Аҳоли сони ва такрор барпо бўлиши



Yüklə 0,81 Mb.
səhifə35/52
tarix02.11.2022
ölçüsü0,81 Mb.
#67142
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   52
249bbaf14d244688fa8eb7ce104c896e AHOLI GEOGRAFIYASI VA DEMOGRAFIYA ASOSLARI

Etnodiniy metaetnik birliklar ham uchraydi. Masalan, induizm Janubiy Osiyoda juda ko‘p xalqlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan, hozirda esa ushbu mintaqada hind xalqlari yagona birlik sifatida shakllanmoqdalar. Filippin janubida islomning tarqalishi Moro xalqlari deb nomlangan alohida etnodiniy guruh shakllanishiga olib keldi. Filippindagi boshqa yirik xalqlarning birlashuvi esa nasroniylik dini ta’siri ostida ro‘y berdi.
Bir necha kichik etnoslar bitta kattasiga qo‘shilganligi yoki kichik etnik birliklarning yirik xalq ichida yo‘q bo‘lib ketganligi haqida tarix guvohlik beradi, ya’ni turli hududlarda va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda etnik birlashish jarayonlari sodir bo‘lgan. Biroq, unga teskari jarayon, ya’ni etnik bo‘linish sinfiy jamiyatgacha bo‘lgan davrda ko‘proq sodir bo‘lgan. Bu davrda aholining o‘sishi qabilalarning parchalanishiga va kishilarning yer shari bo‘ylab tarqalishiga olib kelgan. Dunyoning ayrim qismlarida etnik bo‘linish jarayoni hozir ham davom etmoqda. Xususan, yevropaliklarning Amerika, Avstraliya va qisman Afrikaga ko‘chishi oqibatida bu yerlarda yangi etnoslar shakllandi. Ba’zan davlat chegaralaridagi o‘zgarish tufayli etnoslarning bo‘linishi ham yangi xalqlarni vujudga keltiradi.
Etnik birlashuv jarayonlari bir necha xil bo‘ladi: konsolidasiya, assimilyasiya va etnik integrasiya. Ba’zan etnik rivojlanish ancha murakkab bo‘lib, bu jarayonlarning barchasi bir vaqtda sodir bo‘ladi.
Konsolidasiya – bu o‘zaro yaqin bir necha etnoslarning (qabila, elat) bitta yirik xalqqa qo‘shilishi yoki mavjud xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi bo‘yicha yanada jipslashuvidir. Xalqlarning tili va madaniyati o‘zaro yaqin bo‘lsa konsolidasiya jadal ro‘y beradi. Etnoslar rivojlanishning quyi pog‘onalarida qolib, millat sifatida shakllana olmagan hududlarda bu jarayon sodir bo‘ladi (masalan, Dog‘iston va Oltoydagi kichik elatlar va h.k.).
Konsolidasiya jarayoni ayniqsa ikkinchi jahon urushidan keyin, mustamlaka tizimi parchalanishi bilan keng quloch yoydi. Milliy ozodlik harakati natijasida ularning siyosiy mustaqillikka erishishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xo‘jalik tuzilmasidagi o‘zgarishlar, jumladan ko‘chmanchilik o‘rniga o‘troq turmush tarzining yuzaga kelishi – bularning barchasi etnik konsolidasiyani, milliy o‘zlikni anglashni jadallashtirdi. Yaqin o‘tmishda ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlar uchun xos bo‘lgan etnik xilma-xillik hozirda susayib bormoqda. Qabilalar va lokal etnik guruhlardan elatlar va millatlar shakllanmoqda. Masalan, Afrikadagi bir necha qabila uyushmalaridan xausa, yoruba, ibo kabi taniqli elat va millatlar vujudga keldi. Hindiston, Filippin va boshqa Osiyo mamlakatlarida konsolidasiya jadal ro‘y bermoqda.
Ayrim millatlar shakllanishiga siyosiy vaziyatlar, birinchi navbatda, alohida davlatlarning paydo bo‘lishi katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu narsa, masalan, flamandlardan ajralib chiqqan gollandlarga tegishli. Ikkita mustaqil davlat – Germaniya va Avstriyaning paydo bo‘lishi bir tilda gaplashadigan alohida millatlarni vujudga keltirdi. Deyarli barcha Lotin Amerikasi millatlari mustaqil davlatlar doirasida shakllandilar, shuning uchun ulardagi siyosiy chegara etnik chegara bo‘lib ham xizmat qilmoqda.
Assimilyasiya mohiyati shundaki, biron-bir xalqning alohida guruhi yoki butun bir xalq uzoq vaqt davomida boshqa xalq orasida yashab, uning tili va madaniyatini o‘zlashtiradi hamda o‘zini avvalgi etnik birlikka mansub ekanini inkor qiladi. Milliy o‘zlikni anglashdagi o‘zgarishlar bu jarayonning oxirgi bosqichi hisoblanadi.
Assimilyasiya asosan iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlar uchun xos bo‘lib, undagi aholi millat sifatida allaqachon shakllangan. Ushbu kishilar orasida yashaydigan kamsonli milliy guruhlar esa ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish bo‘yicha ancha orqada. Bu jarayon kamsonli millatlarga ham, muhojirlarga ham tegishli. Muhojirlarning assimilyasiyalashuvi ko‘pgina omillarga bog‘liq: ularning tubjoy aholisi bilan tili va madaniyatidagi o‘xshashliklar, ko‘chib kelganlarning milliy jipslik darajasi, ularning o‘z vatanlari bilan siyosiy va madaniy aloqalarini saqlanib qolganligi, qabul qilgan mamlakat hududidagi joylashuvi (aralash yoki kompakt, shahar yoki qishloq), irqiy tafovutlar, mamlakatdagi boshqaruvchi kuchlarning u yoki bu muhojir guruhlarga munosabati va h.k.
Assimilyasiyaning tabiiy va majburiy turlari mavjud. Tabiiy assimilyasiya ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalarining rivojlanishi jarayonida o‘z oqimi bilan sodir bo‘ladi. Majburiy assimilyasiya esa milliy notenglik mavjud bo‘lgan davlatlarda kamsonli millatlarning tili va madaniyatiga butunlay barham berishga yo‘naltirilgan reaksion assimilyasiya siyosati natijasidir.
Etnik integrasiyalashuv, ya’ni turli etnoslarning yaqinlashuvi asosan ko‘pmillatli davlatlarda sodir bo‘ladi. Bunday mamlakatlarda milliy muammolarni hal etishning muhim sharti – xalqlarni madaniy va xo‘jalik jihatdan yaqinlashtirish hisoblanadi. Bunday integrasiyalashuv etnik birliklar soni hamda ularning tiplari bo‘yicha o‘zgarishlarga olib keladi. U yoki bu mamlakat aholisi milliy tarkibiga tavsif berishda umumiy hududga, til va madaniyatga ega, tarixiy shakllangan kishilar guruhini anglatuvchi “xalq” tushunchasi keng qo‘llaniladi. Ba’zi hollarda bu tushuncha (Yevropa, Shimoliy Amerika mamlakatlari) millat va elatni, boshqa holatlarda elat, o‘zaro yaqin qabilalar guruhi, hatto alohida qabilani (Afrika, Osiyo va Okeaniyaning ayrim mamlakatlari) anglatadi.
Dunyo aholisining etnik tarkibi tinimsiz o‘zarib turibdi; ba’zan yangi etnik birliklar paydo bo‘lmoqda. Biroq, umuman konsolidasiya va assimilyasiya jahon xalqlari umumiy sonining qisqarishiga olib keladi. Hatto, bir necha asr ilgari millatlarning shakllanishi boshlangan Yevropada bir qancha etnoslar (gellar, frizlar va boshqalar) asta-sekin yo‘q bo‘lib ketdilar. Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu jarayon jadal davom etmoqda.
Xalqlarning joylashuvida ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yer shari bo‘ylab ko‘pchilik xalqlar kompakt bo‘lib yashaydilar. Milliy aralash aholi, avvalo etnik chegaralar yoqasida joylashgan hududlar uchun xos bo‘lib, bunday aralashuv o‘xshash tillarda so‘zlashadigan va madaniy-maishiy munosabati yaqin bo‘lgan qo‘shni xalqlarda ayniqsa kuchli bo‘ladi. Mintaqalarning iqtisodiy rivojlanish darajasi yuksalib borgan sari, shunga mos holda, ularning milliy tarkibi ham murakkablashib boradi. Jumladan, qishloq joylarga nisbatan shaharlar aholisining milliy tarkibi xilma-xildir. Shahar qancha katta bo‘lsa, aholining milliy tarkibi shuncha rang-barang bo‘ladi. Shahar aholisining milliy xilma-xilligi muhojirlarni ko‘p qabul qiladigan mamlakatlar uchun xosdir. Chunki yangi ko‘chib kelganlarning asosiy qismi shaharlarda o‘rnashadilar.
AQSh shahar aholisi milliy tarkibining tahlili bu holatni to‘la-to‘kis tasdiqlaydi. Ushbu mamlakat shaharlarida assimilyasiyalashmagan muhojirlar salmog‘i o‘rtacha mamlakat ko‘rsatkichiga nisbatan 2,5 barobar yuqori. Janubi-Sharqiy Osiyo shaharlarida tubjoy millatlarga mansub kishilardan tashqari, aholining anchagina qismini xitoylar va hindlar tashkil qiladi; ular bu yerda savdo, hunarmandchilik va sanoat ishlab chiqarishida band. Arab davlatlari va Afg‘onistonda ham hindlar asosan shaharlarda yashab, savdo va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadilar.
Tojiklar, o‘zbeklar, turkmanlar va afg‘onlar keng tarqalgan shimoliy Afg‘aniston shaharlarida tojiklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Afg‘onlar ko‘p yashaydigan hududlardagi shaharlarda, jumladan Qobulda ham ular ulushi yuqori. Xitoyning ko‘pchilik shaharlarida (kamsonli millatlar yashaydigan hududlarda ham) xitoylar, qisman xuey va manchjurlar, faqat Sinszyan okrugi shaharlarida uyg‘urlar, Tibet shaharlarida esa tibetliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Umuman, ko‘pmillatli davlatlarda nisbatan yirik yoki iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan millatlarning vakillari shahar aholisining asosiy qismini tashkil etadi.
Qishloq joylardagi milliy aralashuv ikki yoqlama tavsif kasb etishi mumkin. Faqat ikki va undan ortiq xalq bitta aholi punktida yashaydigan bo‘lsagina, ularni milliy jihatdan xaqiqiy aralash hudud deb hisoblash mumkin (bu sohadagi eng yaqqol misol – Malayziya bo‘lib, ularda eng kichik qishloqlargina bir millatlidir). Odatda muayyan hududda ko‘plab xalqlar joylashgan bo‘lib, ularning har biri o‘z qishloqlariga ega bo‘ladi.
