Savdo psixologiyasi - jahon mamlakatlarida keng rivojlangan bo‘lib, tijorat ta’sirining psixologik negizlari, ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlarini, ehtiyojning individual, yoshga, jinsga oid va boshqa xususiyatlarini, xaridorlarga xizmat ko‘rsatishning psixologik omillarini aniqlaydigan soha. Savdo psixologiyasi savdo-tijorat reklamalari, modalar psixologiyasi va shu kabi masalalarni tadqiq qiladi. Ayniqsa, sotuvchi-xaridor munosabati, kishilarga ta’sir o‘tkazish, ularda iliq his-tuyg‘u, ishonch uyg‘otish mexanizmlari, mantiqan ularni muomala jarayonida ishontirish, qiziqtirish, ijtimoiy ahamiyatini tushuntira bilish, nizoli holatlarning oldini olish, xizmatda muloqot madaniyati va uning treninglaridan unumli foydalanish, xaridorlarning psixologik xususiyatlarini anglagan holda munosabatda bo‘lish qonuniyatlarini tadqiq etish ham mazkur sohaning tekshiruv predmetiga kiradi.