Ijtimoiy dorixonalarning vazifalari va funksiyalari Ijtimoiy dorixonalar o‘z faoliyatida amaldagi qonunchilikka va Ijtimoiy dorixona faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga amal qiladi. Ijtimoiy dorixonalarning asosiy vazifasi aholini Ro‘yxatga kiritilgan dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, boshqa turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash, shuningdek, imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan ta'minlashdan iborat.
Ijtimoiy dorixona quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
- dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji savdosi uchun va dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish uchun lisenziyaga ega bo‘lgan ta'minotchilardan sotib oladi (olib kirishdan tashqari);
- shakli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan resept asosida beriladigan dori vositalarini yoki tasdiqlangan, reseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga muvofiq dori vositalarini reseptsiz ravishda chakana savdo qilish, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan ta'minlaydi;
- belgilangan tartibda dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlaydi va yo‘q qiladi;
- iste'molchidan kelib tushgan shikoyatlar asosida aniqlangan, dori vositalarining nojo‘ya ta'siri va samaradorligi past holatlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini xabardor qiladi;
- ambulatoriya sharoitida davolashda imtiyozli beriladigan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan, ijtimoiy dorixonada amalda mavjud bo‘lgan va vaqtincha mavjud bo‘lmagan dori vositalari haqida shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga har chorakda ma'lumot taqdim etadi;
- aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlash va qo‘llash bo‘yicha maslahat berish va axborot yordami ko‘rsatadi;
- aholiga dori vositalari va tibbiy buyumlarning mavjudligi to‘g‘risida axborot berish imkonini ta'minlovchi, dori vositalari va tibbiy buyumlarning ijtimoiy dorixonalar tarmog‘i bo‘yicha harakatlanishining elektron shakldagi hisob-kitobini yuritadi;
- ijtimoiy dorixonaga tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan cheklangan narxlar ko‘rsatilgan dori vositalari assortimenti ro‘yxatini ko‘rinarli joyda joylashtiradi;
- shifokor resepti asosida dori vositalarini tayyorlaydi va ichki sifat nazoratini o‘tkazadi (tegishli lisenziyasi mavjud bo‘lganda).
Ijtimoiy dorixonalarda tovar-moddiy boyliklarni inventarizasiya va ta'mirlash ishlarini o‘tkazish uchun yopish davlat tomonidan, sherik bilan kelishilgan holda, sanitariya kunlarini o‘tkazish uchun esa — qo‘shimcha ravishda Davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.