Siyosiy chegaralar ko‘pincha milliy chegaralarga mos kelmaydi. Ehtimol, millat shakllanishi bilan davlatning paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda ro‘y bergan G‘arbiy Yevropa hamda Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun bu hodisa odatiy holdir. Boshqa mintaqalardagi juda ko‘p xalqlar ikki va undan ortiq davlatlar hududida yashaydilar hamda ularning orasi davlat chegaralari bilan ajratilgan. Bir millatli davlatlar juda kam uchraydi (ayrim G‘arbiy Yevropa va Arabiston yarim oroli mamlakatlari, Yaponiya, Koreya, Bangladesh). Ko‘pchilik dunyo mamlakatlari ko‘pmillatli bo‘lib, ularning ba’zilarida (Rossiya, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Eron, Nigeriya va b.) o‘nlab va hatto yuzlab xalqlar yashaydilar. Hozirgi paytda migratsion jarayonlarning keng quloch yoyishi bois bir millatli mamlakatlarda ham hech bo‘lmasa kamsonli millatlarning kichikroq guruhi uchraydi. Masalan, Yaponiyada XX asrning 20-40 yillarida ko‘chib borgan koreyslarning avlodlari yashaydi va ularning soni taxminan 500-600 ming kishini tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, “kamsonli millat” tushunchasi bir xil ma’noni anglatmaydi. Ko‘p hollarda ushbu tushuncha ostida yirik xalqning asosiy qismidan ajralib qolgan kichikroq guruhi tushuniladi. Masalan, Turkiyadagi greklar, Italiyadagi albanlar, Qirg‘izistondagi o‘zbeklar va h.k. Ba’zi holatlarda ushbu tushuncha o‘z davlatiga ega bo‘lmagan millatlarga nisbatan qo‘llaniladi (masalan, Ispaniya va Fransiyada basklar, Fransiyada bretonliklar, Turkiya, Iroq va Suriyada kurdlar, Xitoyda uyg‘urlar, Eron, Pokiston, Afg‘onistonda beludjilar va h.k.). Boz ustiga, mazkur xalqlar o‘z etnik hududlarida ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Aholi milliy tarkibini aniqlash murakkab jarayon bo‘lib, unga ko‘plab omillar xalaqit beradi. Jumladan, hatto milliy tarkib bo‘yicha to‘liq statistik ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda ham ko‘pchilik mamlakatlarda assimilyasiya va konsolidasiya jarayonlarining oxiriga yetmaganligi tufayli milliy o‘zlikni anglash darajasi oraliq bosqichda bo‘lgan kishilar guruhi aholining katta qismini tashkil qiladi.
Ta’kidlash joizki, ko‘pchilik mamlakatlarda aholi ro‘yxatlari va uni hisobga olishning boshqa shakllari bir taraflama bo‘ladi. Ayniqsa, Osiyo, Afrika va qisman Lotin Amerikasining ichki hududlarida saqlanib qolgan mayda etnik birliklarni (qabilalarni) ajratishda katta muammolar kelib chiqadi. Bunday qabila birliklari orasida aniq chegaraning o‘zi yo‘q.
Aholi ro‘yxatlarida ikkita muhim etnik ko‘rsatkich – til va milliy o‘zlikni anglash (qaysi millatga mansubligi haqidagi savolga bergan javobi orqali aniqlanadi) ko‘p uchraydi. Til umumiyligi – etnos shakllanishining muhim shartidir; zotan, ko‘pincha til va xalq nomi o‘zaro mos keladi. U yoki bu aholi guruhida ona tilining o‘zgarishi assimilyasiya jarayonlarining chuqurlashib ketganini ko‘rsatadi; odatda til o‘zgargandan keyin milliy o‘zlikni anglashda ham o‘zgarishlar yuz beradi. Masalan, Fransiya sharqida yashaydigan deyarli barcha elzasliklar nemis va fransuz tillarida so‘zlashadilar. Belgiya va Shveysariya kabi ko‘pmillatli davlatlar aholisining asosiy qismi ikki yoki uch tillidirlar. Umuman ikkitillilik – ko‘pmillatli mamlakatlar uchun xos xususiyat bo‘lib, kamsonli millatlar vakillari o‘z ona tillaridan tashqari, rasmiy davlat tilidan ham foydalanadilar (Hindistonda – hindi, Pokistonda – urdu, Indoneziyada – baxasa indonesia, Filippinda – tagalog, bir qator Afrika davlatlarida – ingliz yoki fransuz tillari). Ikkitilli guruhlar asosan etnik chegaralar yoqasida hududlarda keng tarqalgan. Bundan tashqari, ikkitillilik muhojirlarni ko‘p qabul qilgan mamlakatlar uchun xosdir. Keyingi paytlarda ikkitillilikka shahar aholisining jadal o‘sishi, qishloq aholisining turli guruhlari o‘rtasidagi aloqalarning kuchayishi, ta’lim va madaniyat darajasining yuksalishi kabi omillar katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bir necha xalqlarning bir tilda so‘zlashishi tez-tez uchraydigan holdir. Masalan, ingliz tilida inglizlar, avstraliyaliklar, yangi zelandiyaliklar, kanadaliklar, AQSh amerikaliklari va boshqa xalqlar gaplashadilar. Ispan tili nafaqat ispanlar uchun, balki Lotin Amerikasidagi juda ko‘p xalqlar uchun ona tili bo‘lib hisoblanadi. Bitta tilda nemislar, avstriyaliklar va shveysariyaliklar so‘zlashadilar.
