Psixologiya faninig boshqa fan sohalaridan farqli tomoni shundan iboratki, uning amaliy, tatbiqiy jihatlari mavjud bo‘lib, ijtimoiy turmushning barcha jabhalarida bevosita qatnashadi, muayyan darajada ta’sir o‘tkazadi. Psixologiya boshqa fanlardan farqli o‘laroq o‘z tatbiqiy ma’lumotlari, natijalarining ko‘pqirra, ko‘pyoqlama ekanligi bilan tubdan ajralib turadi va mutlaqo boshqa sifat ko‘rsatkichiga ega. Ayniqsa, bu borada o‘zini o‘zi boshqarish alohida ahamiyat kasb etadi, shuning uchun u tabiatni o‘rganish ilmidan tafovutlanib, o‘zining psixik jarayonlari, funksiyalari, holatlari, hissiyoti, irodasi, xarakteri, temperamenti kabilarni boshqarishda o‘z aksini topadi. Inson o‘zini anglay borib, o‘z insoniy xislati, xususiyati, sifati, xulqini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.