Xlorangidridlar karbon kislotalarning boshqa hosilalari kabi nukleofil o’rin olish reaktsiyalariga oson kirishadi. Bunda xlor xlorid ioni yoki vodorod xlorid holida ajraladi va uning o’rnini boshqa asos guruhi egallaydi. Karbonil guruhining mavjudligi tufayli bu reaktsiyalar oson va tez amalga oshadi. Xlorangidridlar reaktsion qobiliyati yuqori bo’lgan karbon kislota hosilalaridir.
Odatda amidlar va murakkab efirlar laboratoriya sharoitlarida xlorangidridlardan hosil qilinadi (karbon kislotalardan emas). Xlorangidridlarning hosil bo’lishi kabi, xlorangidridlarga ammiak yoki spirt ta’siridan juda oson va tez amidlar yoki murakkab efirlar hosil qilish mumkin; karbon kislotalarda esa muvozanat saqlanishi talab etiladi va reaktsiya qaytar hisoblanadi. Shuning uchun amidlar yoki murakkab efirlar hosil qilishda ikki bosqichli qaytmas jarayonlar – xlorlash va ammiak yoki spirt ta’siridan foydalanish maqsadlidir.
Kislota angidridlari. Sirka angidrid sintez qilish usullari.Monokarbon kislota angidridlaridan eng ko’p uchraydigani va qo’llaniladigani sirka angidrid hisoblanadi. Sirka angidrid sirka kislota va ketendan CH2=C=O sintez qilinadi (keten o’z navbatida sirka kislotaning yuqori xaroratda degidratatsiyasi mahsulotidir).
Keten – reaktsion qobiliyati o’ta yuqori bo’lgan o’ziga xos xususiyatli birikma: metilen olish uchun manba hisoblanadi. Laboratoriyada atsetonni pirolizi orqali olinadi va tezda sintezlarda qo’llanilishi talab etiladi.
Kislota angidridlari xlorangidridlar uchun xos bo’lgan barcha kimyoviy o’zgarishlarga uchraydi; ularda bu reaktsiyalar sekin boradi. Agar xlorangidridlar bilan reaktsiyalarda vodorod xlorid ajralsa, kislota angidridlari bilan reaktsiyalarda karbon kislota molekulalariga parchalanadi.
Atsil guruhi saqlovchi birikmalar olishda ko’pincha sirka angidriddan foydalaniladi: u arzon, mavjud, kam uchuvchan va u bilan atsetil xloridga nisbatan ishlash oson. Bundan tashqari sirka kislotasi bilan reaktsiyalarda agressiv bo’lgan vodorod xlorid ajralmaydi. Undan sanoat miqyosida eterifikatsiya reaktsiyasi yordamida polioksibirikmalar – uglevodlar, jumladan sellyuloza olish uchun foydalaniladi.