Davlat oilada ta‘lim olishga va mustaqil ravishda ta‘lim olishga ko‘maklashadi. Bolalarni
oilada o‘qitish va mustaqil ravishda ta‘lim tegishli ta‘lim muassasalarining dasturlari bo‘yicha
amalga oshiriladi. Ta‘lim oluvchilarga vakolatli davlat muassasalari tomonidan uslubiy, maslahat
va boshqa yo‘sinda yordam ko‘rsatiladi.
Bo‘lajak bakalavr va magistr mutaxassislar O‘zbekistonda ta‘lim tizimi turlari va ularning
ish mazmuni haqida ilmiy ma‘lumotga ega bo‘lishlari darkor. Chunki bo‘lajak mutaxassislar har
bir ta‘lim turining tuzilishi, mazmuni, maqsad va vazifalarini aniq tasavvur etishlari shart.
Bunday mas‘uliyat egallayotgan ixtisosligi bo‘yicha kasb ko‘nikmalarini o‘z vaqtida tarkib
toptirishga yo‘naltiradi. O‘z ixtisosliklari yuzasidan chuqur ilmiy pedagog ma‘lumot olishga
da‘vat etadi. Eng muhimi har bir ta‘lim tizimi haqida ilmiy ma‘lumotga ega bo‘lmay shu
sohadagi vazifalarni bajarish mumkin emasligini tushunib yetmoqlari lozim. Shuning uchun
bo‘lajak mutaxassislar ta‘lim tizimi va uning ish mazmuni to‘g‘risida ham nazariy, ham amaliy
bilimlar zahirasini o‘zlarida shakllantirmog‘i zarur bo‘ladi.