Aksiologiya qadriyatlar falsafasi


Jamiyat va inson hayotida qadriyatlarning roli



Yüklə 125 Kb.
səhifə9/13
tarix06.06.2023
ölçüsü125 Kb.
#125796
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Aksiologiya

Jamiyat va inson hayotida qadriyatlarning roli. Ularni quyidagi uch guruhga ajratish mumkin:
1. Inson va jamiyat uchun ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlar. Bu shunday qadriyatlarki, ularsiz jamiyat va insonning normal faoliyati izdan chiqmaydi.
2. Kundalik hayot va ehtiyojlar bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar. Bu guruhga aksariyat moddiy va ma'naviy qadriyatlar kiradi. Bular insonning moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirish, jamiyatning normal faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan qadriyatlardir.
3. Oliy qadriyatlar – bu o‘z ahamiyatiga ko‘ra eng yuksak darajada turuvchi, odamlarning fundamental munosabatlari va ehtiyojlarini aks ettiruvchi qadriyatlardir. Oliy qadriyatlarsiz nafaqat inson shaxs sifatida kamol topa olmaydi, balki jamiyat ham normal hayot kechira olmaydi. Oliy qadriyatlarning mavjudligi doimo individning shaxsiy hayoti chegarasidan chetga chiqish bilan bog‘liq. Ular individni uning o‘zidan yuksak bo‘lgan, uning hayotini belgilaydigan, uning taqdiri uzviy bog‘liq bo‘lgan narsalar bilan oshno etadi. Ayni shu sababli oliy qadriyatlar odatda umuminsoniy xususiyat kasb etadi.
Moddiy, ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy qadriyatlarning bir qismi oliy qadriyatlar qatoriga kiradi. Bular avvalo: tinchlik, insoniyat hayoti; adolat, erkinlik, odamlarning huquqlari va burchlari, do‘stlik va mehribonlik haqidagi tasavvurlar; qarindoshlik aloqalari; faoliyat qadriyatlari (mehnat, ijod, bunyodkorlik, haqiqatni anglab yetish); o‘z-o‘zini asrash qadriyatlari (hayot, sog‘liq); o‘z shaxsiyatini namoyon etish, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish qadriyatlari; shaxsiy fazilatlarni tanlashni tavsiflovchi qadriyatlar (halollik, dovyuraklik, sadoqat, adolat, yaxshilik) va h.k.
Qadriyatlarni turli asoslarga ko‘ra tasniflash dialektik xususiyat kasb etadi, ya'ni u qotib qolgan va harakatsiz emas. Birinchidan, sharoitlar o‘zgarishi bilan qadriyatlar bir turdan, bir muhimlik darajasidan boshqa turga, boshqa muhimlik darajasiga o‘tishi mumkin. Ikkinchidan, jamiyat rivojlanishi bilan yangi qadriyatlar vujudga kelishi mumkin va aksincha, avvalgi qadriyatlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi yoki umuman yo‘q bo‘ladi. Uchinchidan, qadriyatlar bir-biri bilan muayyan tur doirasidagina emas, balki turlar o‘rtasida, guruhlarda va guruhlar o‘rtasida ham yaqin aloqa qiladi va o‘zaro ta'sirga kirishadi. Nihoyat, qadriyatlarning har bir turida ko‘p sonli tur xillarini farqlash lozim. Masalan, ma'naviy qadriyatlar guruhida axloqiy qadriyatlar, estetik qadriyatlar, bilishga doir (gnoseologik) qadriyatlarni aniq farqlash mumkin.
Oliy qadriyatlar guruhida qadriyat sifatidagi hayot (hayot qadriyatlari), qadriyat sifatidagi sog‘liq va qadriyat sifatidagi erkinlik alohida farqlanadi.
Hayot eng oliy qadriyatlar qatoriga kiradi, zero hayotsiz inson bo‘lmaydi va qadriyatlar ham bo‘lishi mumkin emas. Individ uchun hayot boshqa biron-bir narsaga bog‘liq bo‘lmagan holda eng yuksak qadriyat, ne'mat sifatida amal qiladi. O‘z navbatida, hayotning qimmati boshqa barcha qadriyatlar uchun o‘ziga xos zamin va cho‘qqi hisoblanadi. Hayotning qimmati qanday tushunilishiga qarab odamlar o‘rtasidagi munosabatlar va jamiyatning insonga bo‘lgan munosabati ham shakllanadi.
Birinchi holda hayotning qimmatiga individual nuqtai nazardan yondashilsa, ikkinchi holda – ijtimoiy nuqtai nazardan yondashiladi, ya'ni bu yerda hayotning ahamiyati individning o‘zi uchun emas, balki jamiyat uchun belgilanadi.
Insonning o‘zi qadriyat hisoblanadimi, degan savolning ikki tomoni bor 1) inson uchun boshqa odamning va umuman insonning qimmati nimada? 2) uning o‘z hayotining qimmati nima bilan o‘lchanadi? Tafsilotlarga berilmay shuni qayd etamizki, bu savollarga javoblar aniq va uzil-kesil bo‘lishi mumkin emas. Gap shundaki, individning boshqa odamlarga qiziqishi odamlar qandayligigagina emas, balki uning o‘zi qandayligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Bunga yana shuni qo‘shimcha qilish joizki, inson hayotining va insonning qimmati to‘g‘risidagi masalaning qo‘yilishi tarixiy sharoitlar bilan bevosita bog‘liq. Masalan, O‘rta asrlarda feodal o‘z krepostnoyini o‘ldirishi jinoyat hisoblanmagan va jazoga tortilmagan. Hozirgi vaqtda har bir kishining yashash huquqi tan olingan va odam o‘ldirish u yoki bu tarzda jazolanmaydigan mamlakat mavjud emas. Xullas, inson – alohida, mutlaq qadriyat. Qolgan barcha qadriyatlar inson manfaatlari nuqtai nazaridan baholanadi.

Yüklə 125 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin