Binobarin, biz hayotning ma’no-mazmunini shunday tushunib, shu asosda yashashga
intiladigan kishilar ham borligini inkor etolmaymiz.
Lekin, mening nazarimda, bunday gaplar odamning boylik va mol-dunyoni
qanday yo’llar bilan topayotganiga loqayd va beparvo qaraydigan, manfaatparast
shaxslar tomonidan to’qib chiqarilganlek tuyuladi. Ularning fikricha, inson o’z
boyligini peshona teri to’kib, Olloh bergan aql-idrok va tafakkurini ishlatib topyaptimi
yoki qing’ir-qiyshiq, harom-xarish yo’llar bilan orttiryaptimi - bu go’yoki hech kimni
qiziqtirmasligi kerak.
Shu bois biz ma’naviyat haqida fikr yuritar ekanmiz, bu masalani atroflicha va
chuqur tahlil etishimiz, uning faqat o’zimizga ma’qul, ijobiy tomonlari bilan cheklanib
qolmasdan, ana shunday murakkab jihatlarini ham nazardan chetda qoldirmasligimiz
lozim.
Lo’nda qilib aytganda, bu o’rinda gap bir-biriga qarama-qarshi bo’lgan, bir-birini
inkor qiladigan ikki xil hayotiy qarash haqida bormoqda.
Birinchisi - o’z nonini halol mehnat bilan topadigan, xolis va ezgu ishlar bilan el-
yurtga naf yetkazadigan, tiriklik mazmunini teran anglab, nafaqat bugungi hayot
lazzatlari, balki oxirat haqida, uning obod bo’lishi haqida o’ylab yashaydigan
insonlarga xos hayotiy qarashlar.
Ikkinchisi - bunga mutlaqo qarama-qarshi bo’lgan yondashuv, ya’ni, hayotning
ma’no-mazmuni haqida bosh qotirmasdan, bunday savollar bilan o’zini qiynamasdan,
faqat nafs qayg’usi va o’tkinchi hoyu havasga, huzur-halovatga berilib, yengil-yelpi
umr kechiradigan, o’zining ota-ona va farzand, el-yurt oldidagi burchiga umuman
befarq bo’lib yashaydigan odamlarning fikr-qarashlari.
Mana shunday ikki xil dunyoqarash asosida paydo bo’ladigan og’ir savollar
odamzot ongli yashay boshlagan zamonlardan buyon uni o’ylantirib, qiynab keladi.
Dostları ilə paylaş: