249bbaf14d244688fa8eb7ce104c896e AHOLI GEOGRAFIYASI VA DEMOGRAFIYA ASOSLARI
4.5. Mehnat resurslari – aholi tarkibi sifatida Bozor munosabatlarining rivojlanishi ayrim nazariy tushunchalar mazmunini tubdan o‘zgartirib yubordi. «Mehnat resurslari», «ish kuchi» kabilarni shunday tushunchalar jumlasiga kiritish mumkin. «Mehnat resurslari» atamasini dastlab akademik S.G. Strimulin o‘zining 1922 yili chop etilgan maqolalaridan birida qo‘llagan. Uzoq yillar mobaynida undan mamlakat inson resurslarini boshqarish va foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida foydalanildi. Sobiq ittifoq davrida har bir mehnatga layoqatli fuqaroning uzrsiz sabab bilan uzoq muddat ishlamay yurishi qonuniy ta’qib ostiga olingan. Mehnatga layoqatli aholi – mehnat resurslarini tashkil etib, u tabiiy, moddiy va moliyaviy resurslar bilan bir qatorda qat’iy statistik hisobga olinishi iqtisodiyotni markazlashgan usulda rejalashtirishning muhim elementlaridan biri edi.
Mustaqillik yillari O‘zbekiston Respublikasida ham Xalqaro Mehnat Tashkiloti tavsiya etgan aholini tasniflash tizimiga o‘tildi, unga ko‘ra aholini tizimiy taqsimlashda mamlakat mehnat resurslari iqtisodiy faol va iqtisodiy nofaol qismlarga ajratiladigan bo‘ldi.
Mehnat resurslari aholining o‘z ruhiy fiziologik va aqliy sifatlari bilan moddiy ne’matlar ishlab chiqarishga yoki xizmatlar ko‘rsatishga qodir bo‘lgan mehnatga layoqatli qismidir. Ular tarkibiga faqat iqtisodiy faol aholigina emas, shu bilan birga hozirda ishlamayotgan va ish qidirmayotgan mehnatga qobiliyatli shaxslar, jumladan ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotganlar ham kiritiladi. Demak, mehnat resurslari haqiqiy (real) va potensial xodimlardir.
Mehnat resurslarining tarkibi quyidagicha:
- mehnat yoshidagi mehnatga qobiliyatli aholi. O‘zbekistonda mehnat yoshining quyi chegarasi 16 yosh bo‘lib, yuqori chegara yosh bo‘yicha pensiya olish huquqi bilan belgilangan. Bu erkaklar uchun 60 yoshni va ayollar uchun 55 yoshni tashkil etadi. Biroq, unga I va II guruh ishlamayotgan nogironlar, yoshi bo‘yicha imtiyozli shartlar asosida pensiya olayotgan fuqarolar kirmaydi.
- mehnat yoshidan o‘tgan bo‘lsa-da ishlayotgan shaxslar va yosh bo‘lsa ham ishlayotgan o‘smirlar.
Mehnat resurslari balansini tuzishda ish bilan band aholining barcha toifalarini to‘liq qamrab olish muhim ahamiyatga ega. Yollanib ishlaydiganlar ham, yollanmasdan ishlaydiganlar ham ishning doimiyligi, vaqtinchaligi, mavsumiyligi, tasodifiyligi yoki bir martalik bo‘lishidan qat’i nazar, iqtisodiyotda ish bilan band deb hisoblanadi.
Yollanib ishlaydiganlar – band aholining eng ko‘p sonli guruhi bo‘lib, mulkchilikning har qanday shaklidagi korxona (tashkilot, muassasa) rahbari yoki alohida shaxs bilan pul yoki natura holida haq oladigan mehnat faoliyati shartlari haqida yozma mehnat shartnomasi, kontrakt yoki og‘zaki bitim tuzgan shaxslarni o‘z ichiga oladi.
Yollanmasdan ishlaydiganlar – 1) individual asosda, doimiy yollanma xodimlardan foydalanmasdan mustaqil ishlaydigan shaxslarni; 2) ish beruvchilarni, shu jumladan fermer va dehqon xo‘jaliklari boshliqlarini; 3) oilaviy korxonalarning haq olmaydigan xodimlarini; 4) jamoa mulkdorlar (kooperativlar, shirkatlar kabi) a’zolarini birlashtiradi.
Tarixdan ma’lumki, mehnatga layoqatli yosh chegarasi ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga ko‘ra huquqiy asosda o‘zgarib turgan. Chunonchi, 1929-1933 yillarda 14 yosh – mehnatga layoqatli yoshning quyi chegarasi bo‘lgan, 1937 yilga kelib, u 15 yoshgacha ko‘tarildi. Urush yillarida ushbu yosh chegarasi yana 14 yoshga tushdi, urushdan keyin u 16 yoshga ko‘tarildi va hozirgacha amal qilib kelmoqda. Hozirgi vaqtda «mehnatga layoqatli yosh»ning yuqori chegarasi erkaklar uchun 59 yosh va ayollar uchun 54 yosh hisoblanadi.
Erkaklar 60 yoshga, ayollar 55 yoshga yetgandan so‘ng ular pensiya olish huquqiga ega. Biroq bu qoidada ham istisno bor. Organizmga yuksak ruhiy fiziologik bosimlar bilan bog‘liq kasb faoliyatining ayrim turlari uchun pensiya chizig‘i 5-10 yilga, ba’zan undan ham ko‘proq qisqaradi. Bunda imtiyozli shartlarda qarilik pensiyasi tizimi amal qiladi. Ayollar uchun pensiya yosh chegarasi erkaklarnikidan pastroq bo‘lsa-da, erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rishi ayollarga nisbatan sezilarli ravishda kamroqdir.
Iqtisodiyotda hozirgi paytda “mehnat resurslari” tushunchasi bilan bir qatorda «ishchi kuchi» atamasi ham ko‘p qo‘llanilmoqda. Ishchi kuchi – mehnat jarayonida inson foydalanadigan uning jismoniy va ma’naviy qobiliyatlar majmuasi bo‘lib, xorijiy adabiyotlarda u ko‘pincha «iqtisodiy faol aholi» tushunchasining sinonimi sifatida qo‘llaniladi. «Ishchi kuchi» atamasi ko‘p hollarda uch ma’noni anglatadi:
• organizm, tirik inson shaxsi ega bo‘lgan va har safar u qandaydir iste’mol qiymatini yaratish chog‘ida ishga soladigan jismoniy va ma’naviy qobiliyatlar majmui sifatida;
• aholining ish bilan band bo‘lgan yoki ish izlayotgan qismi – iqtisodiy faol aholining sinonimi sifatida;
• umuman ishlovchilar yoki muayyan bir korxona ishchilari (kundalik turmushda odatda shunday foydalaniladigan tushuncha) sifatida.
Shunday qilib, mehnat resurslari tushunchasiga iqtisodiyotda ish bilan band bo‘lgan xodimlar; band bo‘lmasa-da, mehnat qobiliyatiga ega bo‘lgan odamlar, ya’ni haqiqiy hamda potensial xodimlar kiritiladi. Boshqacha aytganda, mehnat resurslari mehnatga layoqatli yoshdagi mehnatga qobiliyatli fuqarolar hamda mehnatga layoqatli yoshdan kichikroq fuqarolar (ishlaydigan o‘smirlar) va mehnatga layoqatli yoshdan kattaroq yoshdagi fuqarolar (ishlaydigan pensionerlar) dan iborat bo‘ladi.
Ish bilan band aholini va ish izlayotgan ishsizlarni anglatadigan «iqtisodiy faol aholi» – mehnat resurslari haqidagi tasavvurlarni aks ettiradigan yana bir boshqa tushunchadir. Bu tushuncha iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda anchadan buyon ishlatilib kelinmoqda. Xalqaro andozalarga muvofiq, «iqtisodiy faol aholi» tushunchasi BMT milliy hisob varaqalar va balanslar tizimlariga kiritilgan tovarlar va xizmatlar, ishlab chiqarish uchun muayyan vaqt mobaynida o‘z mehnatini taklif etadigan har ikki jinsga mansub shaxslarni o‘z ichiga oladi. Bu tushunchani aniqlaydigan ikkita ko‘rsatkich mavjud: odatda «faol aholi» deb uzoq davom etadigan vaqtga, masalan, yilga tatbiqan; «hozirgi paytda faol aholi» deb qisqa vaqt bo‘lagiga, masalan, hafta yoki kunga nisbatan aytiladi.
Iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi toifasiga o‘quv yurtlarida kunduzi o‘qiydigan o‘quvchilar, talabalar, kursantlar; pensiya oluvchi shaxslar; uy xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchilar; ish qidirmay qo‘ygan shaxslar; ishlashga zaruriyati bo‘lmagan shaxslar kiritiladi. Ko‘rinib turibdiki, «mehnat resurslari» va «iqtisodiy faol aholi» atamalari bir-biridan farq qiladi. «Iqtisodiy faol aholi» tushunchasi «mehnat resurslari» tushunchasidan o‘z mazmuni bo‘yicha torroqdir.
Aholisi 30 mln kishiga yaqinlashgan O‘zbekiston qudratli mehnat salohiyatiga ega. Mehnat resurslari mamlakat barcha aholisining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov ta’kidlaganidek, ishlashni xohlovchilarning hammasini ish bilan ta’minlabgina qolmasdan, eng maqbul, ijtimoiy yo‘naltirilgan ish bilan bandlikni vujudga keltirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida mukammal mehnat bozorini shakllantirish, ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan shaxslarni to‘la hisobga olish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi1. Ushbu muammolarni hal etishda mehnat resurslarini shakllantirish va taqsimlashning ishga joylashish borasidagi real ehtiyojni aniqlash imkonini beruvchi balans usulidan foydalanib, aholi bandligini hisobga olishni takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 31 yanvardagi 42-sonli «Aholining ish bilan bandligini hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi. Bu Qarorda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasala-rida mehnat resurslari balansini tuzish hamda ishga joylashishga muhtoj shaxslarni aniqlash uslubiyatini o‘rgatish nazarda tutilgan.
Mehnat resurslari balansini tuzish hamda ishga joylashishga muhtoj shaxslarni aniqlash chog‘ida asosiy axborot manbalari davlat statistikasi (mehnat va aholi bo‘yicha) ma’lumotlari, ma’muriy hisobga olish (masalan, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari, uy-xo‘jaliklari, personal ro‘yxatlar) ning har xil turlari, shuningdek, ish bilan bandlik masalalari yuzasidan ishchi kuchini tanlab tekshirishdan iborat bo‘ladi. Ushbu xilma-xil manbalar ulardagi axborotning xususiyati va mazmuni, ma’lumotlarni to‘plash shakllari va usullari bo‘yicha bir-biridan farq qilishi mumkin.
Mehnat resurslarining hisobot balansi har qaysi yil yakunlariga qarab O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha tuziladi, shahar va qishloq aholisiga bo‘linadi (1-jadval). 1-jadval