqarishga xizmat qiladi. Uning ko'pchilik she'rlari monolog shaklida, lirik qahramonning ehtirosli, ziddiyatli o'y-fikrlari asosiga quriladi. Xuddi shunday uslub tovlanishlarini "Uyqu", "Qo'riqxona", "Malomat toshlari", "Uchinchi odam" kabi she'rlarda ko'rish mumkin. Shoir "Uyqu" she'rini o'n, o'n besh yillab muttasil davom etadigan letargiya uyqusi detalidan foydalanib yozgan. Lirik qahramon ko'ngli o'rtangan paytlar uzoq yillar uxlash xohishini bayon qiladi. Nima uchun? Buning sababi ehtirosli misralarda ayon bo'la boradi:

Yüklə 60,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin