31.Mirzo Ulug‘bek Movarounnahr hukmdori. Movarounnahr yerlarining boshqaruvi esa Mirzo Ulug‘bek qo‘liga topshirilgan bo‘lib, u umrining oxiriga qadar (1449y.), 40 yil mobaynida bu yerlarni boshqarib keldi. Buyuk olim, davlat arbobi hamda madaniyat homiysi Mirzo Ulug‘bek Sohibqironning nevarasi, Shohrux Mirzoning katta o‘g‘li bo‘lib, u 1394 yili 22 mart kuni Amir Temurning «besh yillik» harbiy yurishlari vaqtida Iroqning Sultoniya shahrida tavallud topgan. Yangi tug‘ilgan farzandga Sohibqiron o‘z otasining ismini berdi. Muhammad Tarag‘ay keyinchalik Mirzo Ulug‘bek nomi ila mashhur bo‘ldi. U Sohibqiron saroyida Amir Temurning katta xotini malika Saroymulkxonim va onasi Gavharshodbegim tarbiyasida katta bo‘ldi. U Amir Temurning boshqa avlodlari kabi an’anaga muvofiq barcha harbiy yurish, hatti-harakatlar, saroy hayotida ishtirok etdi. Bobosi tomonidan nevaralar, jumladan yosh Ulug‘bek ta’lim – tarbiyasiga katta e’tibor berilar, shu nuqtai-nazardan 3-4 yoshlaridan boshlab u qissaxon Hamza ibn Ali (Shayx Ozariy) tarbiyasida bo‘ladi. Ulug‘bek undan ilk saboqlarni, xat-savod, hisob-kitobni o‘rganadi. Keyinchalik esa unga otaliq etib tayinlangan amir Shohmalikdan davlat boshqaruvi tartib qoidalari haqida ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Mirzo Ulug‘bek yoshligidan zehn-zakovatli, yuksak ahloqiy fazilatlar sohibi, diniy va dunyoviy ilmlardan chuqur xabardor shaxs sifatida voyaga yetadi. 1411 yil 11 aprelda Shayx Nuriddin, Amir Abdulholiq va Chingiz o‘g‘lon boshchiligidagi qo‘shin Samarqand tomon yo‘lga chiqdi. 1411 yil 14 apreldagi izil rabot degan joyda (Samarqandning g‘arbiy tomonida) ikkala tomon o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Mirzo Ulug‘bek qo‘shini mag‘lub bo‘lib, u Kalif tomonga chekindi. Tez orada ba’zi qal’a, shaharlarni hisobga olmaganda deyarli butun Movarounnahr Shayx Nuriddin qo‘l ostiga o‘tdi. So‘ngra Shayx Nuriddin ikki marotaba Samarqandni ham qo‘lga olishga harakat qilib ko‘rdi. Lekin, samarqandliklar isyonkor amaldorlarga tegishli zarba berib, shaharni ularga topshirmadilar. Shohrux Mirzo bu xabarlarni eshitib, tezlik bilan safarga otlandi. 1411 yil 9 iyunda Kalif yonida Amudaryodan kechib o‘tib, o‘g‘li Ulug‘bek bilan uchrashdi. Shohrux Mirzo, Shayx Nuriddin va uning tarafdorlari o‘rtasidagi jang 1411 yil 1 iyul kuni Qizil rabot yonida sodir bo‘ldi. Qattiq jangdan so‘ng Shohruxning qo‘li ustun keldi. Shayx Nuriddin mag‘lub bo‘lib, Sabron tomonga, Muhammad Jahongir Hisori Shodmonga qarab qochishdi. Jangdan ikki kun o‘tib, Shohrux va Ulug‘bek qo‘shini Samarqandga kirib keldi. Muhammad Jahongir Shohruxning oliy hukmronligini tan olib, unga kuyov bo‘ldi hamda o‘limiga qadar (1433 y.) Hisori Shodmonda hokim bo‘lib turdi. Shayx Nuriddin esa qo‘lga olinib, qatl etildi. Uning ukasi Shayx Hasan esa Sabronni Mirzo Ulug‘bek hukmida deb e’lon qilib, uning oliy hokimiyatini tan oldi. Mirzo Ulug‘bek shimoldagi qo‘shnilari bo‘lmish Dashti Qipchoq va Mo‘g‘ulistondagi ichki siyosiy ahvol barqarorligi va u yerlarda o‘ziga ittifoqchi bo‘lgan kishilarni hokimiyat tepasida bo‘lishini istar edi. Shu sababdan ham uning aralashuvi hamda harbiy ko‘magi bilan Dashti Qipchoqda O‘rusxonning nevarasi shahzoda Baroqxon hokimiyat tepasiga keldi. Mo‘g‘ulistonda esa Mirzo Ulug‘bekning yordami bilan Shermuhammadxon raqibi Vaisxonni yengib, Mo‘g‘uliston taxtini egallaydi. Mirzo Ulug‘bek bu xonlar orqali shimolda va sharqda o‘z ta’sirini o‘tkazishga va o‘ziga ishonchli ittifoqchilarga ega bo‘lishini ko‘zlagan edi. Avval Shermuhammadxon Movarounnahr ichki ishlariga aralashishga harakat qilib, o‘z valine’matiga nisbatan nohaq munosabatda bo‘la boshlaydi. 1424 yili noyabr oyida Shohruxning rizoligi bilan Mirzo Ulug‘bek Mo‘g‘uliston ustiga yurish boshlaydi. Uning asosiy kuchlari 1425 yil erta bahorida Chu daryosidan o‘tib, Issiqko‘l yaqinida mo‘g‘ullarni tor-mor keltiradi. Shariat va urf-odatga ko‘ra oliy hukmdorlik yagona voris Mirzo Ulug‘bek qo‘liga o‘tishi kerak edi. Lekin, marhum Boysunqur Mirzoning o‘g‘illari Alouddavla va Abulqosim Bobur Mirzo Ulug‘bekka qarshi harbiy harakatni boshlab yubordilar. Xuroson Alouddavla qo‘liga, Mozandaron va Jurjon Abulqosim Bobur ixtiyoriga o‘tadi. Sulton Muhammad esa G‘arbiy Eron va Forsda o‘zini mustaqil hukmdor deb e’lon qiladi. Muhammad Jo‘kining o‘g‘li Abu Bakr Balx, Shiburg‘on, Qunduz, Bag‘lonni bosib oladi. Mamlakatning talon-taroj, parokanda bo‘lishini oldini olish maqsadida Mirzo Ulug‘bek muammolarni tinch-muzokara yo‘li bilan yechmoqchi bo‘ldi. Jumladan, u Alouddavla bilan o‘zaro muzokaralarni boshlaydi. Alouddavla Mirzo Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatifni asir olib, uni Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo‘ygan edi.Mirzo Ulug‘bek yuborgan vakil sadr Nizomiddin Mirak Mahmud Movarounnahr sultonining Hirotga yurish niyati yo‘q ekanligi va bu da’vodan u voz kechishini bildiradi. Ikki o‘rtadagi chegara Murg‘ob vohasi deb belgilanib, Abdullatifga Balx hokimligi beriladi.