Farmonova Gulzoda Ungarovna Zomin tumani Dashtobod tumani 2-son kasb-hunar maktabi ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi
Annotatsiya. O'zbek adabiyotida modernism uslubi va gʻarb adabiyoti va sanʼatining umumiy tavsifi tarzida bir necha oʻlchovlar tahlil qilindi.
Kalit so’zlar.Modernism, modern, adabiyot, sanʼat, gʻoya, Yevropa , inqilob, markazsiz dunyo.
Modernizm XX asr gʻarb adabiyoti va sanʼatining umumiy tavsifi tarzida bir necha oʻlchovlarda mavjud boʻlib, bizningcha ularni quyidagi mazmunda xulosalash mumkin.
Birinchidan, modernizm – bu zamonlar oraligʻidagi tafovutni, “eskilik” va “yangilik” oʻrtasidagi ixtiloflarni oʻz gʻoyaviy qarashlari bosh mezoni qilib olgan yuz yillikning maʼnaviy qiyofasidir. Uning ortida F. Nitsshening “xudolar oʻlimi” falsafasi, Yevropa xaritasini qayta tuzgan siyosiy inqiloblar va ilmiy kashfiyotlar, totalitar tuzumga asoslangan diktaturalar, xunrezlik urushlari, informatsion portlashlar, sivilizatsiyaning koinotga chiqishi kabi global oʻzgarishlar yotibdi. Yanada aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, uning ortida “markazsiz dunyo” (U. B. Yeyts)-ning yuzaga kelishiga sabab boʻlgan obʼyektiv borliq qonuniyatlarining insoniyat tarixida chuqur ildiz otolmaganligi, mustahkam oʻrnashib ololmagani, epis-temologik dudmolligi hamda muayyan shaklga keltirilgan utopik (ilmga asoslanmagan, amalga oshmaydigan, xomxayol) orzu-umidlar bilan shaklsiz, noaniq antiutopik voqelik oʻrtasidagi hal qilib boʻlmaydigan ziddiyatlarning mavjud ekanligida edi.
Ikkinchidan, oʻtgan yigirmanchi yuz yillikda kechgan adabiy jarayon koʻpgina raddiyalarga qaramasdan modernizmni inkor etib, bir chetga surib tashlagani yoʻq, aksincha, uni inkor qilish orqali yanada davom etishiga yordam berdi va oʻz doirasiga “modernizmdan tashqaridagi modernistlar” deya hisoblagan mualliflar. S. Kyerkegor, H. Ibsen, G. Melvill, Sh. Bodler, A. Rembo, S. Mallarme, F. Nitsshe, F. Dostoyevskiy, G. Jeyms, A. Strindberg, J. Konrad va boshqalarning asarlarini ogʻdirib oldi. Aksincha, ayrim buyuk nomlar (V. Skott, V. Gyugo, A. de Vini, Ch. Dikkens, A. Tennison, G. Longfello)ning badiiy ijoddagi qadr-qimmati pasaytirildi, boshqalari (G. Flober, E. Zolya, J. Elliot, U. Uitmen, P. Verlen) esa asos-isbotsiz jahon adabiyoti peshsahnasiga chiqarib qoʻyildi. Eng muhimi, modernizm XX asrning asosiy ijodiy kashfiyoti – subʼyektivlikni tadqiq qilishda davom etdi va tezis-antitezis, “modernizm”-”kontrmodernizm” vositasida individual uslubning stilistik imkoniyatlarini amalga tadbiq qildi. Postmodernizm davriga kelib u uslubdan koʻra koʻproq sifat koʻrinishiga ega boʻldi.
Uchinchidan, modernizm – aslida bu bir-biri bilan kurash olib borgan, oʻzicha mustaqil harakat qilgan alohida modernistik uyushmalar, manifestlar, dasturlar majmuasidir.
XX asr adabiyotida modernizmdan ustun turuvchi yana biror ijodiy oqim mavjudmidi, degan savolning boʻlishi tabiiy. Bu savolga ijobiy yoki salbiy maʼnoda javob topish osondek tuyulsa-da, fikrimizcha, modernizm adabiyotni oʻrganish doirasidan chiqib ketdi. Aslida modernizmning oʻzi va uning qonun-qoidalari aniq kashf qilinmagan bir holatda XX asr qalamkashlarining qariyb barchasi u yoki bu taqlidda “modern kasali”ga mubtalo boʻldilar.
Axborot kommunikatsiyalarining qudratli kuchi xususida 1960-yillardayoq amerikalik tanqidchilar qayd qilganidek, endilikda eng topqir yozuvchining ham gazetada bosilgan, televideniyeda berilgan, internet orqali uzatilgan axborot bilan bellashishga qurbi yetmaydi, bu uning koʻlidan ham kelmaydi. Gazeta, televideniye va internet xabarlari istalgan toʻqima va uydirmadan iborat boʻlsa-da “shubhasiz toʻgʻri”, “mohirona ishlangan”, odamlarda “kuchli taassurot qoldiradigan” yangilik boʻlib bormoqda.
XX asr oxirlashib qolgan bir paytda uning yana oʻz boshiga qaytganidan darak beruvchi alomatlar sezila boshlagandi. Yaʼni yuz yil burun aytilgan “Gʻarb sivilizatsiyasining poyoniga yetganligi” mavzusiga yana qaytildi. Fransuz shoiri Sharl Bodlerning “Biz hammamiz goʻyoki abadiy dafn marosimida qatnashayotgandekmiz” mazmunidagi hikmatli soʻzlarini anglab olishga, magʻzini chaqishga qaytganligimiz bilinib qoldi. Ayrimlari, J. Papini qalamiga mansub “Oxirgi odam”, O. Shpenglerning “Yevropa zavoli”, A. Blokning “Gumanizm halokati”, P. Valerining “Ruh tangligi”, E. Gusserlning “Yevropa odami va falsafasining tangligi” boshqa nomlar, yaʼni Romano Gvardini qalamiga mansub “Yangi zamon oxiri”, Daniel Bellning “Mafkura intihosi”, Rolan Bartning “Muallif oʻlimi”, Ixab Xasanning “Orfey halokati”, F. Fukuyamaning “Tarix xotimasi va oxirgi odam”, Semyuel Xantingtonning “Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi” bilan almashdi. Baribir ham, Zigmund Freyd aytganidek, shartli ravishda “madaniyat qanoatlanganligi” deb nom olgan tamoyil oʻzgarmasdan eskicha holida qolaverdi. Gap shundaki, ilgʻor gʻarb madaniyati oʻzining liberalizm ruhidagi ideallariga sodiq qolib, kelajak loyihalarini tuzishni, tarixning u yoki bu “xato”larini tuzatishni davom ettirgani bilan, ayni vaqtning oʻzida, inson erkinligi muammosi bilan bogʻliq ziddiyatlar hal qilinmaganligi tufayli, baribir orqaga qaytishga majbur boʻldi.
Shunday qilib, XX asr modernizm adabiyoti ham xuddi XIX asr romantizm adabiyoti singari madaniy maʼno doirasiga aylandi, uning ichida gʻarb dunyosi qadriyatlari tanqidiy jihatdan tekshiruvdan oʻtkazildi. Ular jahon adabiyoti tarixida yashab qolishga, XXI asr adabiyotida yalovbardor boʻlishga loyiqmi yoki yoʻqmi – buni kelajak koʻrsatadi.
ADABIYOTLAR Ozod Sharafiddinov: “Modernizm — jo‘n hodisa... Emas «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 Yil 23-24-son.