Merkuriy Sayyoralarning eng kichigi Merkuriydir. Uning diametrik Yernikidan deyarli 3 marta kichik. Merkuriy Quyosh atrofini 88 sutkada bir marta aylanib chiqadi. Sirtida tuproq yoʻq. Sirti tosh va qumliklardan iborat. Mayda osmon jismlarining tushaverishidan sirti oʻnqir-choʻnqir boʻlib ketgan. Merkuriy sirtida havo va suv yoʻq. Unda hayot borligi haqida hech qanday belgi mavjud emas. Merkuriy sirtida harorat kunduzi +480 °C, kechasi esa -180 °C atrofida boʻladi. Venera Venera sayyorasi Yerdan biroz kichik. Quyosh atrofini 225 sutkada bir marta aylanib chiqadi. Sayyorani qoplagan gazlar va bulutlar Quyosh nurlarini yaxshi qaytarishi natijasida tunlari bizga u yulduz kabi charaqlab koʻrinadi. Hatto erta tongda yulduzlar koʻrinmay qolganda ham Venera sayyorasi porlab turadi. Shuning uchun qadimda Venera sayyorasini “Zuhro yulduzi”, “Tong yulduzi” deb atashgan. Arabchada “zuhro” soʻzi “tong” degan ma’noni bildiradi. Sayyorada vulqonlar otilishidan tog‘lar vujudga kelgan. Sayyora sirtida harorat kunduzi +470 °C gacha, kechasi +20 °C gacha boʻladi. Venerada hayot yoʻq. Yer Biz yashaydigan Yer ham Quyosh atrofida aylanib yuruvchi sayyoralardan biridir. Sayyoramiz Quyosh atrofini 365 sutka 6 soatda bir marta aylanib chiqadi. Quyosh sistemasidagi mavjud 8 ta sayyoradan faqat Yerda hayot bor. Faqat bizning sayyoramizdagina hayot uchun sharoit mavjud. Yer va boshqa sayyoralarning atrofida osmon jismlari aylanib yuradi. Sayyora atrofida doimiy aylanib yuradigan yirik osmon jismi tabiiy yoʻldosh deb ataladi. Sayyoralardan Merkuriy va Veneraning tabiiy yoʻldoshlari yoʻq. Boshqa barcha sayyoralarning tabiiy yoʻldoshi mavjud. Yerning bitta tabiiy yoʻldoshi bor. Bu – Oydir. Mars Marsning diametri Yernikidan ikki marta kichik. Mars Quyosh atrofini 687 sutkada bir marta aylanib chiqadi. Mars sayyorasi siyrak turli xil gazlar bilan qoplangan. Bu gazlardan qaytgan Quyosh nurlari bizga qon rangiga yaqin boʻlgan qizg‘ish tusda koʻrinadi. Shuning uchun qadimda Mars sayyorasini “Urush xudosi” deb atashgan. Marsning sirti tosh va qumlar bilan qoplangan. Sayyorada harorat kunduzi +17 °C gacha, kechasi -100 °C gacha boʻladi. Mars sayyorasining 2 ta tabiiy yoʻldoshi bor. Marsdan muzlagan suv parchalari topilgan. Lekin bu sayyorada ham hayot yoqligi aniqlangan. Yupiter Yupiter eng katta sayyora hisoblanadi. Quyosh atrofini bizdagi hisob boʻyicha 12 yilda bir marta aylanib chiqadi. Uning diametri Yernikidan 11 marta katta. Bu sayyora ulkan boʻlsa-da, uning sirtida tog‘lar va chuqurliklar yoʻq. Chunki uning sirti, asosan, suyuq holatda boʻlib, turli xil gazlar bilan oʻralgan. Yupiter sirti kunduz kuni ham sovuq boʻlib, harorat -100 °C gacha pasayadi. Yupiter sayyorasining 79 ta tabiiy yoʻldoshi bor. Saturn Saturn ham ulkan sayyora hisoblanadi. U Yupiterdan biroz kichikroq. Quyosh atrofini bir marta aylanib chiqishi uchun 30 yilga yaqin vaqt ketadi. Saturn halqali sayyoradir. Uning halqalari turli qattiq jismlar va changlardan iborat. Sirti suyuq holatdagi moddalardan tashkil topgan. Uni turli gazlar oʻrab turadi. Sirtidagi oʻrtacha harorat -180 °C atrofida boʻladi. Saturn sayyorasining 82 ta tabiiy yoʻldoshi bor. Uran Uran sayyorasining diametri Yernikidan 3 marta katta. Lekin Yerdan juda uzoqda boʻlgani uchun bu sayyorani koʻrib boʻlmaydi. Bu va undan uzoqdagi Neptun sayyorasini faqat maxsus asboblar yordamida koʻrish mumkin. Quyosh atrofini 84 yilda bir marta aylanib chiqadi. Sayyora sirti muzlagan moddalardan iborat boʻlib, turli gazlar bilan qoplangan. Sayyora sirtidagi oʻrtacha harorat -210 °C ni tashkil etadi. Uran sayyorasining 27 ta tabiiy yoʻldoshi bor. Neptun Neptun sayyorasi Uran sayyorasidan biroz katta. Quyosh atrofini 168 yilda bir marta aylanib chiqadi. Sayyora sirti suyuq holatdagi moddalardan iborat. Uni ham turli gazlar oʻrab turadi. Neptun sirtidagi harorat -200 °C atrofida boʻladi. Neptun sayyorasining 14 ta tabiiy yoʻldoshi bor.