Tayanch so’z iboralar:Shaxs xakida tushuncha, individ, shaxs, individuallik tushunchalari. Shaxs faolligi. Shaxs shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar. Endopsixika va ekzopsixika, biogenetik, sotsiogenetik, konstitutsion kabi nazariyalar mazmun-moxiyati. Shaxs ijtimoiy ta’sirlar maxsuli sifatida. Ijtimoiy normalar, sanksiyalar va shaxs. «Men»-obrazi va uz-uziga baxo.
Tayanch konspekt: Psixologiya fanining o‘rganish ob’ekti odamdir. Odam insonshunoslik fanlari tomonidan har tomonlama o‘rganilib kelinmoqda. Psixologiyada odam biologik evolyutsiya mahsuli sifatida, jamiyat ishlab chiqarishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida, ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy munosabatlarning sub’ekti sifatida o‘rganiladi. Odamning boshqa shaxslar bilan, tashqi olam bilan bo‘lgan munosabatlari xilma-xil bo‘lganligi uchun unga xos bo‘lgan psixologik sifatlar va fazilatlar ham nihoyatda xilma-xildir. Inson ilgarilari ham jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi va barcha ijtimoiy jarayonlarning sub’ekti bo‘lib kelgan. Hozirgi davrda odamning psixologik sifatlarini keng namoyon qilishiga jamiyat tomonidan ehtiyoj ortib bormoqda. Mustaqillik tufayli jamiyatda yangi-yangi uyushmalar, guruhlar vujudga keldi. Ishbilarmonlik harakati avj olib bormoqda. Bularning hammasi har bir shaxsga xos bo‘lgan psixologik sifatlarni mukammal bilishni taqozo etmoqda. Darhaqiqat, mustaqillik tufayli xalqimizning ma’naviy olamida, ongida jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelmoqda. Shuning uchun davrimiz shaxsining psixologik sifatlarini tadqiq etish muammolariga ana shu sifatiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda yondoshmoq zarur. Insonning psixologik xususiyatlari, sifatlari deganda har bir konkret odamning, ya’ni shaxsning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlari tushuniladi. Ma’lumki, har bir odamning o‘z ehtiyojlari, qiziqishlari, ishonch - e’tiqodi, malaka va odatlari, qobiliyati, iste’dodi, temperament tipi va xarakter xislatlari bo‘ladi. Umumiy psixologiya fani inson shaxsiga xos bo‘lgan ana shu xususiyatlarning yuzaga kelishi va namoyon bo‘lishi qonuniyatlarini o‘rganadi.Shaxsdagi barcha psixik jarayonlar va shaxsiy xususiyatlar o‘z-o‘zicha yuzaga kelmaydi. Psixik jarayonlar (sezgi, idrok, xotira, xayol va h.k.) ham, shaxsning psixologik xususiyatlari (ehtiyojlari, qiziqishlari, malaka va odatlari, qobiliyatlari, iste’dodi va h.k.) ham odamning faoliyati jarayonida namoyon bo‘ladi. Buning uchun umumiy psixologiya shaxsni uning turli faoliyati davomida o‘rganadi. Odamning turli yo‘nalishdagi faoliyati esa boshqalar bilan qiladigan munosabatlari jarayonida amalga oshadi.