1
Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi
Axborot-bibliografiya bo‘limi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, jamoat arbobi O‘tkir Hoshimov
(1941-2013) tavalludining 80 yilligi
munosabati bilan “El ardog‘idagi adib” nomli
TAVSIYAVIY RO‘YXAT
Farg‘ona - 2021
2
O‘tkir Hoshimov
(1941-2013)
O‘tkir Hoshimov 1941 yilning 5 avgustida Toshkent viloyatining Zangiota tumani
Do‘mbirobod mavzeida tavallud topdi. Bolaligi urush qiyinchiliklari, muhtojliklari
davrida kechgan.
1958 yilda o‘rta maktabni bitirib, Toshkent Davlat universiteti jurnalistika
bo‘limining avval sirtqi, so‘ngra kunduzgi bo‘limida o‘qib, 1964 yilda tugatadi. 1959-
1960 yillarda “Temir yo‘lchi”, 1960 yilda hozirgi “O‘zbekiston ovozi”, 1960-1982
yillarda “Toshkent haqiqati”, “Toshkent oqshomi”, 1982-1983 yillarda Gʻafur
Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1985-1995 yillarda “Sharq
yulduzi” jurnaliga bosh muharrir va 1995 yildan 2004 yilgacha O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining Matbuot va axborot qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat
ko‘rsatib keldi. Keyinchalik “Teatr” jurnalida muharrirlik qildi.
O‘tkir Hoshimov o‘z ijodini she’r va ocherklar yozishdan boshladi. 1962 yilda
uning “Po‘lat chavandozlar” ocherklar to‘plami bosilib chiqdi. Shundan keyin uning
birin-ketin hikoya, qissa va romanlari kitobxonlarning qo‘liga borib tegdi. Uning ilk
qissasi “Cho‘l havosi” (1964) adabiy jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Atoqli
adib Abdulla Qahhor bu qissa haqida o‘sha paytda juda yaxshi fikr bildirgan. O‘tkir
Hoshimovning bu qissasiga yozgan oq yo‘lida u “Birdan lov etib alanga bilan
boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi”, - deb bashorat qilgan edi. Shu asardan
yozuvchining izlanish va mashqlar davri boshlandi. Adib ijodidagi ilk
qadamlaridayoq inson ma’naviyati, ruhiyati, hissiyoti, qalb haqiqati tadqiqotchisi
sifatida ko‘ringan edi.
Roman, qissa, hikoyalarida so‘z san’atining azaliy bosh muammosi - inson taqdiri
va qalbining badiiy tahlili ham mavjud edi. Muallif dolzarb ijtimoiy muammolar
talqini bilan yondosh holda ko‘p o‘rinlarda personajlar ruhiyatidagi g‘oyat nafis
jarayonlarni san’atkorona ifoda etardi. “Cho‘l havosi”, “Muhabbat”, “Nigora”,
“Shamol esaveradi” nomli hikoya va qissalar shundan dalolatdir.
Keyinroq u dolzarb, ijtimoiy muammolar talqiniga ko‘proq moyillik bildirib, ayni
zamonda bevosita ma’naviyat, ruhiyat tahliliga bag‘ishlangan asarlar ustida ish olib
bordi. Yozuvchining shu yo‘nalishdagi “Qalbingga quloq sol” (1973), ayniqsa,
“Bahor qaytmaydi” (1970), “Dunyoning ishlari” (1982) qissalari unga katta shuhrat
keltirdi.
“Bahor qaytmaydi” (1970) qissasida yozuvchi iste’dodli, biroq uning qadriga
yetmagan, ulug‘ maqsadlardan mahrum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy-
ma’naviy inqirozini san’atkorona tahlil etib berdi. Bundan adibning haqiqiy ijod
yo‘liga kirganligini ko‘ramiz.
O‘tkir Hoshimov asardan-asarga o‘sib bordi. Unda nafosat tuyg‘usi behad kuchli.
Hatto u aldangan odamning ma’naviy inqirozi, fojeasi, halokati tasvirida ham shu
tuyg‘usini saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, oliyjanob, ma’naviy barkamol odamlar
qalbi tahlilida o‘zini nihoyatda erkin his etadi. Uning ijobiy qahramonlari aksari
go‘dakday beg‘ubor, nafosat tuyg‘usiga boy, hissiyotli, o‘ta ta’sirchan odamlardir.
