Qo’zg’alishni o’tkazish. Muskul qo’zg’alganda qo’zg’alishni tolasi bo’ylab
o’tkazadi, bunda bir toladagi qo’zg’alish ikkinchi tolaga o’tmaydi. Har xil holatlarda
qo’zg’alishning o’tishi, ya'ni tarqalish tezligi turlicha. Masalan, baqaning muskuli
qo’zg’alishni sekundiga 3-4 m, issiq qonli hayvonlarning qizil muskul tolalari 3-4 m,
oqish muskul tolalari esa 12-15 m tezlik bilan o’tkazadi.
Muskul qisqarishi. Muskulga ta'sirot berilganda u qo’zg’alib, qisqara boshlaydi.
Qisqarish muskullarning asosiy xususiyatidir. Muskul faoliyatining ikki xili farq
qilinadi: izotonik va izometrik qisqarish faoliyatlari. Muskul taranglashmasdan
qisqaradigan bo’lsa, bunga izotonik faoliyat deyiladi. Bunday faoliyat muskul yuk
ko’tarmasdan qisqarganda kuzatiladi. Muskulning og’ir yuk ta'sirida uzunligini
o’zgartirmasdan, tarang tortib qisqarishiga izometrik faoliyat deyiladi. Izotonik va
izometrik faoliyatlar maxsus tajriba sharoitidagina sof holda hosil qilinishi mumkin.
Tabiiy sharoitda, organizmda bu faoliyatlar hamisha birgalikda uchraydi, ya'ni
muskul ham tarangligini, ham uzunligini o’zgartirib turadi. Demak organizmdagi
harakatlar izotonik faoliyat bilan izometrik faoliyatning birga qo’shilishidan vujudga
keladi. Muskul qisqarishini miograf asbobi yordamida qayd qilib, o’rganish mumkin.
Shu asbobda yozib olingan egri chiziq miogramma deyiladi va muskulning
qisqarishini aks ettiradi. Muskullarning qisqarishi yakka va tetanik (titroq) qisqarish
tarzida o’tadi.
|