Ekinlardan mo’l hosil olish va chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish vazifasi tuproq tarkibini o’rganish, o’g’itlar, yem-hashak tarkibini mukammal bilishni talab etadi. Bu muammoni hal etishda bevosita analitik kimyo usullaridan foydalaniladi. Chorvachilik fermalarida va komplekslarida, sanitariya va gigiena laboratoriyalarida, ishlab chiqarish binolaridagi havoning tarkibini va uning ifloslanish darajasini aniqlashda, ichimlik va oqar suvlarni, oziq-ovqat mahsulotlarini analiz qilishda analitik kimyo usullari qo’llaniladi. Veterinariyada qon, siydik, me‘da shirasini analiz qilish vrachga kasallikni to’g’ri aniqlash va davolash imkonini beradi. Dorivor moddalarning organizmga ta‘siri ham analizlar vositasida o’rganiladi. Hozirgi davrda atrof-muhitni himoya qilish masalasi muhim muammolar qatorida turadi. Analitik kimyo usullarisiz bu borada birinchi qadamni qoyish ham mumkin emas. Chunki suv, atmosfera havosi tarkibidagi o’zgarishlarni aniqlamasdan ularni tozalashga kirishib bo’lmaydi. Analitik kimyodan yetarli darajada bilimga ega bo’lgan agronomlar, zootexniklar va veterinarlarga ilmiy izlanishlar o’tkazayotganda biologik protsesslar mohiyatini to’liq tushuna olish imkonini ham analitik kimyo beradi.
3. Analitik kimyoning rivojlanish davrlari. «Kimyoviy analiz» iborasining fanga kiritilishi ingliz olimi R.Boyl (1627-1691) nomi bilan bevosita bog’liq. Murakkab kimyoviy moddalar elementlardan tashkil topganligi haqidagi fikrni ham R. Boyl aytgan. U mavjud kimyoviy reaktsiyalarni tartibga soldi. Lakmus indikatoridan foydalanib kislotalar va ishqorlarni bir-biridan farqlash mumkinligini amalda ko’rsatdi. R.Boylning bu ishlari sifat analiziga qoyilgan birinchi qadam bo’ldi. Analitik kimyo mustaqil fan sifatida ulug’ rus olimi M.V. Lomonosov zamonida rivojlana boshladi. U o’zining «Metallurgiya i osnov pervichnoy obrabotki rud» kitobida bir qancha analiz usullarini yozgan edi. T.Ye.Lovits (1757-1804) moddalarning kristall panjaralarining tuzilishi bilan ularning kimyoviy tarkibi o’zaro bog’likligini isbotladi va mikrokristalloskopik analizga asos soldi. Kaltsiy tuzlari ishtirokida alanganing qizil tusga boyalishidan foydalanib, tuzlar tarkibida kaltsiy mavjudligini bilib olish mumkinligini amalda ko’rsatdi. Frantsuz olimi A.Lavuaze (1743-1794) suv va turli oksidlarni kimyoviy analiz qilib, ular tarkibidagi elementlardan biri kislorod ekanligini tajribalar yordamida isbotladi.