Muayyan tilda so‘zlashadigan kishilar soni o‘sha xalqqa mansub aholi soniga mos kelmaydi. Ayniqsa bu narsa millatlararo muloqot vazifasni bajaruvchi yirik xalqlarning tillariga tegishlidir. Bunday tillarning eng ko‘p tarqalganlari (taxminan mln. kishi): xitoy (1500), ingliz (500), hindi va unga yaqin urdu (540), ispan (300), rus (270), arab, bengal va indonez (har birida 250 dan), portugal (200), nemis (140), fransuz (125) va h.k. Shunday qilib, mazkur 12 tilda jahon aholisining 2/3 qismi so‘zlashadi.
Milliy o‘zlikni anglash eng muhim etnik aniqlovchi bo‘lib xizmat qiladi. Uzoq tarixiy davrlar mobaynida shakllangan milliy o‘zlikni anglash, garchi etnik birlikni tashkil qiluvchi juda ko‘p unsurlardan iborat bo‘lsada, o‘ziga xos mustaqillikka ega. Shuning uchun u asosiy xalqdan hududiy jihatdan ajralib qolgan kishilar guruhida, hattoki tili o‘zgarib ketgan holatda ham saqlanib qolishi mumkin. Milliy o‘zlikni anglash ta’sirida ba’zan etnik guruhlar o‘z milliy hududiga qayta qo‘shilishga, o‘z ona tilini qayta tiklashga intiladilar.
O‘zlikni anglash yuqori darajada milliy konsolidasiyalashgan xalqlar uchun xosdir. Biroq, qabila tuzumi uchun xos xususiyatlarni saqlab qolgan elatlarda milliy ongi hali aniq shakllanmagan bo‘ladi. Bunday elatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning past darajasi va milliy konsolidasiyalashuv markazlarining yo‘qligi turli shevalarda so‘zlashuvchi guruhlar o‘rtasida muloqot va madaniy aloqalar rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Aniq milliy ong shakllanmaganligi oraliq guruhlar (muhojirlar, ikkitilli aholi, etnik chegaralar yoqasida yashovchi kishilar va h.k.) uchun ham xosdir. Ko‘pincha boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketgan muhojirlarda o‘z xalqiga mansublik hissi susayib, uning o‘rnini ilgari yashagan mamlakatga yoki o‘zining sobiq qo‘shnisiga mansublik hissi egallaydi. Jumladan, kataloniyaliklar, galisiyaliklar va hatto basklar o‘zlarini ispanlar deb, tamillar – hindlar deb, yavaliklar – indonezlar deb atay boshladilar.
Assimilyasiya jarayonlarining borishi, muhojirlar orasida milliy ong o‘zgarishidagi sur’atlar ular kirib kelgan mamlakatining tili, urf-odatlari va turli madaniy unsurlarini qay darajada o‘zlashtirishlariga hamda aralash nikohlarning tarqalishiga bog‘liq. Ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (AQSh, Avstraliya, Kanadaning ingliz tili provinsiyalari) Buyuk Britaniyadan ko‘chib kelganlar farzandlarini boshqalardan ajratish qiyin. Markaziy Yevropa, Italiya, slavyan davlatlari emigrantlarining assimililyasiyalashuvi qiyin kechmoqda; irqiy jihatdan ham farq qiluvchi – yaponlar, indonezlar, filippinliklarda esa yanada qiyinroq. Osiyo millatiga mansub kishilar, odatda uchinchi va undan keyingi avlodlarda ham o‘z milliy xususiyatlarini saqlab qoladilar.
