Jism shakli idrokida konstantlik hodisasi xuddi shunday saqlanib qoladi. Masalan, yon tomonimizda joylashgan kvadrat yoki dumaloq jismga qaraganimizda uning to‘r pardadagi proeksiyasi ellips yoki trapetsiya shaklida bo‘ladi. SHunday bo‘lsada, aynan bir jismni bir xilda, bir shaklga ega holatda ko‘ramiz.
Uzoq masofada joylashgan jism shaklining idroki o‘zgarishi mumkin. Xuddi shunday, shaklning mayda detallari jismning uzoqlashgani sayin yo‘qolib boradi, uning shakli sodda ko‘rinishga kelib qoladi.
Katta hajmli shakl idroki juda murakkab jarayondir. Odam ko‘zlari binokulyar ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun shakl hajmini idrok etamiz. Binokulyar ta’sir odamning ikkala ko‘zi bilan ko‘rishiga bog‘liqdir. Binokulyar ta’sirning mohiyati, ikkala ko‘z bir xil jismga qarab turganida, bu jismning chap va o‘ng ko‘zlar to‘r pardasidagi tasviri turlicha bo‘ladi.
Lekin, binokulyar ko‘rish jism hajmli idrokining yagona sharti emasdir. Jism katta hajmini idrok qilishda, ushbu jism hajmli belgilarini bilish, shuningdek, katta hajmli jismda yorug‘lik va soyaning tarqalishi ahamiyatga egadir.
Insonning fazoni idrok qilishi qator o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Bu fazoning uch o‘lchamliligi bilan bog‘liq, shuning uchun, idrok qilishga bir qator hamkorlikda faoliyat ko‘rsatuvchi analizatorlarni ishga tushirish lozim. Bunda fazoni idrok qilish turli darajalarda kechishi mumkin.
Uch o‘lchamli fazo idrokida, avvalambor, ichki quloqda joylashgan maxsus vestibulyar apparatning vazifalaridan foydalaniladi. Vestibulyar apparat ko‘zni harakatlantiruvchi mushaklari bilan uzviy bog‘langan, va undagi har bir o‘zgarish ko‘z holatidagi refleksli o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Glossariy Idrok- sezgi a’zolariga bevosita ta’sir etib turgan narsa-hodisalar obrazlarini kishi ongida bir butun holda aks ettirilishi.
Kuzatuvchanlik -kishining rejali, tizimli va davomli ixtiyoriy idrok qilish qobiliyati.
Appersepsiya – idrok jarayonini shaxsning oldingi bilimlari, shaxsiy va ijtimoiy tajribalari, qiziqishlari, motivasiyasi, ehtiyojlari va odatlari, umuman ruhiy hayotining barcha mazmuni bilan belgilanishidir.