VIII BO‘LIM. JAMIYATNING YIRIK BITIMLAR TUZIShI 89-modda. Jamiyatning mol-mulk olishi yoki uni tasarrufidan chiqarishi bilan bog‘liq yirik bitimlar Quyidagilar yirik bitimlar deb hisoblanadi:
bitimlar tuzish haqida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat aktivlari balans qiymatining yigirma besh foizidan ortiq qiymatga ega bo‘lgan mol-mulkni jamiyatning olishi yoki tasarrufidan chiqarishi bilan bog‘liq yoxud jamiyat bevosita yoki bilvosita mol-mulkni tasarrufidan chiqarishi ehtimoli bilan bog‘liq bitim yoki o‘zaro bog‘langan bir necha bitim, oddiy xo‘jalik faoliyatini yuritish asnosida sodir etiladigan bitimlar bundan mustasno;
jamiyat tomonidan ilgari joylashtirilgan oddiy (odatdagi) aksiyalarning yigirma besh foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadigan oddiy (odatdagi) aksiyalarni yoki oddiy (odatdagi) aksiyalarga ayirboshlanadigan imtiyozli aksiyalarni joylashtirish bilan bog‘liq bir yoki o‘zaro bog‘langan bir necha bitim.
Yirik bitimga sabab bo‘lgan mol-mulk qiymatini aniqlash jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
90-modda. Jamiyatning mol-mulk olishi yoki uni tasarrufidan chiqarishi bilan bog‘liq yirik bitimni tuzish Qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat aktivlari balans qiymatining yigirma besh foizidan ellik foizgachasini tashkil etuvchi mol-mulk xususida bo‘lgan yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror kuzatuv kengashi tomonidan yakdillik bilan qabul qilinadi, bunda kuzatuv kengashining tarkibdan chiqib ketgan a’zolari ovozi hisobga olinmaydi.
Yirik bitim tuzish masalasida jamiyat kuzatuv kengashining yakdilligiga erishilmagan hollarda yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi masala kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi hukmiga havola etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang. Bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat aktivlari balans qiymatining ellik foizidan ortiq qiymatni tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.
(90-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 21-dekabrdagi O‘RQ-135-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 50-51-son, 514-modda)