Moliyaviy hisobotlarni o’z vaqtida tuzishni ta’minlash uchun buxgalteriyaning barcha bo’limlari ishlarini bajarish muddatlarini ko’rsatib yig’ma ish grafigi tuziladi. Buxgalteriya hisobi qo’lda yuritilsa, grafik bilan belgilangan muddatlarda jurnal - orderlarning jami chiqariladi, zarur bo’lsa bir registrdagi summa boshqa registrlarga o’tkaziladi va har bir schyotning oboroti muqobil tekshiriladi. Jurnal - order shaklida hisob yuritilganda oy oxiriga qolgan summalarini o’tkazish va hisob registrlarini yakunlash bo’yicha hisob ishlarining ketma - ketligi quyidagicha:
ma’lumotnoma - varaqalaridan debet va kredit oborotlari jurnal - orderlar va qaydnomalarga o’tkaziladi, bunda rasshifrovka - varaqalari va jurnal orderlarda tegishli belgilar qo’yiladi;
5010- schyotining debeti bo’yicha 1- qaydnoma va 5110- schyotining debeti bo’yicha 2- qaydnomalarning yig’indisi 3, 10/1, 13- jurnal orderlariga o’tkaziladi;
jurnal orderlarning kredit oborotlari jami hisoblab chiqiladi.
Agar jurnal - orderlarda schyotlar bo’yicha analitik ma’lumotlar aks ettirilgan bo’lsa, ma’lumotlar jamlab chiqiladi va keyingi oy boshiga qoldiq aniqlanadi, bog’lanuvchi schyotlar bo’yicha aloqasi bor schyotlarning turli registrlari jami taqqoslanadi. Masalan, 1- jurnal - orderdagi 5010- schyotining jami 2- qaydnomadagi 5010- schyoti jami bilan taqqoslanadi. Bunday ko’rsatkichlarni taqqoslab tekshirish barcha jurnal - orderlar bo’yicha bajariladi.
Bundan keyin ma’lumotlar jurnal - orderlardan bosh daftarga o’tkaziladi. Undan keyin har bir sintetik schyot bo’yicha debet oborotlari chiqarilib keyingi oyning 1- kuniga qoldig’i chiqariladi. Bosh daftarga ma’lumotlar faqat jurnal - orderlardan olib yoziladi.
Jurnal - orderlar ma’lumotlari Bosh daftarga o’tkazilgandan so’ng jurnal - orderlarda quyidagicha izoh beriladi: «Oborotlar summasi Bosh daftarda aks ettirildi» va sanasi ham ijrochi va bosh buxgalterning imzolari qo’yiladi.
Bosh daftarda schyotlarning qoldig’i chiqarilgandan so’ng ular analitik ma’lumotlar bilan tekshiriladi, jurnal - order shaklining registrlari ma’lumotlari bo’yicha balans va boshqa hisobot jadvallari tuziladi.