Aholining modiy ne'matlari va xizmatlarni istemol qilish ko'rsatkichlari
Reja:
Aholi pul daromadlari
Aholining moliya-kredit tizimi
Davlatning ijtimoiy siyosati tegishli markazlashgan daromadlarni
Aholi daromadlari ma’lum vaqt oralig‘ida (masalan, bir yilda) ular tomonidan olingan pul va natural shakldagi tushumlar miqdorini anglatadi.
Aholi pul daromadlari ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad, nafaqa, pensiya, stipendiya shaklidagi barcha pul tushumlarini, mulkdan foiz, dividend, renta shaklda olinadigan daromadlarni, qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlarini sotishdan va har xil xizmatlar ko‘rsatishidan kelib tushadigan daromadlarni o‘z ichiga oladi. «Daromad» iqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalovchi ko‘rsatkich bo‘lib, u serqirra va murakkab mazmunga ega hisoblanadi. Chunki, daromad bir vaqtning o‘zida biron-bir faoliyat natijasida olingan tushumni, pul mablag‘larini, natural ko‘rinishda olingan mahsulotlarni, iqtisodiy resurslar keltiruvchi nafni va boshqa tushunchalarni ifodalashi mumkin. Shuningdek, daromad umumiy tushuncha bo‘lib, uning tarkibida aholi daromadlari muhim o‘rin tutadi.
Natural daromad mehnat haqi hisobiga olinadigan va uy xo‘jaliklarining o‘z iste’mollari uchun ishlab chiqargan mahsulotlaridan iborat bo‘ladi.
Aholi daromadlari darajasiga baho berish uchun nominal, ixtiyorida bo‘lgan va real daromad tushunchalaridan foydalaniladi.
Nominal daromad – aholi tomonidan ma’lum vaqt oralig‘ida olingan daromadlarining pul ko‘rinishidagi miqdori hisoblanadi.
Ixtiyorida bo‘lgan daromad – shaxsiy iste’mol va jamg‘arma maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lgan daromad. Bu daromad nominal daromaddan soliqlar va majburiy to‘lov summasiga kam bo‘ladi.
Real daromad – narx darajasi o‘zgarishini hisobga olib, aholining ixtiyorida bo‘lgan daromadga sotib olish mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar miqdorini ko‘rsatadi, ya’ni daromadning xarid quvvatini bildiradi.
Aholining nominal pul daromadlari turli manbalar hisobiga shakllanib, ulardan asosiylari quyidagilar hisoblanadi:
a) ishlab chiqarish omillari hisobiga olinadigan daromad;
b) davlat yordam dasturlari bo‘yicha to‘lov va imtiyozlar shaklidagi pul tushumlari;
v) moliya-kredit tizimi orqali olinadigan pud daromadlari.
Aholining yollanib ishlovchi qismi oladigan daromadlarining asosiy ulushini ish haqi tashkil qiladi. Daromadning bu turi istiqbolda ham pul daromadlari umumiy hajmining shakllanishida o‘zining yetakchi rolini saqlab qoladi.
Aholi pul daromadlari darajasi davlat yordam dasturlari bo‘yicha to‘lovlar sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bu manbalar hisobiga pensiya ta’minoti amalga oshiriladi va turli xil nafaqalar to‘lanadi.
Aholining moliya-kredit tizimi orqali olinadigan pul daromadlari quyidagilardan iborat: davlat sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar; shaxsiy uy qurilishiga va matlubot jamiyati a’zolariga bank ssudalari; jamg‘arma bankiga qo‘yilmalar bo‘yicha foizlar; aksiya, obligatsiya bahosining ko‘payishidan olinadigan daromad va zayom bo‘yicha to‘lovlar; lotereya bo‘yicha yutuqlar; tovarlarni kreditga sotib olish natijasida tashkil topadigan, vaqtincha bo‘sh mablag‘lar; har xil turdagi kompensatsiya to‘lovlar va h.k.
Aholi turmush darajasi tushunchasini ularning hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlar bilan ta’minlanishi hamda kishilar ehtiyojining bu ne’matlar bilan qondirilishi darajasi sifatida aniqlash mumkin.
Aholi turmush darajasining BMT tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkichlari tizimi o‘z ichiga quyidagi guruhlarni oladi:
Tug‘ilish va o‘lish darajasi hamda boshqa demografik ko‘rsatkichlar.
Hayot kechirishning sanitar-gigiena jihatidan sharoitlari.
Oziq-ovqat tovarlarini iste’mol qilish.
Turar joy sharoitlari.
Ma’lumot va madaniyat.
Mehnat qilish va bandlik sharoitlari.
Aholining daromadlari va xarajatlari.
Hayot kechirish qiymati va iste’mol narxlari.
Transport vositalari.
Dam olishni tashkil etish.
Ijtimoiy ta’minot.
Inson erkinligi.
Bu asosiy ko‘rsatkichlardan tashqari yana ba’zi bir axborotga oid ko‘rsatkichlar ham ajratib ko‘rsatiladi: aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi YaIM, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi milliy daromad, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi iste’mol hajmi va boshqalar.
Kishilar hayot faoliyati uchun zarur ne’matlar to‘plami mehnat sharoiti, ta’lim, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat va uy-joy sifati kabi xilma-xil ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Kishilar ehtiyojlarini qondirish darajasi jamiyat a’zolarining alohida olgan va oilaviy daromadlari darajasiga bog‘liq. Turmush darajasini mamlakat darajasida (butun aholi uchun) va tabaqalashgan mikrodarajada (aholining alohida guruhi uchun) qarab chiqish mumkin. Birinchi yondashuv turli mamlakatlarda aholining turmush darajasini aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha aniqlab, qiyosiy tahlil qilish imkonini beradi.
Aholi guruhlari bo‘yicha daromadlar taqsimlanishi dinamikasini taqqoslash iste’molchi byudjeti asosida amalga oshiriladi. Iste’molchi byudjetlarining bir qator turlari mavjud bo‘ladi: o‘rtacha oila byudjeti, yuqori darajada ta’minlangan byudjet, minimal darajada moddiy ta’minlanganlar byudjeti, nafaqaxo‘rlar va aholi boshqa ijtimoiy guruhlari byudjeti shular jumlasidandir.
Farovonlikning eng quyi chegarasini oila daromadining shunday chegarasi bilan belgilash mumkinki, daromadning bundan past darajasida ishchi kuchini takror hosil qilishni ta’minlab bo‘lmaydi. Bu daraja moddiy ta’minlanganlik minimumi yoki kun kechirish darajasi (qashshoqlikning boshlanishi) sifatida chiqadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘rtacha daromad «o‘rtacha sinf» deb ataladigan tabaqalar daromadlari bo‘yicha aniqlanadi. Bunday guruh iste’mol savati to‘plamiga uy, avtomashina, dala hovli, zamonaviy uy jihozlari, sayr qilish va bolalarini o‘qitish imkoniyati, qimmatli qog‘ozlar va zebu ziynat buyumlari kiradi.
Bozor iqtisodiyoti aholining yuqori ta’minlangan yoki «boy» qatlamining mavjud bo‘lishini taqozo qilib, ularga aholining yuqori sifatli tovar va xizmatlar xarid qilishga layoqatli bo‘lgan juda oz miqdori kiradi.
Turmush darajasi kishilarning turmush tarzi bilan uzviy bog‘liq. Turmush tarzi – bu kishilar (jamiyat, ijtimoiy qatlam, shaxs)ning milliy va jahon hamjamiyatidagi hayot faoliyati turi hamda usullarini aks ettiruvchi ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya. Turmush tarzi inson hayot faoliyatining turli jihatlarini qamrab oladi, ya’ni:
- mehnat, uni tashkil etishning ijtimoiy shakllari;
- turmush va bo‘sh vaqtdan foydalanish shakllari;
- siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish;
- moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni qondirish shakllari;
- kishilarning kundalik hayotdagi xulq-atvori me’yorlari va qoidalari.
2. Daromadlar tengsizligi va uning darajasini aniqlash
Dunyodagi barcha mamlakatlar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadlar darajasi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu turli mamlakatlar aholisining daromadlari darajasi o‘rtasida tengsizlik mavjudligini bildiradi. Shu bilan birga alohida olingan mamlakatlar aholisining turli qatlam va guruhlari o‘rtacha daromadlari darajasida ham farq mavjud bo‘ladi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi darajasi ham daromadlaridagi farqlarni bartaraf qilmaydi.
Daromadlar tengsizligi darajasini miqdoriy aniqlash uchun jahon amaliyotida Lorens egri chizig‘idan foydalaniladi (1-chizma). Chizmaning yotiq chizig‘ida aholi guruhlarining foizdagi ulushi, tik chizig‘ida esa bu guruhlar tomonidan olinadigan daromadning foizdagi ulushi joylashtirilgan. Nazariy jihatdan daromadlarning mutlaq teng taqsimlanishi imkoniyati (burchakni teng ikkiga bo‘luvchi) 0E chiziqda ifodalangan bo‘lib, u oilalarning har qanday tegishli foizi daromadlarning mos keluvchi foizini olishini ko‘rsatadi. Ya’ni aholining 20% barcha daromadlarning 20%ni, aholining 40% daromadlarning 40%ni, aholining 60% daromadlarning 60%ni olishini bildiradi va h.k. Demak, 0E chizig‘i daromadlarning taqsimlanishidagi mutlaq tenglikni ifodalaydi.
Shuningdek, nazariy jihatdan mutlaq tengsizlikni ham ajratib ko‘rsatish mumkin. Bunda aholining ma’lum guruhlari (20%, 40 yoki 60% va h.k.) hech qanday daromadga ega bo‘lmay, faqat bir foizi barcha 100% daromadga ega bo‘ladi. Chizmadagi 0FE siniq chizig‘i mutloq tengsizlikni ifodalaydi.
Real hayotda mutlaq tenglik va mutlaq tengsizlik holatlari mavjud bo‘lmaydi. Balki aholining ma’lum guruhlari o‘rtasida daromadlarning taqsimlanishi notekis ravishda boradi. Bunday taqsimlanishini Lorens egri chizig‘i deb nomlanuvchi 0E egri chizig‘i orqali kuzatish mumkin. Aholi guruhlari ulushi va daromad ulushini birlashtiruvchi egri chiziqdan ko‘rinadiki, aholining dastlabki 20%ga daromadlarning juda oz (taxminan 3-4%gacha) qismi to‘g‘ri keladi. Keyingi guruhlarga to‘g‘ri keluvchi daromad ulushi ortib boradi. Daromadning eng katta qismi (deyarli 60%) aholining so‘nggi 20%ga to‘g‘ri keladi. Bu guruh chegarasi ichida ham daromadlar notekis taqsimlangan, ya’ni dastlabki 10% taxminan 20% daromadga ega bo‘lsa, keyingi 10%ga daromadning deyarli 40% to‘g‘ri keladi va h.k.
Mutloq tenglikni ifodalovchi chiziq va Lorens egri chizig‘i o‘rtasidagi tafovut daromadlar tengsizligi darajasini aks ettiradi. Bu farq qanchalik katta bo‘lsa, ya’ni Lorens egri chizig‘i 0E chizig‘idan qanchalik uzoqda joylashsa, daromadlar tengsizligi darajasi ham shunchalik katta bo‘ladi. Agar daromadlarning haqiqiy taqsimlanishi mutloq teng bo‘lsa, bunda Lorens egri chizig‘i va bissektrisa o‘qi bir-biriga mos kelib, farq yo‘qoladi.
Daromadlar tabaqalanishini aniqlashning ko‘proq qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlaridan bir ditsel koeffitsienti hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich 10% eng yuqori ta’minlangan aholi o‘rtacha daromadlari va 10% eng kam ta’minlanganlar o‘rtacha daromadi o‘rtasidagi nisbatni ifodalaydi. Masalan, AQSh va Buyuk Britaniyada bu nisbat 13:1ga, Shvetsiyada esa 5,5:1ga teng.
Yalpi daromadning aholi guruhlari o‘rtasida taqsimlanishini tavsiflash uchun aholi daromadlari tengsizligi indeksi (Djini koeffitsienti) ko‘rsatkichi qo‘llaniladi. Djini koeffitsienti chizmadagi Lorens egri chizig‘i bilan mutlaq tenglik chizig‘i o‘rtasidagi yuzaning 0FE uchburchak yuzasiga nisbati orqali aniqlanadi. Bu ko‘rsatkich qanchalik katta bo‘lsa, (ya’ni 1,0 ga yaqinlashsa) tengsizlik shuncha kuchli bo‘ladi. Jamiyat a’zolari daromadlari tenglashib borganda bu ko‘rsatkich 0 (nol)ga intiladi. Masalan, keyingi yarim asr davomida Djini indeksi Buyuk Britaniyada 0,39 dan 0,35 ga qadar, AQShda esa 0,38 dan 0,34 ga qadar pasaygan.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi umumiy omillar mavjud. Bularning asosiylari quyidagilar:
kishilarning umumiy (jismoniy, aqliy va estetik) layoqatidagi farqlar;
ta’lim darajasi va malakaviy tayyorgarlik darajasidagi farqlar;
tadbirkorlik mahorati va tahlikaga tayyorgarlik darajasidagi farqlar;
ishlab chiqaruvchilarning bozorda narxlarni o‘rnatishga layoqatliligi (bozordagi hukmronlik darajasidan kelib chiqib) darajasidagi farqlar.
Bunday sharoitda davlatning daromadlarni qayta taqsimlash vazifasi daromadlar tengsizligidagi farqlarni kamaytirish va jamiyat barcha a’zolari uchun ancha qulay moddiy hayot sharoitini ta’minlashga qaratiladi.
3. Davlatning ijtimoiy siyosati Davlatning ijtimoiy siyosati tegishli markazlashgan daromadlarni tabaqalashgan soliq solish yo‘li bilan shakllantirish va uni byudjet orqali aholi turli guruhlari o‘rtasida qayta taqsimlashdan iborat. Davlat daromadlarni qayta taqsimlashda ijtimoiy to‘lovlar bilan birga bozor narxlarini o‘zgartirish va ish haqining eng kam darajasini belgilash usullaridan foydalanadi.
Ijtimoiy to‘lovlar – kam ta’minlanganlarga pul yoki natural yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlari tizimi bo‘lib, bu ularning iqtisodiy faoliyatda qatnashishi bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Ijtimoiy to‘lovlarning maqsadi jamiyatdagi munosabatlarni insonparvarlashtirish hamda ichki talabni ushlab turish hisoblanadi.
Aholi real daromadlari darajasiga inflyatsiya sezilarli ta’sir ko‘rsatishi sababli daromadlarni davlat tomonidan tartibga solishning muhim vazifasi iste’mol tovarlariga narxning o‘sishini hisobga olish va daromadlarni indeksatsiyalash, ya’ni nominal daromadlarni narxlar o‘sishiga bog‘liqlikda oshirib borish hisoblanadi.
Shaxsiy daromadni himoya qilishda ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishi aholining kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Amaliy hayotda qashshoqlikning o‘zi hayot kechirish minimumi yordamida aniqlanadi. Bu ijtimoiy va fiziologik (jismoniy) minimumda ifodalanadi. Ijtimoiy minimum jismoniy ehtiyojlarni qondirishning minimal me’yori bilan birga ijtimoiy talablarning minimal xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Fiziologik minimum esa faqat asosiy jismoniy ehtiyojlarni qondirishni ko‘zda tutadi.
Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda aholining ijtimoiy yordamiga muhtoj qismini aniqlashda turli xil mezonlar asos qilib olinadi. Ular jumlasiga daromad darajasi, shaxsiy mol-mulki miqdori, oilaviy ahvoli va shu kabilar kiritiladi.
Ijtimoiy siyosat – bu davlatning daromadlar taqsimotidagi tengsizlikni yumshatishga va bozor iqtisodiyoti qatnashchilari o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf qilishga yo‘naltirilgan siyosatdir.
Aholini ijtimoiy himoyalash chora-tadbirlari tizimidagi eng asosiy yo‘nalish – bu narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning eng kam va o‘rtacha darajasini muntazam oshirib borish hisoblanadi.
Aholini ijtimoiy himoyalashning ikkinchi yo‘nalishi – ichki iste’mol bozorini himoya qilish, hamda oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish bo‘ldi. Bunga erishishda muhimi mahsulotlar eksportini bojxona tizimi orqali nazorat qilish va ularga yuqori boj to‘lovlari joriy etish, kundalik zarur tovarlarni me’yorlangan tarzda sotishni tashkil qilish kabi tadbirlar katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning uchinchi yo‘nalishi – aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida kuchli chora-tadbirlar o‘tkazilganligi bo‘ldi. Bu yo‘nalishda aholining ijtimoiy jihatdan nochor qatlamlari – pensionerlar, nogironlar, ko‘p bolali va kam daromadli oilalar, ishsizlar, o‘quvchi yoshlar hamda qayd etilgan miqdorda daromad oluvchi kishilar turli xil yo‘llar bilan himoya qilib borildi.
Yalpi ijtimoiy himoyalash tizimidan ishonchli ijtimoiy kafolatlar va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga izchillik bilan o‘tish – ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga, ijtimoiy himoya vositasini kuchaytirishda sifat jihatdan yangi bosqich boshlashini bildiradi.
Shunday qilib, islohotlar davrida davlat aholining muhtoj tabaqalarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, o‘z mehnat faoliyati orqali oilasining farovonligini ta’minlashga intiluvchi kishilar uchun teng sharoit va qulay imkoniyat yaratishga harakat qiladi. Aholi turmush darajasi davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosati samaradorligini baholashning eng muhim mezonidir. Uni oshirib borish ijtimoiy rivojlanishning asosiy maqsadidir. «Turmush darajasi» tushunchasi zamonaviy talqinda inson faoliyatining barcha tomonlariga taalluqli bo`lgan keng qamrovli tushunchadir, ushbu jihatlar jam bo`lib, umuman jamiyat va xususan, uning ayrim a`zolarining farovonligi to`g`risida tasavvur beradi.
Turmush darajasi deganda, aholining zaruriy moddiy va nomoddiy ne`matlar va xizmatlar bilan ta`minlanganlik hamda ularni iste`mol qilish darajasi tushuniladi.
Millat (aholi)ning farovonlik darajasini ifodalash uchun "turmush darajasi", "xalq farovonligi", "turmush faoliyati xavfsizligi", "turmush tarzi", "mehnat faoliyati sifati", "turmush sifati" kabi turli xil tushunchalar qo`llaniladi. Ba`zan turli atamalar bir mazmunni anglatsa, boshqa hollarda ular o`rtasidagi farq muayyan xarakter kasb etadi, mazmuni sezilarli darajada farq qiladi. Shu bilan birga, mazkur tushunchalarning o`zaro bog`liqligini qayd etish lozim.
O`zbekistonda aholining moddiy, ma`naviy, ijtimoiy ehtiyojlarining qondirilish darajasini ifodalaydigan "turmush darajasi" atamasi kengroq qo`llaniladi. Bunday tavsif ko`proq turmush darajasi statistikasini xarakterlaydi (5.1-rasmga qarang). Shu bilan birga turmush darajasi - ko`plab omillar yig`indisi ta`sirida bo`lgan o`zgaruvchan jarayondir. Bir tomondan turmush darajasi muntazam o`zgarib turadigan turli ne`matlarga bo`lgan ehtiyojlarning tarkibi va darajasi bilan, boshqa tomondan u ehtiyojni qondirish imkoniyatlari, tovarlar va xizmatlar bozoridagi holat, aholi daromadlari, mehnatkashlarning ish haqi bilan belgilanadi. Ammo ish haqi miqdori ham, turmush darajasi ham ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohalari samaradorligining ko`lami, ilmiy-texnik taraqqiyot (ITT) darajasi, aholining madaniy-ma`rifiy saviyasi va tarkibi, milliy xususiyatlar, siyosiy hokimiyatga bog`liq.
70-80 yillarda "turmush tarzi" tushunchasi keng qo`llanilgan, bunda hayot faoliyatining sifat ko`rsatkichlari "turmush tarzi", miqdor ko`rsatkichlari esa "turmush darajasi" bilan ifodalangan. Shuningdek, aholining turmush darajasini xarakterlovchi boshqa atama va tushunchalar mavjud. Turmush darajasining eng mufassal talqini quyidagicha: turmush darajasi - bu jismoniy, ma`naviy va ijtimoiy ehtiyojlarning rivojlanish darajasi, qondirilganlik miqyosi va ularni qoniqtirish uchun yaratilgan imkoniyatlarni aks ettiruvchi kompleks ijtimoiy–iqtisodiy kategoriyadir. Bunday talqin turmush darajasining sifat va miqdor ko`rsatkichlarini yanada to`liqroq ifodalashga imkon yaratadi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) konventsiyalariga muvofiq, har bir inson o`zi va oilasining salomatligi va farovonligini ta`minlovchi turmush darajasiga (oziq-ovqat, kiyim-bosh, uy-joy, tibbiy parvarish, ijtimoiy xizmatlar), shuningdek, ishsizlik, nogironlik, bevalik holatlarida ta`minot olish huquqiga ega. Barcha huquqlar milliy kontseptsiyalar asosida amalga oshiriladi.
Turmush darajasi kontseptsiyasi tamoyillar va ko`rsatkichlar tizimiga asoslanuvchi, aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan g`oyani ifodalaydi. Turmush darajasining kontseptsiyasi ko`zda tutilgan maqsadlarni amalga oshirish strategiyasi va yo`nalishlari, bosqichlarini belgilab beradi va ma`lum tarixiy xarakterga ega.
Sobiq ittifoq davrida kommunizm qurish, «har kimdan qobiliyatiga yarasha, har kimga ehtiyojiga yarasha» tamoyilini amalga oshirish asosiy maqsad sanalar edi. Jamiyatning har bir a`zosini har tomonlama kamol toptirish taraqqiyotning ustuvor yo`nalishi deb belgilangandi. Bu aslida sovet jamiyatining turmush darajasi kontseptsiyasi vazifasini o`tagan. Mazkur kontseptsiya mehnatkashlarning muntazam o`sib borayotgan ehtiyojlarini imkon qadar qondirishni ko`zda tutuvchi ijtimoiyizmning asosiy qonunlarida ham o`z aksini topgan edi.
Umuman olganda, sho`rolar davrida mehnatkashlar ehtiyojlarini qondirish bo`yicha ko`plab ishlar amalga oshirildi, ularning daromadlari, ish haqlari o`sib bordi, ammo bu daromadlar salmog`i, ehtiyojlar tarkibi va hajmi xalqaro o`lchovlar bilan taqqoslaganda juda past edi. Shu bilan birga amal qilgan turmush darajasi kontseptsiyasi real bo`lmasdan, ko`proq ideal turmush modelini eslatardi.
Bozor munosabatlariga o`tish davrida O`zbekistonda yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga javob beradigan turmush darajasi kontseptsiyasini yaratishga zarurat tug`ildi. Mazkur kontseptsiyani shakllantirishda so`nggi yillarda jahon amaliyotida keng qo`llanilayotgan "turmush sifati" kontseptsiyasining ayrim qoidalaridan foydalanish mumkin.
Tarixiy jihatdan "turmush sifati" kontseptsiyasi inson hayoti faoliyatining iqtisodiy parametrlarini aks ettiruvchi "global ish bilan bandlik", "turmush darajasi", "mehnat faoliyati sifati" kabi kontseptsiyalarning rivojlanishi asosida yuzaga kelgan.
Turmush sifati kontseptsiyasi inson jamoalarining jismoniy, aqliy va ijtimoiy barkamolligini belgilovchi shartlarni shakllantiradi. Bu yerda gap faqat turmush sifati (ovqatlanish, uy-joy, ish bilan bandlik, ta`lim darajasi)ni baholovchi ob`ektiv omillar haqida emas, balki inson tomonidan o`zining farovonligi, baxt, qoniqish, rohat kabi tushunchalarni sub`ektiv his etishi to`g`risida ham bormoqda. Masalan, sog`liq darajasi, oilaviy munosabatlari, ishi, moddiy ahvoli, yaratuvchanlik qobiliyati va hokazolardan qoniqish hayotdan qoniqish hosil qilishning muhim komponenti hisoblanadi. Shunday qilib, turmush sifati kontseptsiyasi insonning atrof-muhit bilan o`zaro munosabatlarini ham o`z ichiga oladi. Bu munosabatlar ehtiyojlarning qondirilganligi va mavjud imkoniyatlarni kutilgan imkoniyatlarga mosligi darajasini xarakterlaydi.
Turmush darajasi inson (aholi) hayot faoliyatining ma`lum bir qirrasi to`g`risida tasavvur beradigan ko`rsatkichlar tizimi bilan belgilanadi. Turmush darajasi to`g`risida batafsil ma`lumot olish uchun aholi daromadlari va ehtiyojlari, iste`mol darajasi va tarkibi, uy-joy, mol-mulk, madaniy-maishiy buyumlar va boshqa imkoniyatlar bilan ta`minlanganlik darajasini chuqur o`rganish lozim.
Turmush darajasini ifodalovchi ko`rsatkichlar turli-tuman bo`lib, turmush darajasi kontseptsiyasi bilan uzviy bog`liq. Ayrim muhim ko`rsatkichlar va uning indikatorlari jadvalda keltirilgan.
Turmush darajasini baholash uchun jadvalda keltirilgan ko`rsatkichlar:
-darajaga oid ko`rsatkichlar (mutlaq qiymatlar);
-tarkibiy ko`rsatkichlar (darajaga oid ko`rsatkichlarning tarkibiy qismlari);
-dinamik (darajaga oid ko`rsatkichlarning o`zgarishini tavsiflaydigan, nisbiy) ko`rsatkichlar sifatida hisoblab chiqilishi mumkin.
Nisbiy turmush darajasini quyidagi uchta jihat bo`yicha:
а) avvalgi yillardagi turmush darajasi bilan taqqoslash;
b) bir mintaqadagi turmush darajasini boshqa mintaqalardagi (mamlakatlardagi) turmush darajasi bilan taqqoslash;
v) amaldagi turmush darajasini odamlarning minimal va oqilona talablarini ifodolovchi ehtiyojlarning rivojlanganlik darajasi bilan taqqoslash orqali aniqlash mumkin.
Yuqorida keltirilgan turmush darajasi kontseptsiyasi inson faoliyatining alohida qirralarini xarakterlaydi. Ta`kidlab o`tilganidek, barcha klassifikatsiyalar o`rtasida uzviy aloqa mavjud. Ular bir-birini to`ldiradi, ammo kompleks baholash uchun integral ko`rsatkichlar tizimi zarur. Hozirda asosi turlicha bo`lgan turmush darajasi kontseptsiyalarini aholining turmush darajasini (sifatini) har tomonlama xarakterlab beradigan yagona ko`rsatkichga keltirish bo`yicha samarali usul yo`q, biroq olimlar shunday usullarni ishlab chiqish bo`yicha jiddiy ish olib bormoqdalar.
SHo`rolar davri amaliyotida integral o`lchov sifatida jon boshiga to`g`ri keladigan o`rtacha haqiqiy daromad ko`rsatkichidan foydalanilardi. Uni oshirishning asosiy shakllari quyidagilar: haqiqiy ish haqining o`sishi (pul shaklidagi ish haqini to`g`ridan-to`g`ri oshirish, narxlarni tushirish, soliqlar, majburiy ajratmalarni kamaytirish), ijtimoiy iste`mol jamg`armalaridan to`lanadigan to`lovlarni (ijtimoiy transfertlarni) oshirish va boshqalar.
"Haqiqiy daromadlar" ko`rsatkichida pul daromadlaridan tashqari natural daromadlarning qiymati, muassasalarning ijtimoiy soha uchun moddiy xarajatlari ko`rinishidagi daromadlar, aholining qimmatbaho qog`ozlari, jamg`armalari ham hisobga olinadi. Aholining haqiqiy daromadlari indeksi jon boshiga to`g`ri keladigan daromadlar dinamikasini, moddiy ne`matlar, xizmatlar, tariflar baholarining, soliqlar va majburiy ajratmalarning o`zgarishini hisobga olgan holda ifodalayadi.
Keyingi yillarda yangi – «ixtiyordagi haqiqiy daromad» (soliqlar va majburiy ajratmalar chiqarib tashlanib, inflyatsiya sur`atlarini hisobga olgan holdagi pul daromadlari) ishlatilmoqda.
Bu ikki ko`rsatkichning farqi haqiqiy ixtiyordagi daromad – miqdor ko`rsatkichi, jon boshiga to`g`ri keladigan o`rtacha haqiqiy daromad esa aholi jon boshiga to`g`ri keladigan daromadlarning o`rtacha miqdori ekanidan tashqari, ularni hisoblash metodikasi ham turlicha.
Aholining turmush darajasini ifodalash uchun jahondagi turli mamlakatlarda turlicha mezonlar qo`llaniladi. Ular orasida minimal iste`mol byudjeti, kambag`alchilik, mutloq va nisbiy kambag`alchilik ko`rsatkichlari keng foydalaniladi.
Dostları ilə paylaş: |