Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi
Harakat shakllarining tasnifi. Harakat shakllarini tasniflashda qaysi tamoyillarga rioya qilinishiga qarab bunday shakllarning har xil miqdori farqlanadi. XIX asrning saksoninchi yillarida materiya tashkil topishining turli darajalariga asoslanib, materiya harakatining besh asosiy shakli: mexanik, fizik, kimyoviy, biologik va ijtimoiy harakatni qayd etgan.
mexanik harakat – turli jismlarning makonda bir joydan boshqa joyga ko‘chishi: mayda zarralar harakati, katta jismlar, shu jumladan kosmik obektlar harakati, materiya harakatining mexanik shakli boshqa har qanday shaklga kiruvchi eng sodda shakl sifatida namoyon bo‘ladi;
fizik harakat – elektromagnetizm, gravitatsiya, issiqlik, yorug‘lik, ovoz, moddalar agregat holatining o‘zgarishini, fizika o‘rganuvchi issiqlik, yorug‘lik, elektr kuchini qamrab oladi;
kimyoviy harakat – noorganik va organik tabiatdagi turli kimyoviy reaksiyalarni, kimyoviy sintez jarayonlarini o‘z ichiga oladi;
biologik harakat – jonli organizmlarda yuz beruvchi rang-barang biologik jarayonlar; - organik hayotni qamrab oladi. Ular tabiat sohasidagi asosiy shakllar hisoblanadi. Ulardan yuqorida yanada oliyroq soha – ijtimoiy-tarixiy jarayon mavjud;
ijtimoiy harakat – ijtimoiy o‘zgarishlarni, shuningdek fikrlash jarayonlarini qamrab oladi.
Harakatning har bir shakli nisbatan mustaqil bo‘lsa-da, ularning barchasi birbiri bilan bog‘liq. Harakatning murakkabroq shakli o‘zidan oldingi soddaroq shakllar negizida vujudga keladi, ularning sintezi hisoblanadi, lekin ularning oddiy yig‘indisidan iborat bo‘lmaydi. Masalan, harakatning biologik shakli harakatning soddaroq fizik-kimyoviy shakllari negizida vujudga keladi, ularni o‘zining sharti sifatida o‘z ichiga oladi va harakatning oldingi shakllari bilan taqqoslaganda uning butunlay yangi shakli hisoblanadi. Xuddi shuningdek harakatning ijtimoiy shakli – kishilik jamiyatining vujudga kelishi va rivojlanishi ham harakatning biologik va o‘zidan oldingi boshqa barcha shakllarini o‘zining sharti sifatida o‘z ichiga oladi, lekin ularning yig‘indisi emas, balki harakatning butunlay yangi shakli hisoblanadi.
Harakat shakllari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri tushunish murakkab obektlar va jarayonlarni ilmiy bilish uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Ko‘rsatilgan munosabatlar materiya harakati turli shakllarining o‘zaro tasiri bilan tavsiflanadi. Materiya harakati asosiy shakllarining keltirilgan tasnifi fan tabiat rivojlanishining teran aloqalarini endigina aniqlay boshlagan XIX asrning saksoninchi yillarida yaratilgan edi. O‘sha davrda hali ko‘p narsa nomalum, ko‘p narsalarni aniqlash lozim edi.
Fan rivojlanishining hozirgi bosqichida harakat shakllarining yuqorida keltirilgan tasnifi to‘ldirish va aniqlik kiritishni talab qiladi. Kimyo, fizika, biologiyaning rivojlanishi, kompleks fanlarning paydo bo‘lishi materiya harakati shakllari rang-barangligining yagona talqini to‘g‘risida so‘z yuritish imkonini bermaydi. Shu sababli yangi tasniflar paydo bo‘ladi. Masalan, informatsionkibernetik harakat, astronomik harakat, galaktika doirasidagi harakat, galaktikalar o‘rtasidagi harakat tilga olinadi. Materiya harakati muammolarini yoritishda falsafaning asosiy vazifalari shulardan iborat.
Harakatning shakllari bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bunda har bir keyingi harakat o‘zidan oldingi harakatdan kelib chiqadi, unga asoslanadi, biroq, shunga qaramay, quyi shakl bilan bog‘lanmaydi. Harakatning murakkab shakllarini soddaroq shakllarga bunday bog‘lashga urinishlar falsafa tarixida «mexanitsizm», «reduksionizm» (lot. reductio – ortga surish) degan nom olgan, harakat ijtimoiy shakllarini biologik shakllar darajasigacha soddalashtirish biologizatorlik konsepsiyalarida mavjud.
Dunyo, uning kelib chiqishi va rivojlanishi haqidagi hozirgi tasavvurlar nuqtai nazaridan ko‘rsatilgan shakllar harakatning mavjud va taxmin qilingan usullarining butun rang-barangligini aks ettirmaydi. Xususan, elementar zarralarning o‘zgarish jarayonlari, XIX asrda nomalum bo‘lgan mikro- va makrodunyo darajasidagi boshqa o‘zgarishlar materiya harakati mexanik, fizik va kimyoviy shakllarining o‘zaro nisbatiga doir masalani yangidan qo‘ymoqda. Bu erda mexanik shakl endi barcha fizik jarayonlar negizi sifatida qaralmaydi. Endilikda biologik harakat ham boshqacha tushunilmoqda: uning elementar zarralari, ilgari taxmin qilinganidek, oqsilli molekulalar emas, balki XX asrda kashf etilgan DNK va RNK hisoblanadi. Ayrim olimlar Yer po‘sti hamda Yer ostida yuz berayotgan jarayonlar haqidagi hozirgi tasavvurlarga asoslanib harakatning geologik shaklini farqlamoqdalar.
Materiya harakatining geologik shakli mavjudligi haqidagi taxminni qabul qilsak, materiyaning mazkur shakli mexanik, fizik va kimyoviy o‘zaro tasirlarni o‘z ichiga olgan dastlabki sintez sifatida amal qiladi. Bu qadimgi “xaos” kategoriyasida o‘z aksini topadi. Mazkur kategoriya nafaqat tartibga solinmaganlik va tartibsizlik dalili sifatida, balki stixiyali shakllanish tamoyili sifatida ham talqin qilinadi. Bu holda organik dunyo vujudga kelishidan oldingi tabiat mexanik, fizik va kimyoviy jarayonlarning olg‘a qarab rivojlanishidan emas, balki ularning umumiy, differensialanmagan o‘zaro tasiridan tashkil topadi. Ayni paytda bunda geologik va geografik omillar Erda hayot vujudga kelishi uchun tarixiy shart-sharoit yaratgan, deb takidlash lozim.
Zilzilalar Erning qattiq qobig‘ida katta siljish, sinish yoki o‘pirilishlar yuzaga kelishi va tasir energiyasining tez tarqalishi natijasida ro‘y berishi haqidagi tadqiqotlar materiya harakatining geologik shakli mavjudligining dalili hisoblanadi.
SHved olimlarining fikricha, Yer qobig‘i muttasil harakatdagi plitalar bloklaridan tashkil topadi. Ular bir-birining ustiga chiqib, sunami va zilzilaga o‘xshash tabiiy anomaliyalarni vujudga keltiradi. Masalan, Shveysariya ikki plita – Afrika va Evropa plitalari tutashgan erda joylashgan. Afrika plitasi yiliga 6-11 mm\tezlikda siljib, Shveysariyaning hududiy yo‘qotishlari «sababchisi» bo‘lmoqda. Qadimgi Ural ham har yili 3-5 sm\ tezlikda G‘arbiy Evropaga yaqinlashmoqda.
Qadimgi olimlar Yer qobig‘ining harakatini ustki suvlar va Yer ostidagi issiqlik faoliyati bilan tushuntirganlar. Dunyoviy moddaning harakati kosmik sabablar tasirida ham yuz bergan, jumladan, olis o‘tmishda Yer vujudga kelganidan keyin uning yuzasi ulkan asteroidlar urilishidan larzaga kelgan, suvning 1,5 kmg‘gacha balandlikka ko‘tarilishi esa relefni buzgan, degan fikrlar ham bor.
Bazan «materiya harakatining geologik shakli» tushunchasi boshqa sayyoralarga nisbatan tatbiq etilgan. Bunday taxmin harakatning universalligini namoyish etgan, ammo bu aynan Yer sayyorasini ko‘rsatuvchi va unda zarur komponentlar: suv, kislorod, mo‘tadil harorat rejimi mavjudligini nazarda tutuvchi «geo» atamasiga zid bo‘lgan. Ushbu komponentlar majmui boshqa sayyoralarda uchramasligi mazkur fikrning isboti sifatida talqin qilish imkonini beradi.
Materiya harakatining asosiy, xususiy va kompleks shakllari ham mavjud. Materiya harakatining xususiy shakllari asosiy shakllar tarkibiga kiradi. Masalan, fizik materiya bo‘shliq, maydonlar, elementar zarralar, yadrolar, atomlar, molekulalar, makrojismlar, yulduzlar, galaktikalar, metagallaktikani o‘z ichiga oladi.
Materiya harakatining kompleks shakllariga astronomik (metagalaktika – galaktika – yulduzlar – sayyoralar), geologik (planetar jism sharoitidagi materiya harakatining fizik va kimyoviy shakllaridan iborat), geografik (litosfera, gidrosfera va atmosfera doirasidagi materiya harakatining fizik, kimyoviy, biologik va ijtimoiy shakllarini o‘z ichiga oladi) shakllar kiradi. Materiya harakati kompleks shakllarining muhim xususiyatlaridan biri shundan iboratki, ularda pirovard natijada materiyaning quyi shakli – fizik materiya etakchilik qiladi; geologik jarayonlar fizik kuchlar, chunonchi, gravitatsiya, bosim, issiqlik bilan tavsiflanadi. Geografik qonunlar fizik va kimyoviy shartlar hamda Yer yuqori qatlamlarining o‘zaro nisbatlari bilan belgilanadi.
Hozirgi zamon metodologiyasi nuqtai nazaridan materiya harakat shakllarining oddiy chiziqli joylashuvi to‘g‘ri emas. U har bir bo‘g‘inda hech bo‘lmasa ikkiga – rivojlanishning asosiy va ikkinchi darajali tarmoqlariga bo‘linishi zarur. Birinchi – asosiy tarmoq rivojlanish jarayonini kelajakda mazkur sifat bosqichi doirasidan tashqariga olib chiquvchi shakllar vujudga kelishidan dalolat beradi. Ikkinchi tarmoq mavjud harakat shaklining rivojlanish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Masalan, kimyoviy birikmalar organik va noorganik birikmalarga ajrala boshlaydi. Mazkur divergensiyada (ikkiga bo‘linishda) birinchi – organik shakl imkoniyatli shakl sifatida rivojlanish jarayonini materiya harakatining yangi shakli – biologik shaklga olib keladi, imkoniyatsiz tarmoq hisoblangan ikkinchi shakl biz yashayotgan zamin, uning qobig‘ va yuzasini tavsiflaydi. Materiya harakatining biologik shakli darajasida o‘simliklarning quyidan oliyga rivojlanishi imkoniyatsiz tarmoq sifatida qaralishi mumkin, chunki bu rivojlanish jarayoni o‘z tabiati chegaralaridan chetga chiqishigacha olib kelmaydi. Hayvonlarning rivojlanishi sifat jihatidan yangi obekt – inson paydo bo‘lgungacha davom etadi. Bu materiya harakatining sifat jihatidan boshqa shakli vujudga kelganidan dalolat beradi. Materiya harakatining har bir shaklida makro va mikrodarajalarni farqlash, shuningdek, umumiy hamda xususiy qonuniyatlarni bilib olish maqsadga muvofiqdir.