3
Yozuvchi ijodiga xos liro-romantik tarona uning “Dunyoning ishlari” qissasida eng
baland pardalarda jarangladi. Bu asar ona haqidagi, ona qalbining cheksiz sahovati
to‘g‘risidagi o‘ziga xos qasidadir. Asardagi Ona - farzandi, uning oromi, baxti uchun
jonini, jahonini berishga tayyor. U ming-minglab o‘zbek onalarining timsoliga
aylandi. Har bir o‘zbek kitobxoni unda o‘z onasining qandaydir fazilatini topgandek
bo‘ladi. Qissadagi “Alla”, “Oq marmar, qora marmar” kabi novellalarda onaning
farzandi qalbida qoldirgan armonlari haqida o‘tkir yozilgan. Kishi bularni o‘qir ekan,
tasvirdan ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketadi.
O‘tkir Hoshimovning “Oq kamalak” to‘plami ham hayotiy muammolar,
to‘g‘rirog‘i, turmush tashvishlari to‘g‘risida bahs yuritadi.
Yozuvchining birinchi romani – “Nur borki, soya bor” 1977 yili nashr qilindi.
Roman chiqishi hamono turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi. Asarda ko‘pgina
hayotiy, muhim ahamiyatga ega muammolar ko‘tarilgan edi. Bular azaldan kishilik
jamiyatining falsafasi bo‘lmish “nur” va “soya”lar orasidagi kurash, tortishuv fonida
yoritiladi.
Asar o‘z davrida adabiy tanqidchilik tomonidan iliq kutib olindi, unga munosib baho
berildi, faqat romanga keskin to‘qnashuvlar va kolliziyalar yetishmasligi qayd qilindi.
Bundan tashqari, O‘tkir Hoshimov O‘rta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida
namoyish qilingan “To‘ylar muborak”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Inson
sadoqati”, “Qatag‘on” kabi pesalarining muallifidir.
O‘tkir Hoshimov E.Hyeminguyey, K.Simonov, A.Kuprin, O.Berggols singari
yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari qardosh xalqlar va
xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Ijodkor 80-yillar o‘zbek publisistikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan
biridir. Uning odob-ahloq, ma’naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri
adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va teleko‘rsatuvlari bu davrning barkamol
mevalaridir.
Muallifni endi kundalik dolzarb ijtimoiy masalalar emas, ko‘proq azaliy ma’naviy
muammolar, inson taqdiri, uning qalbi jumboqlari qiziqtiradi. Bu narsa "Ikki eshik
orasi" romanida ayniqsa, ravshan ko‘rindi. Bu bilan adib ijodiy yo‘lining yetuklik
bosqichi boshlandi. Yozuvchining “Ikki eshik orasi” romani ham kitobxonlar
tomonidan iliq kutib olindi. Roman 1986 yilning eng yaxshi asarlaridan deb topilib,
Hamza nomidagi respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgandi. “Ikki eshik orasi”
romanida o‘z davrining muhim muammolari qalamga olindi, o‘sha yillar voqea-
hodisalariga munosabat bildirildi. Romanning asosiy qahramonlari ikkinchi jahon
urushi og‘irliklarini yelkasida ko‘targan, unda mardona g‘olib chiqqan kishilardir.
Umuman olganda, romanda butun jamiyat kishilarining urush davridagi fidokorligi
o‘zining badiiy ifodasini topgan. Roman qahramonlaridan biri Muzaffar - urush
davrida muayyan qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, 70-yillarga kelib farovon
turmushga erishgan Yoshlarning timsoli tarzida beriladi. Romanning sarlavhasidan
tortib, deyarli butun mazmunigacha yozuvchi jiddiy falsafiy ma’no yuklashga
intilgan.
Xususan, u “Ikki eshik orasi” deganda inson umrini, ya’ni tug‘ilgandan o‘lgungacha
bosib o‘tgan yo‘lni ko‘zda tutadi. Muallifning g‘oyaviy falsafasiga ko‘ra bu yo‘l juda
4
murakkab va ziddiyatli bo‘lib, uni muvaffaqiyat bilan bosib o‘tishi uchun insondan
katta matonat, iroda, bilim va jasorat talab qilinadi. Asardagi ko‘pchilik qahramonlar,
xususan, Oqsoqol, Qora amma, Robiya, Shomurod, Kimsan huddi shunday jasoratli
va ruhan boy kishilar bo‘lib, ko‘p jihatdan yozuvchining g‘oyaviy maqsadini
ta’sirchan ifodalashga xizmat qilgan. Muallif falsafasiga ko‘ra o‘z umrini sharaf bilan
bosib o‘tmog‘i uchun insondan katta matonat va jasorat talab qilinishining sababi
shundaki, u o‘z hayoti davomida og‘ir kurashlar girdobidan, yengib bo‘lmas
to‘siqlardan o‘tishga majbur bo‘ladi. Asarda huddi shunday inson hayotining
to‘siqlari, illatlari sifatida Umar zakonchi, Ra’no, Zuhra kabi shaxslar timsoli
yaratilgan bo‘lib, ular romandagi kurashlar, to‘qnashuvlar, ma’naviy ixtiloflar
keskinligini, tarangligini oshirishga imkon tug‘dirgan.
