L tovushining affikslar boshidagi turg‘unligi bo‘yicha turkiy tillar ikkita guruhga bo‘linadi. Affikslar boshida l turg‘un bo‘lgan tillarga o‘g‘uz guruhiga mansub turk, ozarbayjon, gagauz, turkman, qarluq va qipchoq guruhga mansub o‘zbek, uyg‘ur, qumiq, qorachoy-balqar, no‘g‘oy va qrimtatar tillari kiradi.
Boshqa turkiy tillarda esa affiks boshidagi l assimilyatsiyaga uchragan. Bunday tillarga oltoy, tuva, xakas, shor, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq, boshqird va yoqut tillari kiradi. Bu hodisa, ko‘pincha, -lar affiksidagi l, shuningdek, l bilan boshlanadigan boshqa affikslarda sodir bo‘ladi.
Ta’kidlangan tillarda -lar afiksi faqat unli yoki sonor bilan tugaydigan o‘zaklarda o‘zgarmaydi: qoz. dala–dalalar, qirg‘. alma–almalar, qoz. nar (tuya) –narlar, qirg‘. tay–taylar, olt. qïr–qïrlar. Agar so‘zning o‘zagi sonor bo‘lmagan undosh bilan tugasa, -lar ning -tar//- dar variantlari vujudga keladi. Ushbu variantning qo‘llanishi o‘zakdagi oxirgi tovushning jarangli yoki jarangsizligiga bog‘liq: qoz. zat (narsa)–zattar, qьz (qiz) –qьzdar. Tuva, xakas, shor va yoqut tillarida ham shu qoidaga amal qilinadi, shuningdek, so‘z o‘zagi n yoki ñ(ng) burun undoshi bilan tugasa, ko‘plik qo‘shimchasi -nar shaklini oladi.
Boshqird tilida -lar affiksi unli bilan tugagan o‘zaklarda saqlanadi, p, t, s, s‘, sh, q, k jarangsiz undoshlardan so‘ng -tar shaklida bo‘ladi: aot (ot)–aot–tar (otlar), uq (o‘q)–uqtar; l, m, n, ñ(ng) va j undoshlardan keyin -dar shakliga ega bo‘ladi: til (til)–tildar (tillar), uram (ko‘cha)–uramdar, qaozan (qozon)–qa oz‘andar; r, z‘, w lardan keyin esa -z‘ar: qьz (qiz)–qьz‘z‘ar.
Shuningdek, -lar affiksining variantlari -tar//-dar mavjud bo‘lgan turkiy tillarda nisbiy sifat affiksi -lï ham variantlarni hosil qiladi. Uning ko‘p tarqalgan varianti -tï//-dï sanaladi.
Mavhum otlardagi -lïq affiksidagi l -tïq//-dïq variantlariga ega bo‘lishi mumkin: qoz. azattьq (ozodlik), ashtïq (ochlik), olt. sog‘ьmtьq (chorva), xak. tastïg‘ (toshliq) va hokazo.
Bunday holat -la fe’l yasovchi affiksida ham sodir bo‘ladi: qoz. basta (boshla), xak. tasta (tashla), olt. bashta (boshla). Shuningdek, -lan affiksi ham o‘zgarishga uchraydi: qoz. solgьndan (so‘lgan), xak. aylaxtan (aylangan), olt. köbükten (ko‘pikdan) kabi.
Turkiy bobotilda odatdagi l dan artikulyatsiyasiga ko‘ra ancha ajralib turadigan l mavjud bo‘lgan. Chuvash tilidan boshqa barcha turkiy tillarda ushbu kuchsiz l tovushi sh tarzida ifodalanadi. Chuvash tilida, shuningdek, hozirda o‘lik tilga aylangan kamalik bulg‘orlar tilida u odatdagi lga aylangan.