Fitrat 1918-yilda Toshkentda «Chig‘atoy gurungi» deb nomlangan ilmiy-ma’rifiy jamiyatni tashkil etadi. 1920-yil oxirlarida Fitrat o‘zining sadoqatli do‘sti Fayzulla Xo‘jayevning taklifi bilan Buxoroga qaytadi. Unga F.Xo‘jayev boshchiligidagi Buxoro hukumatining yirik lavozimlari ishonib topshiriladi.
Fayzulla Xo‘jayevning ko‘magi bilan adib Moskvaga ketadi va 1923-1924-yillarda Sharq tillari institutida mehnat qiladi. Shuningdek, hozirgi Sankt-Peterburg universitetining Sharq fakultetida sharq xalqlari tili, adabiyoti, madaniyatidan ma’ruzalar o‘qiydi, professorlik unvoniga ega bo‘ladi.
Fayzulla Xo‘jayev
Mash’um 4-oktabr
Vaqtli matbuotda, ketma-ket uyushtirilgan turli majlislarda Fitrat «millatchi», «turkparast», «islomparast», hatto «g‘arbning josusi» sifatida qoralandi, unga kurakda turmaydigan ayblovlar taqaldi.
1937-yilning 24-aprelida u qamoqqa olindi.
Tergovning biror bir qonuniy talablariga amal qilinmay o‘tkazilgan so‘roq-savollardan so‘ng, Abdurauf Fitrat «xalq dushmani» sifatida ayblanib, 1938-yilning 4-oktabrida Toshkentda otib o‘ldirildi.
ASARLAR
Fitrat 1909-yilda dastlabki yirik asarini e’lon qiladi. Bu Istanbulda chop etilgan «Munozara» kitobi edi.
Mazkur asarning to‘liq nomi «Hindistonda bir farangi ila buxorolik mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘an munozarasi» bo‘lib, u fors tilida yaratilgan.
Shundan so‘ng 1911-1912-yillarda birin-ketin uning forsiy tilda yozilgan she’rlari to‘plami - «Sayha» («Na’ra»), nasriy asari -«Hind sayyohi qissasi» («Bayonoti sayyohi hindi») bosilib chiqadi. O‘sha yillari Turkiya yoshlari orasida avj olgan hurfikrlilik Fitratga ham kuchli ta’sir etgani, u uzoqda turib, ona yurti Buxoroning ayanchli ahvoliga qanchalar achingani mazkur asarlarda o‘z ifodasini topdi.