AHOLINI IJTIMOIY MUXOFAZA QILISH TUSHUNCHASINING MOHIYATI VA UNING
2. Manzilli ijtimoiy muhofaza qilishning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati Ijtimoiy muhofaza qilishni amalga oshirish, ijtimoiy muhofaza mexanizmini takomillashtirishda sifat jihatidan yangi bosqich zarurligi ob‘ektiv jihatdan yetildi. Shu munosabat bilan endi umumiy ijtimoiy muhofaza tizimidan ishonchli ijtimoiy kafolatlar va aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash tizimiga izchil o’tish maqsadga muvofiq bo’lib qoldi.
Bir iqtisodiy tizimdan ikkinchi tizimga o’tish oson ish emas va u jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy murakkabliklarga olib kelishi mumkin.
Yo’nalish va sohalaridan qat‘iy nazar, bozor tartibotlarini joriy etish bilan bog’liq har qanday islohotlar kishilar manfaatlariga daxldor bo’lib, aholi turmush darajasining u yoki bu ko’rsatkichlari o’zgarishiga (dastlabki bosqichda – jiddiy tarzda pasayib ketishiga) sabab bo’ladi. Shuning uchun ham bozor iqtisodiga bosqichma-bosqich o’tishning O’zbekiston modelida kuchli ijtimoiy siyosat asosiy bo’g’in qilib belgilangandir. Bu esa bozor iqtisodiga o’tish birdan-bir maqsad emasligini, barcha iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy islohotlar inson hayoti va faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilishini bildiradi.
“To’rtinchi ustuvor yo’nalish – halq turmush darajasining izchil va barqaror o’sishi, aholini yanada kuchli ijtimoiy muhofaza qilishni ifoda etadi” -deydi Prezidentimiz I.A. Karimov.( Bunday rivojlanish strategiyasi avvalo, aholini ijtimoiy muhofazalashni hamda har bir mehnatga qobiliyatli fuqaro o’z qobiliyatini namoyon etishi, o’z mehnati bilan o’zi va oilasining munosib turmush kechirishini ta‘minlashi uchun sharoit yaratishni ko’zda tutadi.
Ijtimoiy siyosatning asosiy yo’nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
fuqarolarning iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, kasb va mehnat sohasini erkin tanlash bo’yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy xuquqlarini ta‘minlash. Mehnatga layoqatli aholining o’z mehnat faoliyati shaklini erkin tanlash huquqidan foydalana borib, o’zini va o’z oilasini moddiy jihatdan zarur darajada ta‘minlashi, oilasining farovonligi uchun, sog’lom avlodni kamol toptirish uchun javobgar bo’lishi kerak;
ijtimoiy muhofazalash aniq va maqsadli yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Aholining turli qatlamlariga alohida-alohida yondashish – yangi ijtimoiy muhofaza tizimining o’ziga xos xususiyati bo’lib qolmog’i lozim;
aholini ijtimoiy muhofazalash chora-tadbirlari tizimida real mehnat bozorini shakllantirish, mehnatga layoqatli har bir kishiga o’z mehnati bilan oilasining turmush darajasini yaxshilash imkonini beradigan sharoit yaratish asosiy o’rinlardan birini egallaydi.
Jamiyat taraqqiyoti mamlakat iqtisodiy potentsialining qanchalik yuksakligi bilan emas, balki bu potentsial har bir kishining har tomonlama rivojlanishi uchun yo’naltirilganligi bilan baholanadi. Xalqaro aloqalarda O’zbekiston malakali ishchi kuchiga, ulkan tabiiy resurslarga ega bo’lgan siyosiy jihatdan barqaror davlat sifatida qaralmoqda, bu esa to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun juda qulay imkoniyatlarni vujudga keltiradi.
Ijtimoiy islohotlarni o’tkazishning taktik jihatlari quyidagilarni nazarda tutadi:
bozor mexanizmlarini joriy etishdan oldin aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash va muhofaza qilish bo’yicha qat‘iy chora-tadbirlar ko’rish;
ijtimoiy soha ahvolini davlat tomonidan nazorat qilish va qo’llab-quvvatlash;
bozor iqtisodiga kirib borgan sari yuzaga keladigan vaziyat va yangi imkoniyatlarni hisobga olgan holda aholini ijtimoiy muhofaza qilish ustuvorliklari va mexanizmlarining o’zgarishi.
Ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni o’tkazish, ko’rilayotgan chora-tadbirlarning o’zaro bir-biriga bog’liqligi va ta‘sirini ta‘minlash natijasida:
kishilarning turmush darajasi keskin pasayib ketishining oldini olishga, respublikada osoyishtalik va barqarorlikni saqlashga muvaffaq bo’lindi;
aholini manzilli ijtimoiy muhofazalashning qat‘iy tizimi yaratildi;
aholi bozor iqtisodi sharoitlariga ko’niktirildi;
iqtisodiy faollik oshdi, tadbirkorlik rivojlanmoqda, aholining ish bilan bandlik tizimi bozor tizimiga yaqinlashmokda;
inson manfaatlarini yanada kengroq ro’yobga chiqarishni ta‘minlash uchun yangi sharoit va imkoniyatlar yaratildi;
mutlaq yangicha yondashuvlar asosida zamonaviy talablarga javob beradigan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishlab chiqildi.
O’zbekistonda ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bilan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi shug’ullanadi. Joylarda (muhofazalash va ta‘minlash bo’yicha boshqarmalar), (respublika sub‘ektlari darajasida) mehnat, aholini ijtimoiy muhofazalash va ta‘minlash bo’yicha boshqarmalar (viloyat, shahar) va tuman bo’limlari faoliyat yuritadi. Mazkur idoralarga ayrim aholi guruhlari uchun imtiyoz va kafolatlar belgilash va to’lash, aholiga ijtimoiy xizmat ko’rsatish vazifalari yuklatilgan.
Pensiya ta‘minoti O’zbekiston Respublikasi Pensiya jamg’armasi va quyi ijtimoiy ta‘minot idoralari zimmasida. Nafaqalar to’lash tizimi biroz murakkabroq tuzilgan. Aholi nafaqalarni ish joyidan (ijtimoiy sug’urta jamg’armaidan), ijtimoiy ta‘minot bo’limlari yoki mahallalardan olishi mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy ta‘minot muassasalari (internatlar, ijtimoiy yordam xizmatlari va boshqalar) va protez ishlab chiqarishni rivojlantirish (protezlar, nogironlar aravachalari bilan ta‘minlash) orqali natural xizmatlar ko’rsatish bilan ijtimoiy ta‘minot amalga oshiriladi.
Ijtimoiy muhofazaning ayrim funktsiyalarini davlat idoralari: vazirliklar (mahkamalar), ularning joylardagi idoralari va muassasalari bajaradi. Nogironlarni kasbga o’qitish va ishga joylashtirish, bolalar uylarida bolalarga qarash va ularni tarbiyalash kabi funktsiyalarning yana bir qismini kasaba uyushmalari tashkillashtiradi (kurort va sanatoriylarga jo’natish va sog’lomlashtirish). Bundan tashqari, ixtiyoriy ijtimoiy sug’urta, xayriya tadbirlari rivoj topmoqda, natijada Respublika sub‘ektlari, mehnat jamoalari, jamoat birlashmalari tashabbusi bilan va fuqarolarning shaxsiy mablag’lari hisobiga maxsus guruhlar va fuqarolarga davlat ijtimoiy ta‘minotiga qo’shimcha ravishda moddiy yordam ko’rsatish imkoniyati tug’iladi. Davlat ta‘minotiga qo’shimcha ijtimoiy imtiyozlar korxonalarning iqtisodiy imkoniyatlariga qarab jamoa shartnomalariga kiritilishi mumkin. Ijtimoiy muhofazalash tuzulmalaridan yana biri – nodavlat pensiya jamg’armalaridir. Yaqin kelajakda ular davlat pensiyalariga qo’shimcha pensiyalar to’lay boshlaydilar.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkchilikning xilma-xilligi tufayli aholi ijtimoiy muhofazasi uchun ajratiladigan mablag’lar ham turli shakldagi davlat, korxona, muassasalar daromadlarining bir qismidan rasmiy ravishda belgilangan me‘yorlarda shakllanadi. Undan tashqari, ijtimoiy muhofaza jamg’armalariga mamlakatimizdagi korxona va tashkilotlar, xorijiy davlatlardan keladigan homiylik va insonparvarlik yordamlari ham qo’shiladi. Lekin, ijtimoiy ta‘minot jamg’armaining asosiy hajmi davlat tomonidan belgilangan me‘yorlarga muvofiq milliy daromadning bir qismidan shakllanadi.