Adabiyot nazariyasi – badiiy adabiyotning o‘ziga xos turi, estetik va ijtimoiy funksiyasi, adabiy jarayon masalalarini o‘rganuvchi fan. Adabiyot nazariyasi adabiyotshunoslik tarkibidagi (adabiyot tarixi, adabiy tanqid kabi) fan bo‘lgani uchun, birinchi navbatda, adabiyotshunoslik masalalari bilan bog‘lanadi. Adabiyot nazariyasi zamonaviy aspektda xorijiy manbalarda quyidagi yo‘nalishlarda taraqqiy etmoqda: 1. Matnga asoslangan nazariyalar (formal-struktural yondashuv, yangi tanqid, narratologiya). 2. Muallifni o‘rganishga qaratilgan nazariyalar (biografik va psixoanalitik yondashuv, shu bilan birga feministik adabiyotshunoslik, fenomenologik tadqiqotlar. 3. Kitobxonga qaratilgan nazariyalar (retseptiv estetika, asarni qabul qilish tarixi; tarixiy-funksional tadqiqotlar). 4. Adabiy va madaniy-tarixiy kontekstga oid nazariyalar (reminissensiya, intertekstual) tadqiqotlar, sotsiologik va tarixiy-materialistik yondashuv, “yangi istorizm” va kulturologik metodologiya.
ot nazariyasining o‘z tadqiq predmeti, dasturi va o‘qitish metodikasi bor. Shunga ko‘ra u adabiyotshunoslik predmet – inson ruhiy dunyosining ifoda shakli sifatida badiiy adabiyot spetsifikasi va adabiy ijodning ijtimoiy mohiyati (1); adabiyot tarixiy taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari – adabiy tur va janrlar, oqim va yo‘nalishlar, hayotni aks ettirish tamoyillari, badiiy uslub, shakl va mazmun hamda uning komponentlari (2); adabiyotshunoslik terminologiyasi va ularning identifikatsiyasi (3) kabi masalalarni o‘rganadi. Ushbu masalalar doirasidan kelib chiqib, adabiyot nazariyasining turli aspektlari va bo‘limlari mavjud. Biroq, uning asosiy aspekti, o‘zak-negizi poetika masalalari bo‘lib, zamonaviy darslik va qo‘llanmalarda nazariy va tarixiypoetika tasnifida qaraladi (N.D.Tamarchenko). Nazariy poetika badiiy matn, uning tarkibi, vazifasi, adabiy tur va janrlar, til va uslub jihatlarini tadqiq qilsa, tarixiy poetika ayni shu adabiy hodisalarning tarixan shakllangan holati, mumtoz adabiyotshunoslikdagi jihatlari bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, adabiyotning mohiyatini so‘z san’ati sifatida tushunish, adabiy jarayonning nazariy muammolarini o‘rganish ham Adabiyot nazariyasi doirasida amalga oshiriladi. Adabiyot nazariyasining turli aspekt va bo‘limlari orqali ilgari surilayotgan g‘oyalar doimiy amal qilinadigan qonunlar deb qaralmasligi kerak. Chunki o‘zgarayotgan dunyoda adabiyot ham o‘zgarmoqda, uning imkoniyatlari kengayib, ifoda vositalari rang-baranglashishi natijasida ayrim nazariy qoidalar tor kelishi, ayrimlari esa iste’moldan chiqishi mumkin. Masalan, sho‘ro davrida Adabiyot nazariyasining o‘zak vazifasi sifatida ideologik ustqurma belgilangan, nafaqat o‘z davri adabiyotiga, balki o‘tmish adabiyotiga munosabatda ham mafkuraviy talqin yetakchilik qilgan. O‘z zamoniga xizmat qilib, vazifasini o‘tab bo‘lgan bu qarashlarni doimiy suratda joriylartirishga, abadiylashtirishga urinish adabiyot nazariyasi imkoniyatlarini toraytiradi. Shunday ekan, adabiyot nazariyasi yagona metodologiya asosiga qurish, bir metodni etakchi bilib, qolganlaridan voz kechish yoki ikkilamchi xarakterda, deb talqin qilish mumkin emas. Biroq buning aksiga olib, adabiyot nazariyasi yagona umumadabiy talablari yo‘q ekan, degan gumonga ham bormaslik kerak. Adabiyot nazariyasiga yuqorida tilga olingan aspektlari va masalalari jahondagi barcha adabiyotlar tajribasidan kelib chiqib, ularni nazariy umumlashtirgan holda vujudga kelgan fan sifatida qaralishi kerak. Adabiyot nazariyasi milliy adabiyotshunoslik yutuqlariga tayanadi, biroq uni bir millat yoki til doirasida identifikatsiyalash yaramaydi. Tarixda yaratilgan har bir nazariy risola yoki adabiyotshunoslik asari Adabiyot nazariyasini boyitib kelgan, shunday davom etadi ham. Biroq Adabiyot nazariyasi tarixiy poetika qonuniyatlarini aynan qabul qilmaydi, balki davrlar sinovidan o‘tgan qarashlar, metodologik ahamiyatga ega bo‘lgan tizimlar va kelajakda ham adabiy samara beradigan tajribalarni nazariy umumlashtirish yo‘lidan boradi.
G‘arbda ilk Adabiyot nazariyasiga oid asar Arastu «Poetika»sidir. So‘ngra Bualo, Didro, Lessing, Gerder, Gegel, Potebnya, Veselovskiy v.b. olimlarning ishlari mavjud. XX asrda Rossiyada A.N.SHaligin, I.Vinogradov, L.Timofeev. N.Gulyaev, G.N.Pospelov, V.E.Xalizev, N.D.Tamarchenko va boshqalar tomonidan yozilgan “Adabiyot nazariyasi” bo‘yicha darsliklar faol qo‘llanishda bo‘lgan.
Mumtoz adabiyotshunoslikda nazariy tamoyillar bevosita poetika qonuniyatlari doirasida taraqqiy etgan. Shuning uchun ilmi adab tarkibiga kiruvchi: aruz, qofiya va balog‘at (badiiy san’atlar) ilmi hamda adabiy nav’, she’riy shakllar nazariyasi va amaliyoti tajribalari asosida shakllangan. O‘zbekistonda adabiyot nazariyasiga oid Evropa tipidagi qarashlar XX asr boshlarida vujudga kelgan. Bu jihatdan prof. Fitratning “Adabiyot qoidalari. Adabiyot muallimlari ham havaslilari uchun qo‘llanma” (1926), Abdurahmon Sa’diyning “Amaliy ham nazariy adabiyot darslari” (1924) ilk qo‘llanmalar hisoblanadi. So‘ngra Izzat Sulton (1939, 1980 va 2004), jamoa tadqiqoti sifatida 2 jildda (1978) va H.Umurov (2002) darsliklarining Adabiyot nazariyasi taraqqiyotida muayyan xizmati bor.