34.Husayn Boyqaro farzandlari
Husayn Boyqaro Xurosonda mustahkam va kuchli davlat barpo etishga muvaffaq bo‘ldi. U 1470 yil Hirot taxtiga da’vogar bo‘lgan temuriy shahzoda Yodgor Muhammadni mag‘lubiyatga uchratdi. O‘sha yili Ahmad Mushtoqning Balxdagi, Abulxayrning Hirotdagi qo‘zg‘olonlarini bostirdi. Shuningdek, Sulton 1490 yili Astroboddagi Amir mo‘g‘ul boshchiligidagi isyonni ham mahv etdi, Hisor hokimi Sulton Mahmudning o‘zboshimchaligiga chek qo‘yib, u yerlarni ham o‘z tasarrufiga oldi. Mamlakatda tinchlik-osoyishtalik va tartib o‘rnatildi.Ta’kidlash lozimki, Sulton Husayn davrida birorta ham xalqaro miqyosda nizo va janjallar sodir bo‘lmadi. Musulmon sharqi davlatlari bilan mustahkam siyosiy va iqtisodiy aloqalar o‘rnatilindi. Albatta, bu ijobiy sa’y-harakatlarda buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning ham munosib hissasi bo‘lgan. Lekin, XV asr 90-yillariga kelib Xurosondagi ichki vaziyat o‘zgara boshladi. Sultonning ba’zi nomaqbul hatti-harakatlari, xususan, uning maishatga berilishi boshlandi. Uning ustiga sultonning o‘g‘illari – Badiuzzamon Mirzo, Abulmuhin, Muhammad Husayn va boshqalar o‘z padari buzrukvorlariga qarshi tez-tez isyon ko‘tara boshladilar. Bu orada Badiuzzamon Mirzoning o‘g‘li Mo‘min Mirzoning sulton tomonidan mastlik chog‘ida o‘ldirishga farmon berilishi vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Alisher Navoiy vositachiligida shoh va shahzodalar
o‘rtasida bir necha marta sulh kelishuvlari amalga oshirildi. 1499 yilgi kelishuvga muvofiq Balx Badiuzzamon Mirzoga berilib, uning nomi sulton nomi bilan birga xutbada o‘qiladigan bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida davlat yaxlitligi hamda markazlashgan davlat mavqeiga putur yetkazar edi. Hukmdorning so‘nggi yillari mamlakat ichida vujudga kelgan isyonlarni bostirish bilan o‘tdi. Bu isyonlar o‘z o‘g‘illari tarafidan mulk talashib ko‘tarilgan nizo va mojarolardan iborat edi. Ammo, shunga qaramay, u qo‘lidan kelganicha mamlakatda adolat va osoyishtalikni, ilm-ma’rifat va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qilgan. 1506 yil bahorida Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay Xuroson qo‘shinini yig‘ib, Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hududiga qarab yo‘l oladi. Sulton Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda, ahvoli og‘irlashib, qo‘shinni to‘xtatishga qaror qiladi. 1506 yil 6 may
kuni Sulton Husayn Boyqaro xastalanib, 69 yoshida olamdan o‘tdi.__
Dostları ilə paylaş: |