Hayotdagi illatlarga qarshi ayovsiz o‘t ochish istagi O‘tkir Hoshimovni “Ikki eshik
orasi” romanidan keyin tadrijiy ravishda hajviyotga murojaat qilishga olib keldi.
Oqibatda uning “Ikki karra ikki – besh” qissasi maydonga keldi. Yozuvchining
ilgarigi asarlarida ahyon-ahyonda hajviyot uchrab turar edi. “Ikki karra ikki – besh”
qissasi esa, ulardan butunicha hajviy uslubda yozilganligi bilan farq qiladi. Hajviyot
tig‘ini hayotdagi martabali kishilarga, katta rahbarlarga, xususan, raislarga qaratgani
va ularning ma’naviy tubanligini ro‘yi-rost fosh qilishga intilgani bilan yozuvchi
qissaning ko‘p sahifalari ta’sirchan va qiziqarli bo‘lib chiqishiga erishgan. Faqat
dalillash san’atining yetishmaganligi va ayniqsa, raisning o‘g‘li o‘z otasiga qarshi
keskin kurashga kirishishi yaxshi asoslanmaganligi sababli qissa 80-yillar o‘zbek
hajviyotidagi sezilarli hodisa darajasiga ko‘tarilmay qoldi.
Yuqorida tilga olingan so‘nggi ikki asarida O‘tkir Hoshimovning inson ma’naviy
olamini, psixologiyasini teran tahlil qilish mahorati ancha oshganligi aniq-ravshan
sezilib turadi. Bunda yozuvchi turli-tuman vositalar qatorida qahramonlarning dil
izhorlaridan, ichki monologlaridan unumli foydalangan. Ichki monologlar qo‘llashda
yuqoridagi asarlarda boshlangan usuldan yozuvchi “Tushda kechgan umrlar”
romanida yanada ustalik bilan foydalandi. “Tushda kechgan umrlar” romanida
voqealar qamrovi juda keng: 30-yillarning mash’um “qatag‘on” qilish manzaralari,
80-yillarda Afg‘oniston urushi lavhalari, shu yillarda sodir bo‘lgan “o‘zbek ishi”
mojarolari. Bu uchta yirik, juda katta hajmli voqealarni bir-biri bilan bog‘lashda, ular
orasiga “biriktirish nuqtasini” topishda muallif ichki monologdan unumli
foydalanadi.
Romandagi Rustam, Shahnoza kabi qahramonlar ruhiy olamining talqini huddi
shunday xulosa chiqarishga imkon beradi. Faqat roman kompozisiyasining
nomukammalligi uning adabiyotda juda katta hodisa darajasiga ko‘tarilishiga halaqit
bergandek tuyuladi. Kompozisiyadagi tarqoqlik, ayniqsa, Rossiyadan yuborilgan
kishilar hayotiga, faoliyatiga bog‘liq voqealarning, tafsilotlarning asosiy syujet
chiziqlariga uzviy bog‘lab yuborilmaganida yaqqol seziladi.
Shunga qaramay, yozuvchining so‘nggi asarlari O‘tkir Hoshimovning hozirgi
o‘zbek nasridagi sermahsul ijodkorlardan biri darajasiga ko‘tarilganligidan guvohlik
beradi. O‘tkir Hoshimovga samarali ijodiy mehnati uchun 1991 yili “O‘zbekiston
xalq yozuvchisi” faxriy unvoni berilgan. U “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan
ham taqdirlangan.
5
O‘zbek adabiyoti va san’ati og‘ir judolikka uchradi. Atoqli adib, O‘zbekiston
xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov 2013 yil 24 may kuni 72 yoshida vafot etdi.
Axborot kutubxona markazi tomonidan O‘zbekiston xalq yozuvchisi, jamoat
arbobi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “El ardog‘idagi
adib” nomli bibliografik qo‘llanma tayyorlandi. Ushbu tavsiyaviy ro‘yxatdan
o‘qituvchilar, kutubxonachilar, talabalar va O‘tkir Hoshimov hayoti bilan qiziquvchi
keng kitobxonlar ommasi foydalanishlari mumkin.
Dostları ilə paylaş: |