lavhada Shopurning o‘z qiyofasini o‘zgartirib, Rumga borishi ham
ma’lum darajada ana shu motiv bilan bog‘liq.
Asarning Bahrom binni Yazdijurd (Bahrom go‘r) zikriga
bag‘ishlangan qismida ham mazkur motiv katta o‘rin tutadi. Ushbu
qismda muallif Bahrom bilan bog‘liq boshqa voqealar qatorida
uning Hindistonga borgani va u yеrdagi sarguzashtlari haqida
ham hikoya qiladi. Navoiy bu voqealarga “g‘aroyibi umurdindur”
(g‘aroyib ishlardandir – Q.E.) deb baho beradi: “Va
Bahromning
taxtni qo‘yub, musofarat tariqi bila Hindistong‘a borg‘onin ham, chun
g‘aroyibi umurdindur, mujmalan bayon qilali” [Навоий 1967(а),
219]. Navoiyning yozganlaridan ma’lum bo‘lishicha, Bahromning
Hindistonga borishi uchun biron-bir jiddiy sabab bo‘lmagan, faqat
sarguzashttalablik, o‘zga yurtni ko‘rish, tomosha qilish ishtiyoqi
uni bu safarga undagan. Navoiyning quyidagi so‘zlari buni ochiq
ko‘rsatib turadi: “Bahrom tamosho va tafarruj va nishotqa moyil
kishi erdi va xudroy va zabardast va o‘z tavonolig‘ig‘a e’timod qilib,
bulajab ishlarg‘a mutasaddi bo‘lur erdi. Va alardin biri budurkim,
Hindiston mulkin ajubasin eshitib, tafarrujini havas qildi va mulkni
Narsig‘a topshurub, yoshurun eldin chiqib, Hindistong‘a bordi”
[Навоий 1967 (а), 219].
Yuqoridagi singari
romantik motivlar va talqinlar, voqea-
larning badiiylashtirilib bayon qilinishi “Tarixi muluki аjam”da zikr
etilgan bir qator hukmdorlarga faqat tarixiy shaxslar sifatida emas,
adabiy personajlar sifatida ham qarash imkonini beradi. Ularning
orasida qiyofalari to‘laqonlilik kasb etgan, shaxsiyatining turli
jihatlari ochilib, badiiy obraz darajasiga ko‘tarilganlari ham bor.
Mana shu o‘rinda Navoiy uslubining yana bir o‘ziga xosligi ko‘zga
tashlanadi: u personajlarning asosiy, ularni boshqalardan ajratib
turuvchi xususiyatlariga urg‘u beradi, mazkur shaxslarning boshqa
fazilat va nuqsonlari, shaxsiyatiga xos o‘zga turli jihatlar ana shu
yеtakchi xususiyatlar fonida, ular bilan bog‘liq voqealar davomida
ochilib boradi.
Buni Xusrav Parviz, Bahromgo‘r obrazlari misolida ko‘rish
mumkin.
Xusrav haqida hikoya qilganda, Navoiy uning tabiatidagi
hokimiyatparastlik va zolimlikni asosiy xususiyatlar sifatida
ko‘rsatadi. Xusravning zulmi “Tarixi muluki аjam”da shunday
tasvirlanadi: “Bu hazayon jihatidin o‘n yеtti o‘g‘lini bir hisorga solib,
mahbus asrab, qo‘ymas erdikim, xotun kishi alar qoshida yovug‘ay,
munajjimlar aytqon amr surat bog‘lag‘ay. Yana o‘z ulusidin, al-
uhdatu al ar-raviy, yigirma ming kishini zindong‘a solib erdikim,
bulardin ming kishi e’tiborliq, uluq kishilar erdi. Bir cherikda yaxshi
47
“Tarixi muluki ajam”ning uslubiy xususiyatlari
yurumadingiz, deb har kun nechani buyurub erdikim, o‘ltururlar
erdi” [Навоий 1967 (а), 229]. Asardagi talqinga ko‘ra,
Xisrav
Parviz davlatining zavol topishiga va o‘zining o‘ldirilishiga uning
xarakteridagi ana shu jihatlar sabab bo‘lgan.
Bahromgo‘rga bag‘ishlangan qismda esa Navoiy Bahrom
tabiatidagi aysh-ishratga, tomosha va sarguzashtga o‘chlikni
alohida ta’kidlaydi va tasvirlaydi. Bahrom zikrida hikoya qilingan
voqealar ham, Bahromning boshiga tushgan ishlar ham uning
tabiatidagi aynan ana shu xususiyatlar bilan bog‘liq ravishda yuz
beradi. Bahromning aysh-ishratga berilishi tufayli davlat ishlarida
o‘pirilish yuz beradi, hokimiyat zaiflashadi, mamlakat xarob bo‘ladi.
Ahvol shu darajaga yеtadiki, mulkiga dushman hujum qilganda,
Bahrom unga qarshi turish uchun kuch topa olmaydi. Turk xoqoni
mamlakatni osonlik bilan bosib oladi. Bahrom
shaxsiyatining bir
qator boshqa jihatlari ana shu istilodan keyingi voqealar davomida
ochiladi. Vaziyatni to‘g‘ri baholagan Bahrom qarshilik ko‘rsatish
befoyda ekanligigini sezib, o‘zini chekkaga tortadi va ozgina sodiq
kishilari bilan mamlakatdan chiqib ketadi. Shundan so‘ng u sabr-
toqat bilan qulay paytni poylaydi va ana shunday fursat kelishi bilan
kutilmaganda hujum qiladi hamda g‘alaba qozonadi. Bu o‘rinda
turk xoqoni istilosidan so‘ng Bahrom shaxsiyatida yuz bergan
o‘zgarishlarning ko‘rsatilishi tufayli u o‘quvchi ko‘z o‘ngida statik
emas, dinamik obraz sifatida namoyon bo‘ladi.
Bunday dinamik tasvirning “Tarixi muluki аjam”ning
boshqa o‘rinlarida ham uchrashi uni Navoiy tasvir uslubiga xos
xususiyatlardan biri sifatida qarash imkonini beradi.
Dostları ilə paylaş: