Davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish, xususiylashtirish, shuningdek iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish tarkibiy tuzilmalarni qayta tashkil etishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi qanday amalga oshirilayotganligi haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon ORTIQOV soʻzlab berdi. – Mamlakat iqtisodiyotida davlat ulushining yuqoriligi nimalarga olib kelishi mumkin? – Avvalo, iqtisodiyotda davlat ishtirokining yuqoriligi sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Xususiylashtirish jarayonini ochiq-oshkora amalga oshirmasak, mahalliy va xorijiy investorlarning ishonchini qozona olmaymiz. Davlat korxonalarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari amalga oshirilmasa, ularning jozibadorligini oshirib boʻlmaydi.
Hozirgi paytda deyarli har bir davlat organi va mahalliy hokimiyat organlari korxonalarning muassislari hisoblanishini misol tariqasida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Bugungi kunda davlat ishtirokidagi korxonalar soni ikki yarim mingdan ortiqni (2 541) tashkil etadi, ularning yarmi (1 210) unitar korxona shaklida tuzilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻpchiligi faoliyati samarali boʻlmayapti, bu esa davlat yaxshi menejer boʻla olmasligining yana bir tasdigʻidir.
Respublika iqtisodiyotida davlatning ishtiroki ilgarigidek yuqoriligicha qolmoqda va 55%ni tashkil etadi. Masalan, Janubiy Koreyada ushbu koʻrsatkich 22%ni, Germaniyada – 18%ni, AQSHda – 11%ni va Yaponiyada – 5%ni tashkil etadi.
Shu munosabat bilan “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi” ishlab chiqilgan va Hukumat tomonidan joriy yilning 29-martida tasdiqlangan.
– Strategiya doirasida qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda? – Birinchidan, xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokini cheklash nazarda tutilgan. Davlat ishtirokidagi korxonalarni saqlab qolishga asos mavjud boʻlmagan taqdirda, ularni tugatish, qayta tashkil etish yoki sotish jarayoni “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida amalga oshiriladi.