Internet tizimi va uning vazifalari. Internet (lotincha: inter – aro va net – tarmoq) – standart internet protokoli (IP) orqali maʼlumot almashuvchi kompyuter tarmoqlarining butunjahon va omma uchun ochiq toʻplamidir. Bu maʼlumotlarning asosiy tashuvchi protokoli TCP/IP dir. TCP/IP oʻzaro bogʻliq protokollar yigʻindisi boʻlib, internetda maʼlumot tarqalishida asosiy oʻrin egallaydi. Internet tarmogʻini minglab akademik, davlat, tijorat va xonadon tarmoqlari tashkil etadi. Internet elektron pochta, chat hamda oʻzaro bogʻlangan sahifalar va boshqa Butunjahon oʻrgimchak toʻri servislaridan tashkil topadi.
Internet — katta (global) va kichik (lokal) kompyuter tarmoqlarini oʻzaro bogʻlovchi butunjahon kompyuter tizimi. Unda geografik oʻrni, zamon va makondan qatʼiy nazar, ayrim kompyuter va mayda tarmoqlar oʻzaro hamkorlikda global informatsiya infratuzilmasini tashkil etadi. Qaydnomalar tizimi bilan boshqariladigan barcha hosila tarmoqlar hamkorlikda isteʼmolchilarga ma'lumotni saqlash, eʼlon qilish, joʻnatish, qabul qilish, izlash va maʼlum boʻlgan barcha variantlar (matn, tovush, videotasvir, fotosurat, grafika, musiqa tarzida va b. koʻrinishlar) da axborot almashinishga imkon yaratadi. Internet tizimi 20-asrning 60-yillarida paydo boʻldi. Oʻsha paytlarda AQSh mudofaa departamenti tashabbusi bilan kompyuterlar telefon tarmoqlariga ulana boshladi. Dastlab, bunday faoliyat takomillashtirilgan loyihalar agentligi (AKRA) tadqiqotlari doirasida olib borildi. Bu tadqiqotlar sovuq urush avj olgan davrga toʻgʻri keldi. AQSH mudofaa departamenti urush boʻlib qolgan taqdirda oddiy kommunikatsiya vositalari ishdan chiqqudek boʻlsa, oʻrniga yangi qoʻshimcha kommunikatsiya vositalarini izlash bilan faol shugʻullandi. 60-yillar oxiri va 70-yillarda Internet tarmogʻi uncha keng rivojlanmadi. Dastlabki oʻn yillik xalqaro tarmoq, asosan, harbiylar va yirik olimlarning shaxsiy elektron liniyalari faoliyati doirasi bilan cheklandi. Internetning beqiyos rivojlanish surʼati davlat, taʼlim, akademik va ijtimoiy tuzilmalarning oʻziga xos umumiy moliyaviy va intellektual ulushiga bogʻliq boʻldi.
20-asr 70-yillarida turli tarqoq kompyuterlar tarmoqlari orasida informatsiyani uzatish va almashinish qoidalari tizimi ishlab chiqildi. Bular oʻzaro hamkorlikka doir qaydnomalar – Internet protocols (IP) boʻlib, global tarmoqni takomillashtirish uchun qulay muhit yaratdi. IP oʻrnatilgan tartibga koʻra, har qanday alohida tarmoq informatsiyani koʻp tarmoqlar orqali "birinchi punktdan to oxirgi punktgacha" yetib borishini nazorat qilishi lozim. Shuning uchun Internet negizini tashkil qiladigan qaydnomalar tizimi, xususan, Transmission Control Protocol (TCP), File Transfer Protocol (FTP) ichida IP muhim qaydnomalardan biri hisoblanadi.
Internet rivojlanishining dastlabki bosqichida uni, asosan, AQSH mudofaa departamenti mablagʻ bilan taʼminlagan. 70-yillar oxiriga kelib esa, asosan, uch taʼminlash manbai ajralib turdi: hukumat, universitetlar va tadqiqot laboratoriyalari (shu jumladan mustaqillari ham).