Ko’z adaptatsiyasi. Ko’zning turli ravshanlikdagi yorug’likka moslashish xususiyatiga adaptatsiya deyiladi. Chunonchi, odam ravshan yorug’ joydan qorongi joyga kirganida bir oz vaqt davomida dastlab hech narsani ko’ra olmay turadi, ko’zning ko’rish qobiliyati bir oz vaqtdan so’ng asta-sekin tiklanadi (qorongulik adaptatsiyasi). Shuningdek, qorongu joyda uzoq turilgandan keyin birdan yorug’likka chiqilganda ham dastlabki daqiqalar davomida ko’z qamashadi, natijada narsalar aniq ko’rilmaydi, ammo bunda ham ko’zning aniq ko’rish qobiliyati bir oz vaqtdan so’ng tiklanadi (yorug’lik adaptatsiyasi). Adaptatsiyaning kelib chiqishini tushuntirish fiziologiyadagi munozarali masalalardan biridir. Yorug’lik adaptatsiyasining zaminida ko’zning to’r pardasidagi fotoretseptorlarida yorug’likni sezuvchi moddalarning kamayishi va aksincha, qorongulik adaptatsiyasining zaminida yorug’likni sezuvchi moddalarning o’sha retseptorlarda ko’payishi yotadi, deb hisoblanadi. Ammo keyingi paytlarda bu fikr ma'lum e'tirozlarni tugdirmoqda. Hozir ko’zning adaptatsiyasi retseptorlarda kechadigan jarayonlar bilan bir vaqtda markaziy asab tizimiga ham bog’liq deb hisoblanadi. Adaptatsiya paydo bo’lishiga shartli reflekslar hosil qilinganligi bu jarayonda po’stloq ham ishtirok etishidan darak beradi. Rang-tuslarga nisbatan ham adaptatsiya paydo bo’ladi. Rangli nurlarga javoban kelib chiqadigan adaptatsiyaga rang adaptatsiyasi deyiladi. Ko’zning rang adaptatsiyasi uning rangli nurlarga o’rganib qolib, keyin bu nurlarni yaxshi sezmaydigan holda tushishi bilan ifodalanadi