Hozirgi paytda dunyoda taxminan 2000-3000 xalq mavjud bo‘lib, ular bir necha o‘n kishidan iborat mayda qabilalardan (Hindistonda andamanlik minkoplar, Indoneziyada toalalar, Braziliyada botokudlar, Argentinada alakaluflar va yamanlar va h.k.) to bir necha yuz million aholini o‘z ichiga oluvchi yirik (ruslar, AQSh amerikaliklari, xitoylar, yaponlar, braziliyaliklar va h.k.) millatlargacha bo‘lgan guruhlarni o‘z ichiga oladi.
Biroq mazkur raqamlar juda shartli bo‘lib, u yoki bu xalqning alohida millat, elat, qabila yoki qaysidir etnos tarkibidagi etnografik guruh ekanligi haqida mutaxassislar orasida tinimsiz bahslar bormoqda. Masalan, milliy jihatdan eng konsolidasiyalashgan mintaqa – Yevropada olimlar 60 ta xalqni tubjoy millatlar sifatida ajratganlar. Ayrim etnograflar bretonlar, uelsliklar, frizlarni mustaqil xalqlar deb hisoblasalar, boshqalari bretonlar – fransuzlar, uelsliklar – inglizlar, frizlar esa gollandlar tarkibiga mansub etnografik guruh deb ataydilar. Shuning uchun, bunday holatlarda muayyan xalqqa mansub aholi sonini aniqlashda ona tili, tug‘ilgan yurti, fuqaroligi, irqi, dini, qabilaviy mansubligi kabi ma’lumotlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bir qator Osiyo va Afrika mamlakatlarida o‘zaro yaqin til va shevalarda so‘zlashadigan kishilar guruhlari orasida milliy konsolidasiyalashuvning kuchayishi kuzatilmoqda. Qondosh etnos guruhlar uchun yagona adabiy tilning yaratilishi, ma’muriy chegaralar aholining milliy tarkibiga mos holda o‘rnatilishi bu jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu narsa hindistonliklar, bixarlar, rajastxanliklar, visayya kabi yirik etnik guruhlarga tegishlidir. Jumladan, bixarlar tarkibiga uchta ko‘pmillionli xalq – bxodjpuri, magaxi i maytxili xalqlari hamda o‘ndan ortiq mayda etnik guruhlar, rajastxanliklar tarkibiga – marvarilar, jaypurilar, mevarilar va boshqalar kiradi. Visayya xalqi esa sebua, panay-xiligaynon, samar-leyte va boshqa etnik guruhlarni o‘zida birlashtiradi. Kelgusida, muayyan tarixiy sharoit ta’sirida nomlari qayd etilgan barcha etnik guruhlar yo yagona xalqqa birlashishi, yoki o‘zaro qondosh xalqlar negizida bir necha mustaqil millatlar shakllanishi kutiladi.
Hozirgi paytda xalqlarni muayyan tilda so‘zlashuviga ko‘ra (lingvistik) tasniflash ancha keng tarqalgan. To‘g‘ri, birgina til xalqlar orasidagi barcha belgilarni o‘zida aks ettirish imkoniga ega emas, bunday holatlarda boshqa etnik ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. Xalqlarni guruhlashda mazkur tizim qondoshlik belgilari bo‘yicha birlashtirilgan tillarni, ularning lug‘at fondi va grammatikasini taqqoslash yo‘li bilan o‘rnatilgan genealogik tasnifidan foydalanadi.
Ushbu tizimdagi oliy taksonomik birlik – til oilalari bo‘lib, hozirgi paytda dunyoda 15 ta til oilasi va biron bir oila tarkibiga kirmaydigan, o‘ziga xos tilda so‘zlashadigan alohida xalqlar (koreyslar, yaponlar, basklar, ketlar va h.k.) mavjud. Ba’zi hollarda u yoki bu xalq tillararo o‘xshashligiga qarab emas, balki geografik va tarixiy-madaniy belgilari bo‘yicha muayyan til oilasi tarkibiga kiritilgan (tillarning genetik qondoshligi ilmiy isbotlangan chog‘dagina “til oilasi” tushunchasi qo‘llaniladi). Bunday guruhlarga papuaslar va hind xalqlari mansub bo‘lib, aslida ularning har biri bir necha oilani o‘zida birlashtirgan. Uch afrika «oilasi» (niger-kordofan, nil-sahroi kabir va koysan) ham bir necha oiladan iborat.
