Uchinchi guruh – tug‘ilish darajasi past bo‘lgan davlatlar. Bu davlatlarda aholi yiliga 0,7–0,9 foizga ko‘payib boradi. Oilalarning aksariyat qismida 1 yoki 2tadan bola bor, xolos. Shuni ta’kidlash lozimki, 1989–2005 yillarda tug‘ilish darajasi kam bo‘lgan davlatlar soni 32tadan 71taga ko‘paydi yoki 2 barobardan ziyod o‘sdi. Hozirgi davrda ushbu davlatlarda dunyo aholisining deyarli yarmi istiqomat etmoqda. Demak XXI asr boshlariga kelib, dunyo aholisining deyarli yarmi kam bolali oilalarda istiqomat etmoqdalar. So‘nggi guruh davlatlarida istiqomat etuvchi oilalarda tug‘ilishning bunday kamayib ketishi, birinchi navbatda, kapitalistik munosabatlar keng tarqalishi bilan bog‘liqdir. Ta’kidlab o‘tganimizdek, kapitalistik ishlab chiqarish sharoitida sanoat rivojlanib, shaharlar sonining o‘sishi va shahar turmush tarzining keng tarqalishi uchinchi guruhga mansub davlatlarda tug‘ilishning qisqarishiga olib keldi. Ayniqsa aholining asosiy qismi shaharlarda yashovchi Yevropa mamlakatlarida tug‘ilish juda kamayib ketgan.
Ushbu guruh davlatlarida hozirgi davrda tug‘ilish darajasining kamayib ketishiga olib kelgan navbatdagi omil ayollarning ijtimoiy ishlab chiqarishda, yollanma ishlarda ko‘proq qatnashishidir. Iqtisodiy rivojlangan davlatlarda tug‘ilishning kamayishiga olib kelgan omillardan yana biri, oilaning buzilishi, ya’ni nikohdan chiqish hollarining nihoyatda ko‘pligidir. Yuqorida qayd etilganidek, nikohning qisqa vaqt davom etishi oilada bola sonining o‘z-o‘zidan kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, barcha iqtisodiy taraqqiy etgan davlatlar qatori, Shimoliy Amerikada ham fan-texnika rivojlanib, ishlab chiqarish sohalariga kirib borishi natijasida aholining tarkibida ishsizlik tobora ko‘payib bormoqda. Ishsiz, boshpanasiz aholining oila qo‘rish va farzand tarbiya qilishiga iqtisodiy imkoniyati bo‘lmaydi. Shunday holatlar ham tug‘ilishning kamayib ketishiga olib keladi. Umuman olganda, kapitalistik munosabatlarning keng tarqalishi va rivojlanishi oilaning farzandlarga bo‘lgan ham iqtisodiy, ham ma’naviy ehtiyojini pasaytirib yuboradi. Fikrimizning dalili sifatida rivojlangan kapitalistik davlatlardan biri AQSh oilalaridagi tug‘ilish ko‘rsatkichlariga murojaat qilamiz. Agar 1950 yili har bir Amerika oilalarida o‘rtacha 3-4tadan bola tug‘ilgan bo‘lsa, 1970 yili bu ko‘rsatkich 2-3 taga kamaydi. Keyingi vaqtlarda AQShda farzandsiz oilalar ko‘payib bormoqda. Bu davlatda o‘tkazilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ko‘pchilik oilalarda fatqat bittadan farzand bo‘lib, ularning 44 %i kutilmaganda, 15%i esa, xohlamagan holda tug‘ilgan ekan. Mutaxassislar bu ahvolni “Amerika oilasida inqiroz” deb atashmoqda. Bu inqiroz Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun muammomi, yo‘qmi? Uni shu davlat aholisining taraqqiyot tarixidan kelib chiqib aniqlamoq lozim.
Shunday qilib, biz yuqorida jahon mamlakatlarining oilalarida tug‘ilish jarayonidagi o‘zgarishlar bilan tanishib chiqdik. Ma’lum bo‘ldiki, hozirgi paytda yer yuzidagi xalqlarning tug‘ilish jarayoni bir xil emas ekan. Bir toifa mamlakatlarda oilalarning tug‘ilishi juda kamayib ketgan bo‘lsa, ikkinchi bir xilida – juda yuqori. Bu hol, yuqorida aytilganidek, turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bog‘liq.
Dostları ilə paylaş: |