36. So‘nggi temuriylarning taxt uchun kurashi. Mamlakatning parchalianishi
Movarounnahr ketma-ket Sulton Abusaidning vorislari Sulton Ahmad (1469-1494), Sulton Mahmud (1494-1495), Sulton Boysung‘ur Mirzo (1495-1497) hamda Sulton Ali Mirzo (1498-1500)lar tomonidan mustaqil ravishda boshqarildi. Lekin, ko‘p holda, ayniqsa, Sulton Ahmadning davlat boshqaruvidagi sustkash siyosati, Sulton Mahmud va Sulton Ali Mirzolarning davlat ishlarining o‘z holiga tashlab, aysh-ishratga mukkalaridan ketganligi
bois ushbu hukmdorlar davrida o‘zaro tarqoqlik va parokandalik yanada kuchaydi. Shu davrga kelib, ayrim viloyat noiblari, amirlarning ta’siri o‘sib, ko‘pincha ular aksariyat mustaqil faoliyat yo‘liga o‘ta boshlaydilar. Xalq ommasi esa o‘zaro kurashlardan jabr chekishar, savdo-sotiq va dehqonchilik rivoji orqaga ketgan edi. Siyosiy hayot, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ruhoniylar, ayniqsa so‘fiylarning ta’siri yanada kuchaydi. Xususan, shu davrning ko‘zga ko‘ringan diniy arbobi Xoja Ubaydulloh Ahror (1404-1490) mamlakatda juda nufuzli shaxsga aylanib, o‘zaro kurash nizolar vaqtida mamlakat tinchligini saqlash yo‘lida bir necha marotaba bu kurashlarni to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘ldi. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi yo‘lidagi uning faoliyati, albatta tahsinga sazovordir. Movarounnahr tomonida rasman Temuriylarga qaram, amalda deyarli mustaqil bo‘lgan Xisravshoh (1457-1495) Hisor, Badahshon, Qo‘histonda hokimlik qilib, o‘zining zo‘ravonligi va talonchiligi bilan yaxshi tanilgan edi. Toshkentdagi hokim Yunusxon (1485-1487), keyinchalik, uning o‘g‘li Mahmudxon (1487-1504)lar ham o‘zlarini mustaqil davlat egasi deb hisoblashar edi. Xorazmdagi So‘fiylar sulolasi vakillari ham shunday siyosat yurgizar edilar. Qator tarixchilar xususan, Muhammad Solih, Bobur, ibn Ro‘zbexon, Xondamir va boshqalar o‘z asarlarida shu davrda ro‘y bergan o‘zboshimchalik va talonchiliklarni alohida qayd etganlar. 1499 yildan boshlab O‘rta Osiyoga o‘z yurishlarini boshlagan Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) Temuriylar ichidagi ichki nizo va noittifoqlikdan foydalanib, Movarounnahrga nisbatan istilochilik harakatlarini boshladi. Temuriy shahzodalardan, shu vaqtdagi yagona movarounnahrlik iqtidorli va harbiy sarkardalik mahoratiga ega bo‘lgan, keyinchalik buyuk shoir va davlat arbobi darajasiga chiqqan Zahiriddin Muhammad Boburning sa’y-harakatlari
ham o‘zining tegishli natijasini bermadi. 1505-1506 yillarga kelib Shayboniyxon Xorazm va Movarounnahrni to‘liq egallaydi. Shayboniyxonga qarshi kurashish uchun yo‘lga chiqqan Xuroson hukmdori Sulton Husayn 1506 yilning mayida vafot etdi. Sulton Husaynning vorislari o‘rtasida toju-taxt uchun kurash avj olib, natijada hokimiyat ikkita shahzodaga-Badiuzzamon Mirzo bilan Muzaffar Mirzolarga o‘tadi. 1507 yilning may oyida esa Shayboniyxon Xurosondagi Temuriylar davlatiga yurish qilib, uni mahv etadi. Shunday qilib, deyarli bir yarim asr davomida shonli Temuriylar saltanatining umri o‘z nihoyasiga yetdi. Temuriylarning oxirgi zabardast vakili Zahiriddin Muhammad Bobur 1526 yil 21 apreldagi Panipat jangidan so‘ng shimoliy Hindistonni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Boburiylar sulolasi
Hindistonda uch asrdan ziyod mobaynida hukmronlik qilib, ko‘p holda Temuriylar shon-shuhratini o‘sha yerda tiklashga muvaffaq bo‘ldilar.__
Dostları ilə paylaş: |