VI. Tarmoqni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish
VI. Tarmoqni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish
Hozirgi vaqtda davlatning qishloq xo‘jaligiga sarflanadigan xarajatlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi (1,68 foiz) Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (IHTT) kirmaydigan (0,62 foiz), o‘rtacha darajadagi daromadli davlatlarga nisbatan qariyb uch baravar va IHTTga a’zo mamlakatlarga (0,17) nisbatan o‘n baravar ko‘pdir.
Shunga qaramasdan, qishloq xo‘jaligida samaradorlik va raqobatbardoshlik hamda ishlab chiqaruvchilarning daromadlari nisbatan pastligicha qolmoqda.
Sohani davlat tomonidan moliyalashtirishning asosiy qismi bevosita irrigatsiya uchun sarflanadi (63 foiz) hamda asosan paxta va boshoqli don yetishtirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Budjet mablag‘larining katta qismi nasos stansiyalarining elektr energiyasini qoplash uchun sarflanadi, oqibatda mavjud irrigatsiya va drenaj tizimlarini ekspluatatsiya qilish va saqlash, ularni rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari to‘liq qoplanmayapti
VII. Qishloq xo‘jaligida ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish
Ilmiy-tadqiqot, ta’lim va axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatishni o‘zaro bog‘laydigan qishloq xo‘jaligiga oid bilim va axborotlarni tarqatish bo‘yicha samarali tizimning yo‘qligi sohani ilmiy asosda rivojlantirishdagi eng jiddiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda ilmiy-tadqiqotlar uchun davlat investitsiyalari darajasi qishloq xo‘jaligi umumiy budjetining 0,2 foizini tashkil etadi.
Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning samarali mexanizmlari mavjud emasligi davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy qilishni sezilarli darajada cheklamoqda.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari mahalliy navlarining hosildorligi past va tashqi bozor talablariga javob bermaydi. Import qilinadigan qimmat va mahalliy sharoitlarga moslashtirilmagan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlariga qaramlik yanada ortib bormoqda.
VIII. Qishloq hududlarini rivojlantirish
Mamlakat aholisining qariyb 16,4 millioni (jami aholining 49,4 foizi) qishloq hududlarida istiqomat qiladi (2018-y.). Mamlakatda tug‘ilish darajasi yuqori (23,3 promille) va shunga mos ravishda qishloq joylarida ortiqcha ishchi kuchi mavjud. 25 yoshgacha bo‘lgan odamlar aholining 45,5 foizini, 30 yoshgacha bo‘lganlar esa 55 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Qishloq hududlarida davlat xizmatlari, shuningdek transport va axborot-kommunikatsiya aloqalari darajasi pastligicha qolmoqda. Hududiy ehtiyojlarni batafsil baholashga asoslangan va raqobat afzalliklarini hisobga olgan holda kompleks strategiya va dasturlarni ishlab chiqish talab etiladi.