Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Biologizatorlik konsepsiyalari.Biologizatorlik konsepsiyalarining tarafdorlari insonni uning tabiiy, biologik asosidan kelib chiqib tushuntirishga harakat qiladi. XVIII asr oxirida jamiyat hayotiga ayrim odamlarning o‘z mavjudligi uchun kurash maydoni sifatida qarashni taklif qilgan T.Maltus nazariyasini bunday tushuntirishga bo‘lgan birinchi jiddiy urinish deb hisoblash mumkin. Maltus fikricha, bu kurashda kuchlilar g‘olib chiqadi, kuchsizlar esa halok bo‘lishga mahkumdir. Mazkur kurashga tabiiy omillar turtki beradi. Xususan, aholi soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib boradi, tirikchilik vositalari taklifi esa faqat arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, bu esa muqarrar tarzda ocharchilik, epidemiyalar, urushlar va boshqa ijtimoiy tangliklarga olib keladi. Mazkur omillarga
Maltus kuchlilarning yashab qolishini taminlovchi ijtimoiy munosabatlarning «tabiiy», muqarrar va hatto zarur tartibga solish vositalari sifatida qaraydi. Demografik muammolarning echilmagani, shuningdek ular XX asrda yanada keskinroq tus olishi shunga sabab bo‘ldiki, Maltus g‘oyalari neomaltuzchilar deb nomlangan o‘z davomchilarini topdi va topishda davom etmoqda.
Biologizatorlik yondashuvlari XIX va XX asrlar chegarasida Darvinning tabiiy tanlanish haqidagi talimotini mutlaqlashtirib, nafaqat insonning kelib chiqishi, balki uning mohiyatini, pirovard natijada esa – butun ijtimoiy munosabatlar tabiatini tushuntirishga harakat qilgan sotsial-darvinistlarga ham xosdir. Hozirgi vaqtda bu yo‘nalishni odamlarga ham, hayvonlarga ham teng darajada xos bo‘lgan irsiyatga urg‘u beruvchi sotsiobiologiya davom ettirmoqda. Sotsiobiologlar fikriga ko‘ra, inson xulq-atvori ham, hayvon xulq-atvori ham irsiy omillar bilan belgilanadi va hech kim o‘z irsiyati tasirini – u xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon – engishga qodir emas.
Inson tabiati xususida shunga o‘xshash qarashlarga ayrim odamlarning boshqa odamlardan ustunligini faqat ularning «oliy» yoki «past» irqqa mansublik belgisiga ko‘ra elon qiluvchi irqchilik konsepsiyalarida ham duch kelish mumkin. Bu, xususan, «irqiy tozalik» uchun kurash olib borgan va «irqiy tanlanish»ni amalga oshirish g‘oyasini faol ilgari surgan fashistik mafkurada ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Mazkur g‘oyalar zamirida asosan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida keng tarqalgan «inson irsiyatining oliy sifati»ga qanday vositalar bilan va qay tarzda erishish mumkinligi haqidagi talimot – evgenika yotadi.
XX asr boshlarida bu talimot shu darajada keng tarqaldiki, ayrim mamlakatlarda davlat siyosati bilan uzviy bog‘landi. Xususan, 1920-1930-yillarda Daniya, SHvetsiya va Norvegiyada jamiyatda tabiiy tanlanishni ijtimoiy mustahkamlovchi irqiy qonunlar qabul qilindi.