Ilmiy salohiyati va asarlari. Al-Xorazmiy birinchi navbatda buyuk matematik sifatida namoyon bo‘ladi. U o‘zigacha butun sharq ilm fani to‘plagan matematik bilimlarni umumlashtirib, ularni o‘zining natijalari bilan boyitib bordi va fanda mutlaqo yangi soha -Algebraga asos soldi. Al-Xorazmiygacha bo‘lgan davrda faqat eng soda algebraik tenglamalargina o‘rganilar, masalalarni alohida tenglamalar sifatida qaralar va ular orasidagi qonuniyatlar nazardan chetda qolar edi. Al-Xorazmiy esa, tarixda ilm bora har qanday chiziqli va kvadrat tenglamalar uchun tadbiq etish mumkin bo‘lgan algebraik usullarni va formulalarni ishlab chiqdi, ularni tasnifladi va aniq ta'riflarini keltirdi. Aynan al-Xorazmiydan boshlab matematikada ramziy harfiy ifodalashlar joriy etildi va uning mutlaqo yangi sohasi - Algebra mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Uning asarlari keyingi davrlarda yevropada lotin tiliga o‘girildi va uyg‘onish davri yevropa ilm fani rivojiga ulkan ta'sir o‘tkazdi. o‘rta asr yevropasi ilm maskanlarida al-Xorazmiyning risola va kitoblari asosiy matematik darslik sifatida o‘qitildi, Mashhur fan tarixchisi Jorj Sarton al-Xorazmiyni "Barcha davrlarning eng buyuk matematigi" deb ataydi va ilm-fanning ommalashtirishda uning xizmatlarini o‘ta yuqori baholaydi. Xorijiy ushbu tarixchining xolisona bahosidan ham ko‘rinib turibdiki, al-Xorazmiy va uning asarlari dunyo tamadduni tarixida eng muhim o‘rin tutuvchi ilmiy manbalardandir.
Al-Xorazmiy o‘z davri uchun eng aniq hisob kitoblarga ega trigonometrik jadvallar ishlab chiqdi. Ushbu jadvallarda sinusning muhim funksiyalari aniq bayon qilingan risolalar va o‘quvchi uchun muhim ko‘rsatmalardan iborat izohlar, formulalar bayon qilinadi. Al-Xorazmiyning trigonometrik jadvali va risolalari asosida XII-XII asrlarda "Carmen de Algorismo и Algorismus vulgaris" asari yozildi va u to XVII asrgacha Yevropaning barcha oliy ta'lim muassasalarida asosiy matematik darslik bo‘lib xizmat qildi. XVI asrga kelib esa, al-Xorazmiyning barcha ilmiy asarlari yevropa tillariga o‘girib bo‘lindi. Ulardan so‘nggisi - "Hind hisobi haqida risola" 1857-yilda knyaz Baldasare Bankompanyi tomonidan chop etilgan "Arifmetika risolasi" ning birinchi qismiga tarjima sifatida kiritildi.
Matematikadan tashqari al-Xorazmiy o‘z davri allomalariga xos ravishda, falakkiyot ilmi -astronomiya bilan ham jiddiy shug‘ullangan. U o‘z astronomik tadqiqotlarida sayyoralar harakati, quyosh va oy tutilishlari sabablari va vaqtlari, yulduzlarning osmon sferasidagi harakatlari, sayyoralarning joylashuv va harakat yo‘nalishlari haqida, o‘z zamonasi uchun mufassal bo‘lgan astronomik jadvallar - Zij lar tuzgan va ularga mufassal sharhlar yozgan. Al-Xorazmiyning ilmi nujum - astronomiya borasidagi asarlarining dastlabki bandlari qadimgi hind astronomlarining natijalarini qayta ishlash va ularni o‘z kuzatishlari asosida mukammallashtirish va boyitishdan iborat bo‘lsa, keyinchalik u o‘zining mutlaqo yangi natijalari bilan astronomiya fanini rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Al-Xorazmiyning astronomiya bo‘yicha yozgan asar va risolalari ham XII asrda avval yevropada lotin tiliga, keyinroq sharqda Xitoy tiliga tarjima qilingani ma'lum.
Shuningdek buyuk alloma vatandoshimiz, geografiya bilan ham muntazam shug‘ullangan bo‘lib, uning yer meridiani yoyi uzunligini o‘lchash va geodeziya borasidagi tadqiqotlari borasida yuqorida qisqacha bayon etgan edik. Qo‘shimcha qilib shuni ta'kidlash joizki, al-Xorazmiyning geografiyaga bag‘ishlangan "Kitab surat al-Ard" asarida mufassal bayon qilingan. Bu asarda al-Xorazmiy 70 ga yaqin qadimgi yunon, hind va boshqa tamaddunlar geograflarining asarlarini o‘z nuqtai nazaridan tahlil qilib, ularga aniqliklar va tuzatishlar kiritadi. o‘z davri uchun "ma'lum bo‘lgan" (ya'ni inson qadami yetgan) yerlarning geografik, topologik xaritalarini keltiradi va muhim shaharlar, aholi yashash joylari, harbiy istehkomlar va boshqa geografik obyektlar (dengiz, daryo, tog‘, cho‘l va karvon yo‘llari)ning koordinatalarini bayon qiladi. Shuni ta'kidlash kerakki, al-Xorazmiyning "Kitab surat al-Ard" asarida keltirgan yer xaritasi ungacha foydalanib kelingan Ptolomey xaritasidan ko‘ra ancha mukammal va aniq bo‘lsa ham, negadir noma'lum sabablarga ko‘ra keyingi davrda bu xaritalar ommalashmadi.