Aleksandar Makedonskiyning harbiy yurishlari va unga qarshi kurash. Davlat boshqaruvi



Yüklə 75,5 Kb.
səhifə2/4
tarix23.03.2023
ölçüsü75,5 Kb.
#89355
1   2   3   4
1555495395 74172

Salavkiylar davlati.
Mil.avv. 323 yilda Aleksandr Bobilda to‘satdan vafot etdi. Uning vafot etishi bilanoq davlatdagi markazdan qochuvchi kuchlarning harakatlari faollashuvi natijasida Aleksandr to‘zgan davlat parchalanib uning o‘rniga nisbatan barqarorroq bo‘lgan davlat uyushmalari paydo bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, Aleksandr davlatining parchalanishi va uning xarobalarida yangi davlatlar tizimining paydo bo‘lishi tinchlik yo‘li bilan emas balki, Aleksandrning Makedonskiyning yaqin sarkardalari – diadoxlar o‘rtasidagi tinimsiz urushlar tufayli bo‘lib o‘tdi. Diadoxlar o‘rtasida 40 yildan ziyodroq davom etgan jangu-jadallar natijasida Aleksandr mulklari bo‘lib olinadi.
Aleksandr Makedonskiy mulklariga egalik qilish shu bilan yakunlandiki, mil.avv. 306 yilda nisbatan kuchli bo‘lgan diadoxlar – Antigon Birko‘zli (Odnoglaziy), Demetriy Poliorket, Ptolomey Lag, Lazimax, Salavka, Kassandrlar o‘zlarini podsho deb e’lon qildilar hamda bu bilan Aleksandr davlati xarobalarida o‘z davlatlarini barpo etishni ma’lum qildilar. Shu tariqa tarix sahnasida G‘arb va Sharq an’analarini uyg‘unlashtirgan ellinistik davlatlar paydo bo‘ldi. Ana shunday yirik davlatlardan biri-Salavkiylar davlati edi.
O‘zining eng gullab – yashnagan davrida bu davlat ilgari Aleksandr saltanatiga kirgan katta hududlarni egallab, g‘arbda Egey dengizidan Sharqda Hind subkontinentigacha cho‘zilgan hamda Kichik Osiyoning janubiy qismini, Suriya, Shimoliy Mesopotamiya, Bobil, Eron, O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlari va Afg‘onistonning katta qismini o‘z ichiga olgan edi. Bu ulkan davlatning asoschisi – dastavval Aleksandrning tansoqchisi, keyinroq yirik sarkardasi bo‘lgan Salavka edi.
Yunon tarixchisi Pompey Trogning yozishicha, «Salavka ba’zi bir o‘lkalarni mo‘zokaralar yo‘li bilan egalladi, ammo Baqtriya, Parfiya, Sug‘d yerlarida u qattiq qarshilikka uchradi va og‘ir janglar olib borishiga to‘g‘ri keldi». Bu ma’lumotni qadimgi tarixchi Arrian ham tasdiqlaydi. YA’ni u shunday xabar beradi: «Salavka I baqtriyaliklar, Sug‘diylar, parfiyaliklar va girkaniyaliklar bilan ko‘p urushlar olib borgach, ular yerlariga hukmronlik qila boshladi». Tadqiqotchilarning fikricha, O‘rta Osiyo yerlarining Salavka tomonidan bosib olinishi mil.avv. 306-301 yillarga to‘g‘ri keladi.
Mil.avv. 293 yilda Salavka o‘g‘li Antiox I ni Sharqiy satraplarga ya’ni, O‘rta Osiyo viloyatlariga o‘zining noibi etib tayinlaydi. Salavka I va Antiox I (mil.avv. 281-261 yillar mustaqil) hukmronligi davrida Salavkiylar davlati siyosatining asosiy yo‘nalishlari shakllanadi. Salavkiylar uchta mintaqada – Janubiy Suriya, Kichik Osiyo va Sharqda faol tashqi siyosat olib borishga majbur bo‘lgan edilar. Janubiy Suriya va Kichik Osiyo uchun Ptolemeylar (Ptolomey Lag asos solgan O‘rta yer dengizining sharqidagi davlat sulolasi) bilan tinimsiz urushlar bo‘lib turgan. Chunki bu hududlarda muhim savdo yo‘llari tugab, gullab-yashnagan port-shaharlar mavjud edi. Kichik Osiyoning yunon shaharlari ham muhim ahamiyatga ega edi.
