Zulfiya Isroilova (1-mart 1915-yil — 1-avgust 1996-yil) — „Zulfiya“ nomi bilan tanilgan oʻzbekistonlikshoira, jurnalist, tarjimon, jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq shoirasi (1965) va Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1984).
1931-yil Xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirib, 1934-yil tugatgan. 1935-yil Oʻzbekiston SSR Fanlar qoʻmitasi qoshidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasiga oʻqishga kirgan va u yerni 1938-yilda tamomlagan.
Uning ilk sheʼri 1931-yilda „Ishchi“ gazetasida bosilgan. Dastlab 1932 yil „Hayot varaqalari“ sheʼrlar toʻplami nashr etilgan. Shundan keyin uning „Temiroy“ (1934), „Sheʼrlar“, „Qizlar qoʻshigʻi“ (1939) sheʼriy kitoblari eʼlon qilingan. Zulfiya sheʼriy ijodining porlashi „Uni Farhod der edilar“ (1943), „Hijron kunlarida“ (1944) va „Hulkar“ (1947) toʻplamlari bilan bogʻliq. Ayniqsa, Hamid Olimjonning bevaqt vafotidan keyin (1944) yozilgan, ruhiy silsilalar va qalb iztiroblari bilan toʻla sheʼrlar Zulfiya ijodida jiddiy oʻzgarishlar sodir boʻlganidan darak beradi. U shaxsiy fojiasi tasviri orqali Ikkinchi jahon urushidan katta talafot va yoʻqotishlar bilan chiqqan xalqning dard va alamlarini ifodaladi.
Zulfiya hayotining muhim bir qismini Hamid Olimjonning adabiy merosini oʻrganish va nashr etish ishiga bagʻishladi. Ana shu jarayonning uzviy qismi sifatida u shoirning „Semurgʻ yoki Parizod va Bunyod“ dostoni asosida qoʻgʻirchoq teatri uchun „Semurgʻ“ pyesasi (S. Somova bilan hamkorlikda) hamda „Zaynab va Omon“ operasi librettosini yozdi.
Zulfiya xalqaro „Javaharlal Neru“ (1968), „Nilufar“ (1971) mukofotlari hamda Hamza nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti (1970) laureati. Shuningdek, u Bolgariyaning „Kirill va Mefodiy“ (1972) ordeniga sazovor boʻlgan.
Shoira publitsist, adabiyotshunosi va jamoat arbobi boʻlgan Hamid Olimjonning rafiqasi edi.
Hamid Olimjon (Hamid Olimjonov[1]) (1909.12.12, — Jizzax — 1944.3.7, Toshkent; „Forobiy“ qabristoniga qayta dafn etilgan) – oʻzbek shoiri, adabiyotshunosi va jamoat arbobi. Lirik sheʼrlari bilan 20 asr oʻzbek adabiyotiga munosib hissa qoʻshgan. 30-yillarda shodlik va baxt kuychisi sifatida tanilgan. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi (1943). Boshlangʻich taʼlimdan soʻng 20-yillarning oxirida Samarqanddagi bilim yurtida (1923–1928), Pedagogika akademiyasining ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetida (1928–1931) oʻqigan va ayni paytda „Zarafshon“ gazetasida boʻlim mudiri (1926–1927). „Yoshlar“ gazetasida (1931), „Qurilish“ va „Sovet adabiyoti“ jurnallarida masʼul kotib, Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim (1932–1934), Til va adabiyot instituti (1934–1937) va Oʻquvpedagogika nashriyotida boʻlim mudiri (1938–1939), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1939–1944).
Hamid Olimjonning soʻz sanʼatiga qiziqishi onasi Komila ayaning ertaklari hamda bobosi Mulla Azim xonadoniga kelib turuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining doston va termalari asosida shakllangan. Dastlabki asarlari – „Koʻklam“ (sheʼrlar, 1929), „Tong shabadasi“ (hikoyalar, 1930). „Olov sochlar“ (1931), „Poyga“, „Oʻlim yovga“ (1932), „Daryo kechasi“ (1936), „Sheʼrlar“ (1937), „Oʻlka“, „Oygul va Baxtiyor“ (1939), „Baxt“ (1940), „Qoʻlingga qurol ol!“, „Ona va oʻgʻil“ (1942), „Ishonch“ (1943) sheʼriy toʻplamlari muallifi.
Hamid Olimjon 35 yoshida avtomobil halokati natijasida vafot etgan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, Yozuvchilar uyushmasining Adabiyotchilar uyi, Samarqanddagi viloyat teatriga Hamid Olimjon nomi berilgan. Toshkent shahrida shoir nomi bilan atalgan maydonda unga haykal oʻrnatilgan (1990).