AHOLINI IJTIMOIY MUXOFAZA QILISH TUSHUNCHASINING MOHIYATI VA UNING
1. O’zbekiston modelida kuchli ijtimoiy siyosat asosiy bo’g’in sifatida O’zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning markazida ijtimoiy siyosat masalasi turadi. Bu siyosatning zarurati mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar natijasida aholi boshiga tushishi muqarrar mushkulliklarni yengillashtirish bilan bog’liqdir. Bundan tashqari, har qanday jamiyatda doimo shunday shaxslar toifasi mavjudki, ular ob‘ektiv sabablarga ko’ra (yoshi, sog’ligining yomonligi, mamlakatdagi ishsizlik darajasi va boshqalar) ishlab chiqarishda ishtirok eta olishmaydi. Shuning uchun ular to’g’risida qayg’urishni davlat o’z zimmasiga olishi zarur, ya‘ni yaratilgan milliy daromadning bir qismini ular foydasiga qayta taqsimlashi lozim.
Kambag’allik va aholi o’rtasida kuchli iqtisodiy tengsizlikning oldini olish maqsadida daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash bo’yicha davlat chora-tadbirlari tizimi ijtimoiy siyosat deb yuritiladi.
Keng ma‘noda ijtimoiy siyosat deganda, shaxs hayot faoliyatining shunday sharoitlarini yaratish va tutib turish bo’yicha ko’rilgan barcha chora-tadbirlar tushuniladiki, u shaxsning rivojlanishiga yordam beradi va uning ijodiy imkoniyatlarini to’liq namoyon qilishini rag’batlantiradi.
Bu dastur o’tkazilayotgan barcha islohotlarning pirovard maqsadi - inson hayoti va faoliyati uchun munosib shart-sharoit yaratish bilan chambarchas bog’langan. «Islohot inson uchun» degan tub qoida O’zbekistonda islohotning «jazava» usullarini qo’llashni istisno etdi va bozor iqtisodiyotiga o’tishning birinchi bosqichidayoq kishilarni ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan kuchli, ogohlantiruvchi choralarni ko’rish zarurligini taqozo qildi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning ilk bosqichlaridagi ijtimoiy muhofaza tadbirlari butun aholiga nisbatan qo’llaniladi, bu esa mamlakatda barqarorlikni saqlashning muhim omili bo’ldi. Muntazam ravishda ko’rib chiqilayotgan turli miqdordagi ish haqi, pensiya, stipendiya va har xil nafaqa, tovon puli ko’rinishidagi bevosita pul to’lovlari keng qo’llanildi, imtiyozlar hamda turli qo’shimcha to’lovlar tizimi aholini ijtimoiy muhofazalash darajasini birmuncha oshirdi. Eng kam miqdordagi mehnat haqi va pensiyalarning soliqqa tortilmasligi belgilab qo’yildi. Korxonalarning o’z xodimlariga ijtimoiy yordam ko’rsatish borasidagi xarajatlari qisman byudjet mablag’lari hisobidan to’ldirildi. Ommaviy ravishda talab qilinadigan ko’pgina tovar va xizmatlar turlarining narxlari o’rtasidagi tafovutning o’rni qoplandi.
Ayni vaqtda, qo’shimcha ijtimoiy tadbirlarning butun bir majmui - ikki yoshga to’lmagan bolalarniig bepul ovqatlanishi, boshlang’ich sinflar o’quvchilari va yolg’iz pensionerlar uchun bepul nonushta berilishi, maktab o’quvchilari va talabalarning imtiyozli ovqatlanishi, jamoat transportida imtiyozli qatnashi kabilar yo’lga qo’yildi. Uy-joylarni xususiylashtirish chog’i ko’pgina toifadagi fuqarolar ularni bepul o’z shaxsiy mulki qilib oldi. Aholining talay ijtimoiy guruhlari uchun kommunal xizmat va hokazolarda imtiyozlar joriy etildi.
Murakkab iqtisodiy ahvol yuzaga kelganiga qaramay, O’zbekistonda aholi uchun eng muhim ijtimoiy vazifalarni hal etish maqsadida zarur mablag’lar izlab topildi. Islohotlarning dastlabki bosqichida ijtimoiy muhofazaga ajratilgan davlat xarajatlari respublika byudjetining uchdan bir qismini tashkil etdi.
O’sha davrda ishlab chiqilgan ijtimoiy siyosat o’z oldida turgan vazifalarni amalga oshirdi va ayni payt bozor iqtisodiyotiga xos zaruriyatni - ijtimoiy yordam choralari va vositalarini o’zgarib turgan sharoitga muvofiq tarzda doimo moslash zaruratini yuzaga keltirdi.
Barcha aholiga mo’ljallangan ijtimoiy siyosat yordamga ehtiyojning ko’proq va kamroq darajasi kabi juda muhim omilga nisbatan sezgirlikni qo’ldan boy berdi. Shunday bo’lib chiqdiki, kam ta‘minlangan fuqarolar ham, to’la ta‘minlangan fuqarolar ham bir xilda madad olardi. Buning ustiga, dotatsiya joriy etilgan asosiy tovar va xizmat turlari haqiqatan iste‘mol etilishiga nisbatan ulardan ayni shunday yordamga kamroq muhtoj bo’lgan kishilar ko’proq foydalanib qolishdi.
Haqiqatan ham, muhtoj kishilar uchun kam samara bergan behuda sarf-xarajat mablag’larning sochilib yuborilishiga sabab bo’ldi. Shuni aytish kifoyaki, faqat respublika byudjeti orqali 30 xil turli yo’nalishlar bo’yicha yordam ko’rsatilgan. Ob‘ektiv ravishda ijtimoiy muhofaza qilish vositalarini qayta yo’naltirish zarurati, yalpi ijtimoiy madad berish yo’lidan chindan ham madadga muhtoj kishilarga yordam ko’rsatishning tabaqalashgan, manzilli tizimiga o’tish zarurati tug’ildi. Respublikada chindan ham muhtoj odamlarga manzilli, tabaqalashgan yordam berishga adolat g’oyasiga og’ishmay amal qilish qoidasi asos qilib olindi.
Adolatga intilish, - deydi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov, - xalqimizning eng muhim fazilatidir. -Adolatni kuchli his qilish, ko’p jihatdan Sharq falsafasi ta‘siri ostida yuzaga kelganki, uning rivojlanishiga o’zbek xalqi, o’tmish mutafakkirlari, olimlari bebaho hissa qo’shgan.