Sharqiy viloyatlarda xususan, O‘rta Osiyodagi ahvol birmuncha murakkabroq vaziyatda edi. Birinchidan, bu hudud boshqaruv markazlaridan ancha uzoqda joylashgan bo‘lib, bu viloyatlar bilan aloqa qilishda qiyinchiliklar mavjud edi. Ikkinchidan, Salavkiylar davlatining chegaralarida joylashgan ko‘chmanchilarning doimiy xavfi mavjud edi. Mil.avv. III asrdan boshlab ko‘chmanchilarning ko‘chishlari boshlanishi natijasida chegaralardagi bu xavf yanada kuchayadi.
Salavkiylar davlatida ichki siyosiy boshqaruv masalalari ham ancha murakkab edi. Katta hududlarni qamrab olgan bu davlatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi va jamiyat siyosiy tashkiloti turlicha bo‘lgan ko‘plab viloyatlar mavjud bo‘lib, bu holat ushbu kuchlarni yagona davlatga birlashtirib turishni ancha qiyinlashtirar edi. Bu davlatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri u faqat harbiy yurishlar natijasida, kuch ishlatish yo‘li bilan paydo bo‘lgan edi. Shuning uchun ham davlatning asosiy vazifalaridan biri qaram etilgan xalqlarni zo‘ravonlik bilan ushlab turish yoki birlashtirib turish edi. Sharq xalqlari mahalliy zodagonlaridan bir qismi yoki ayrimlari boshqaruv tizimiga jalb etilgan bo‘lsa-da, asosiy boshqaruvchilar makedonlar va yunonlardan iborat bo‘lgan.
Salavkiylar sulolasida davlat boshlig‘i podsho bo‘lib, uning hokimiyati mutlaq edi. Podsho bir vaqtning o‘zida fuqarolar ma’muriyati oliy boshlig‘i, qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni, oliy sudya va hatto, bosh qonun chiqaruvchi vazifalarini bajargan. Manbalarning ma’lumot berishicha, sulola asoschisi Salavka I, «Podsho tomonidan buyurilgan barcha narsalar doimo adolatlidir», degan tamoyilga qat’iy amal qilgan. Salavkiylar sulolasi podsholari qo‘yidagi ikkita huquqiy asosga ega edilar: 1. Bosib olish huquqi. 2. Hokimiyatni otadan bolaga meros qoldirish huquqi. Ko‘p hollarda salavkiylar podsholari ilohiylashtirilgan. Masalan, tangashunoslik ma’lumotlari Soter-Qutqaruvchi, Dikayos-Adolatparvar, Everget-Ezgulik kabi podsholar bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Davlatning nihoyatda katta hududlarni qamrab olganligi ayrim hollarda ma’muriy nazoratning susayib ketishiga olib kelgan. Manbalarning guvohlik berishicha, bir nechta mahalliy siyosiy uyushmalar (alohida qabilalar, yunon polislari, ibodatxona jamoalari, mahalliy sulolalar) ichki ishlarda mustaqil siyosat olib borishga harakat qilganlar.
Manbalarning ma’lumot berishicha, Salavka I Ptolomeylar bilan hokimiyat talashib Sharqiy hududlar va Kichik Osiyo uchun kurash olib borish jarayonidayoq o‘z hokimiyatida boshqaruv tartibini joriy eta boshlagan edi. U Aleksandr an’analariga sodiq qolganligini ko‘rsatish maqsadida satrapiyalarni yirik viloyat uyushmalari sifatida saqlab qoldi. Tangashunoslik ma’lumotlariga qaraganda, Salavka I davlati Ahamoniylar va Aleksandr davlatiga nisbatan ancha kichik bo‘lib, hokimiyat 27-28 ta satrapiyaga bo‘lingan.
Har qaysi satrapiyani podsho tomonidan tayinlanib qo‘yilgan satrap yoki strateg mansabidagi shaxs boshqargan. Fors satraplaridan farq qilgan holda ular ham ma’muriy, ham harbiy boshqaruvni qo‘lga olganlar. Satrap-strateg ma’muriy boshqaruvda eng yaqin odamlaridan o‘ziga yordamchi tanlagan. Bu yordamchi soliq yig‘uvchilar faoliyati, ichki va tashqi savdo, xo‘jalik hayotini nazorat qilib borgan.
Tarixiy manbalarda salavkiylar satrap-strateglari yunoncha nomda (Stratonik, Aleksandr, Giyeraks, Antiox va boshqalar) tilga olinadi. Demak, salavkiylar hukmdorlari asosan yunonlardan va ayrim hollarda ellinlashgan mahalliy zodagonlardan tayinlangan. Tadqiqotchilarning fikricha, O‘rta Osiyoda yunon hokimlari va ular atrofida to‘plangan yunon zodagonlari bilan birga mahalliy zodagonlar ham hokimlik qilar edilar. Salavkiylar hokimiyati O‘rta Osiyodagi harbiy punktlarda (katoykiyalar) joylashgan harbiy kuchlarga tayangan edi.
Salavkiylar davri Baqtriya, Marg‘iyona, Sug‘diyona va Parfiya hududlarida ko‘p aholili shaharlar ko‘p edi. Maroqand, Baqtra, Niso kabi ko‘plab qadimgi shahar xarobalarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan topilmalar bu hududlarda hunarmandchilik, savdo-sotiq va xo‘jalik ishlari rivojlanganligidan dalolat beradi.
Salavkiylar davlati ma’lum bir xalq yoki elatlardan iborat bo‘lmay, ko‘pdan ko‘p etnik guruhlarni harbiy yo‘l bilan birlashtirishdan tashkil topgan uyushma edi. Davlat boshqaruvining barcha siyosiy, huquqiy va ijtimoiy yo‘nalishlari podsho saroyi bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat davlat boshqaruvida katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ahamoniylar davlatida bo‘lgani kabi salavkiylar davlatida ham ko‘pgina davlat ishlarini olib boruvchi devonxona mavjud bo‘lgan. Ayrim manbalar salavkiylar saroyidagi xat-hujjat ishlarining boshlig‘i lavozimi haqida ma’lumotlar beradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, salavkiylar davrida anchagina murakab soliq tartibi joriy qilingan bo‘lib, salavkiylar hukmdorlari o‘zlarigacha mavjud bo‘lgan soliq tartibini o‘zlashtirgan holda unga o‘zgartirishlar kiritib, mukammallashtirganlar. Dehqonlardan yer solig‘ini yig‘ib olish satrap-strateglarning vazifasi bo‘lgan. Bunday soliqlarning miqdori aniq belgilangan bo‘lib, viloyatlardan keladigan soliqlarning umumiy miqdori qishloq jamoalaridan to‘shadigan soliqlarga bog‘liq bo‘lgan.
Mil.avv. III asrning 60-50-yillariga kelib Kichik Osiyo va Bolqon yarim orolida Salavkiy hukmdorlari o‘rtasida hokimiyat uchun kurashlar avj oldi. Natijada salavkiylar davlatining sharqiy viloyatlarida siyosiy vaziyat o‘zgarib markazdan qochuvchi kuchlarning harakatlari faollashadi. Mil.avv. 250 yilda kelib dastlab Parfiya, keyin esa Yunon-Baqtriya davlatlari salavkiylar davlatidan ajralib chiqib o‘zlarini mustaqil deb e’lon qiladilar.

Yüklə 75,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin