O‘quv faoliyatini tashkil etish shakli
|
Ommaviy, jamoaviy, guruhlarda ishlash, yakka tartibda
|
O‘qitish vositalari
|
Ma'ruza matni, texnika vositalari , matnlar, diagrammalar, proyektor
|
Qayta aloqaning usul va vositalari
|
Og‘zaki so‘rov: tezkor-so‘rov va o’zaro savol-javob.
Yozma so‘rov: test va boshq.
|
Darsning maqsadi
|
Ta’limiy: talabalarda adabiyotning so’z san’ati ekanligi haqidagi bilimlarni shakllantirish;
|
Tarbiyaviy: qadriyatlarni qadrlaydigan insonni tarbiyalash;
|
Rivojlantiruvchi:talabalarni badiiy asar o’qishga qiziqtirish va ularda muomala madaniyatini shakllantirish.
|
Tayanch tushunchalar: adabiyot, san’at, tasvir, badiiy adabiyot, so’z san’ati, tasavvuf, qomusiy asar, xalq og’zaki ijodi
Sen bu kun sinfda shod yurak bilan
Sinov navbatini kutib turasan.
A’lo mamlakatning a’lo farzandi,
Bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!
G‘afur G‘ulom
ASSALOMU ALAYKUM, HURMATLI O‘QUVCHI!
Bugun o‘ninchi sinf ostonasida turibsiz. Yosh qalbingizda orzular jo‘sh urib, xayolingizda ezgu niyatlar kezib yuribdi. Siz kunlar, oylar va yil o‘tgan sari jamiyat hayotiga aralashib,
turli tanish va notanish odamlar bilan suhbatdosh bo‘lishingiz tabiiy. Insonning ko‘ngliga yo‘l topish, hayotdan zavqlanib yashash, sodiq do‘stlar orttirish, so‘zlash odobi, kattaga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish kabi kundalik turmush hodisalarini ma’lum bir andoza va me’yorga solishingizda, albatta, badiiy adabiyot sizga beminnat yordamchi bo‘ladi. Zero, badiiy adabiyotning ijtimoiy-madaniy hayotda, insonlardagi o‘zaro go‘zal muomala va munosabatlarning shakllanishida tutgan o‘rni nihoyatda katta. U kishilarga, xususan, yoshlarga olam va odamlarga bog‘liq hodisalar mohiyatini anglash, insonga xos tuyg‘ularning rangin qirralarini his etish, insoniy fazilatlar va nuqsonlar mohiyati haqida o‘ylash imkonini beradi. Adabiyot qadim zamonlardan hozirga qadar «jamiyat», «ma’naviyat», «madaniyat» va «san’at» tushunchalari bilan birgalikda yashab keldi. Badiiy adabiyot har bir inson ma’naviy dunyosini bebaho insoniy fazilatlar, o‘lmas milliy qadriyatlar bilan boyitadi. Ma’naviyati yuksak inson chinakam shaxs darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Odamning Vataniga sodiq fuqaro, ota-onasiga munosib farzand, yaqinlariga oqibatli do‘st bo‘lishi ma’naviy kamolotining darajasidan darak beradi. Shunday komillik yo‘lida badiiy adabiyot Siz azizlarga beqiyos xizmat qiladi. Adabiyot xazinasidagi tilla sandiq bebaho dur-u javohir – injular bilan to‘la; unda bitmas-tuganmas milliy-ma’naviy qadriyatlar zaxirasi jamlangan. Bu ma’naviyat xazinasidan bahramandlik ulkan hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan siz kabi oqil-u dono yosh avlodning tafakkuriga qanot bag‘ishlaydi, tasavvurini kengaytiradi.
Sharqda qadim-qadimdan shaxsning jamiyat va davlat bilan uyg‘unlik darajasi e’tiborda turgan. Aytish mumkinki, har bir shaxs tabiatidagi o‘ziga xos xislatlari inkor etilmagani holda, uning jamiyat bilan muvofi bo‘lishi rag‘batlantirilgan. Badiiy adabiyot shaxsning jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashadi. Bu jarayon o‘qilgan asarlarni uqish, ulardan o‘rinli xulosalar chiqarish, badiiy so‘zdan ta’sirlanish, ko‘ngilni poklash, o‘ziga ma’qul kelgan ezguliklarni yaqinlariga ham ravo ko‘rish, eng muhimi, badiiy asarlar vositasida odam o‘z-o‘zini kamol toptirishi orqali sodir bo‘ladi.Yoshlarni ozod ruhli, erkin firli, adolatli, xolis, sabrqanoatli qilib kamolga yetkazishdek tabarruk vazifani badiiy adabiyot o‘z so‘zining quvvati va sehri bilan bajaradi. Hazrat Alisher Navoiy aytadi: «Qone’ (qanoatli) darveshning quruq noni tome’ (ta’magir, birovning narsasiga ko‘z tikuvchi) shohning xitoyi xoni (dasturxoni)din xo‘broqdur». «Nazm ul-javohir»da shoir «Har kimsadaki bo‘lsa qanoat, g‘am yo‘q» degan xulosani bildiradi. Navoiy yaratgan qahramonlarning asosiy qismi ma’naviy jihatdan boy insonlardir. «Hayrat ul-abror»dagi qator hikoyatlar, «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ayi sayyor», «Saddi Iskandariy» va boshqa asarlarning qahramonlari shunday xislatga ega. Bobur g‘azallarida, «Boburnoma»da aks etgan hayot hodisalari ham kishini o‘yga toldiradi, insonning kuch va qudratiga, e’tiqodiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, kishining o‘zida o‘shanday xislatlar paydo qilishi uchun rag‘bat uyg‘otadi.Ushbu darslikka kiritilgan barcha adiblarning ijodini o‘qigan har bir o‘quvchi ulardagi so‘z sehriga, qahramonlarning jur’at va jasoratiga, insoniy mehr va muhabbatni tasvirlashdagi takrorlanmas mahoratiga tan berishlari shubhasiz.
ESLAB QOLING. Mahmudxo‘ja Behbudiyning hurlikka, inson haq-huquqini tanishga undaydigan «Haq berilmas, olinur» yoki Abdulla Qodiriyning so‘zlash va yozish odobiga doir «So‘z so‘zlashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak» degan hikmatlari ham inson ma’naviyatining qaysidir jihatini tarbiyalash uchun xizmat qiladi, albatta. Adabiyotda har bir xalqning ona Vatani, tuprog‘i, o‘ziga xos milliy xarakteri, marosim va urf-odatlari tasvirlanib ulug‘lanadi; barcha uchun birdek ardoqli bo‘lgan umuminsoniy
his-tuyg‘ular tarannum etiladi. Shu ma’noda, turli millatlarni o‘zaro birdamlikka chorlaydigan badiiy adabiyot geografi chegara bilmaydi. Bir millat adabiyotidagi go‘zal asar boshqa bir xalqning ma’naviy mulkiga aylanishi mumkin. Shunga ko‘ra, mazkur darslikda xalq og‘zaki ijodi, qadimiy turkey adabiyot, o‘zbek mumtoz adabiyoti, yangi o‘zbek adabiyoti hamda jahon adabiyotining eng sara namunalari tanlab olindi va siz azizlar hukmiga havola qilindi.
Dostları ilə paylaş: |