Oila ichidagi o‘zaro yaqin til guruhlari – dunyoda ularning soni 45 ta – hamda (oila tarkibida, biroq bironta til guruhiga kirmaydigan) alohida tilda so‘zlashadigan xalqlar ikkinchi taksonomik birlikni tashkil etadi. Masalan, hind-evropa oilasiga slavyan, boltiq, german, roman, eron va boshqa til guruhlari bilan bir qatorda, hech bir guruhga qo‘shilmaydigan albanlar va armanlar ham kiradi.
Eng quyi taksonomik birlik alohida til emas, balki xalq bo‘lib hisoblanadi.
Til oilalarining shakllanish jarayoni insoniyatning yer shari bo‘ylab joylanishi bilan uzviy bog‘liq. Eng yaqin tillar odatda uzoq vaqt davomida bitta mintaqada yashagan va kelib chiqishi umumiy bo‘lgan qo‘shni xalqlarda uchraydi. Ba’zi hollarda bir-biridan uzoqda yashaydigan xalqlarning tillarida ham o‘xshashlik kuzatiladi (masalan, yavaliklar va malagaslar, vengrlar va mansilar, yoqutlar va ozarbayjonlar). Buning sababi shuki, o‘xshash tilda so‘zlashadigan xalqlarning yo kelib chiqishi umumiy, yoki uzoq o‘tmishda ular o‘zaro qo‘shni bo‘lib yashaganlar.
Yer shari aholisining 40 foizdan ko‘prog‘i 11 ta til guruhini o‘zida jamlagan hind-evropa til oilasiga mansub. Mazkur tillar dunyoning deyarli barcha mintaqalarida, ayniqsa Yevropa, Osiyo va Amerikada keng tarqalgan. Jahon aholisining taxminan 20 foizi xitoy-tibet oilasi (uning tarkibiga eng ko‘psonli xalq – xitoylar kiradi) tillarida so‘zlashadi. Aholining 8 foizi Afrikada keng tarqalgan niger-kordofen, 5-7 foizi esa semit-xamit oilasi (Osiyo va Afrika mamlakatlaridagi arablar) tillaridan foydalanadi. Shunday qilib, mazkur 4 ta til oilasida insoniyatning 4/5 qismi gaplashadi.
Til oilalari va guruhlarining geografik tarqalishi juda notekis. Masalan, arab tili Janubi-G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikaning juda katta hududlarini egallagan. Turk guruhiga mansub tillar Bolqon yarim orolidan to shimoli-sharqiy Sibirgacha yetib borgan. Dunyoning barcha qit’alarida ingliz tilida so‘zlashadilar. Ispan tili Lotin Amerikasining katta qismida tarqalgan. Yevropada inglizcha va ispancha gaplashadigan kishilar dunyodagi jami shu tillarda so‘zlashuvchilarning 20 foizidan kamrog‘ini tashkil etadi. Bu jarayonlar ta’sirida bitta tilda mazkur xalqqa umuman aloqasi bo‘lmagan, ko‘pincha butunlay boshqa irqqa mansub kishilar ham so‘zlashmoqdalar.
Keyingi yillarda turli xalqlar o‘sish sur’atidagi xilma-xilliklar tufayli turli til oilalari va guruhlariga mansub aholining yer yuzidagi jami aholi soniga nisbatan salmog‘i tez o‘zgardi. Niger-kordofan, semit-xamit va avstroneziya til oilalari aholisi orasida o‘sish juda yuqori. Ayni paytda, hind-evropa va ural oilalariga mansub xalqlar hamda yaponlarning salmog‘i sezilarli darajada kamaygan.

Yüklə 0,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin