Maxsus psixologiya - normal psixik rivojlanmagan tug‘ma yoki keyinchalik orttirilgan nuqsonlar, defektlar ta’siri ostidagi insonlarning psixologiyasini tadqiqot qilish sohasi. Uning bir necha bo‘limlari hukm suradi: patopsixologiya - rivojlanish jarayonida psixikaning aynishi, miyadagi kasallikning turlicha kechishi, psixikaning tamoman izdan chiqishi hollarini o‘rganuvchi soha; oligofrenopsixologiya - psixik rivojlanishning miyadagi tug‘ma asoratlar bilan bog‘liq patologiyasi to‘g‘risida tadqiqot ishlarini olib boruvchi soha; surdopsixologiya - quloq eshitishning butunlay kar bo‘lib qolgunga qadar jiddiy kamchiliklari, nuqsonlari bilan shug‘ullanuvchi, bolani voyaga yetkazishning omilkor yo‘l-yo‘riqlarini topuvchi, korreksion-tuzatish ishlarini olib boruvchi soha; tiflopsixologiya - chala ko‘ruvchi va mutlaqo ko‘zi ojiz odamlarning psixologik rivojlanishini tadqiq qiluvchi soha. Maxsus psixologiyaning yana o‘ziga xos tor bo‘limlari ham mavjud bo‘lib, insonlarning kasalligi, nuqsoni, aql-idrok darajasi, nutq faoliyati patologiyasiga binoan tadqiqot ishlari olib boriladi.