34-modda. Jamiyatning fondlari va sof aktivlari Jamiyat ustavida nazarda tutilgan, ammo ustav fondining o‘n besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda jamiyat zaxira fondi tuziladi. Jamiyatning zaxira fondi jamiyatning ustav fondida belgilangan miqdorga yetguniga qadar har yili sof foydadan majburiy ajratmalar o‘tkazish orqali tashkil etiladi. Har yilgi ajratmalarning miqdori jamiyat ustavida nazarda tutiladi, ammo bu miqdor jamiyat ustavida belgilangan miqdorga yetguniga qadar sof foydaning besh foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Jamiyatning zaxira fondi ko‘rilgan zararni qoplash, jamiyat obligatsiyalarini muomaladan chiqarish, imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash va ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni sotib olishni talab qilish huquqiga ega bo‘lgan aksiyadorlarning talabiga binoan aksiyalarni sotib olish uchun mo‘ljallanadi.
Zaxira fondidan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
Jamiyat sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisob-kitob ma’lumotlari bo‘yicha belgilangan tartibda baholanadi.
Agar ikkinchi moliya yili va undan keyingi har bir moliya yili tugaganidan keyin jamiyat aksiyadorlari tasdig‘iga taqdim etilgan yillik buxgalteriya balansiga yoki auditorlik tekshiruvi natijalariga ko‘ra jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan oz bo‘lib chiqsa, jamiyat o‘z ustav fondini sof aktivlari qiymatidan oshib ketmaydigan miqdorgacha kamaytirishini e’lon qilishi shart.
Agar ikkinchi moliya yili va undan keyingi har bir moliya yili tugaganidan keyin jamiyat aksiyadorlari tasdig‘iga taqdim etilgan yillik buxgalteriya balansiga yoki auditorlik tekshiruvi natijalariga muvofiq jamiyat sof aktivlarining qiymati ushbu Qonunning 20-moddasida ko‘rsatilgan ustav fondining eng kam miqdoridan oz bo‘lib chiqsa, jamiyat o‘zini tugatish haqida qaror qabul qilishi shart.
Jamiyatning ustav fondini kamaytirish yoki jamiyatni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinmasa, uning aksiyadorlari, kreditorlari, shuningdek davlat tomonidan vakolat berilgan organlar jamiyatni sud tartibida tugatishni talab qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.