Аҳоли сони ва такрор барпо бўлиши



Yüklə 0,81 Mb.
səhifə47/67
tarix02.01.2022
ölçüsü0,81 Mb.
#39284
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   67
Aholi geoo

4.4. Dinlar geografiyasi

Etnoslarga tavsif berishda ko‘pincha mutaxassislar ularning diniy mansubligiga e’tibor qaratadilar.

Turli tarixiy davrlarda diniy va etnik birliklar nisbati turlicha bo‘lgan. Ibtidoiy jamoa tuzumida diniy va etnik chegaralar o‘zaro mos kelgan. Har bir xalq tomonidan yaratilgan xudolar milliy xudolar bo‘lib, ularning ta’sir doirasi muayyan qabila chegarasidan tashqariga o‘tmagan. Bu davrda har bir davlat va unga tegishli etnos o‘z xudolariga, o‘ziga xos diniy tasavvurlariga ega bo‘lgan. Jamiyat taraqqiyoti, etnik aloqalarni kuchayishi bilan ancha katta diniy birliklar vujudga keldi, bir dinga bir necha xalqlar e’tiqod qila boshlaydilar. Keyinchalik bir etnosning ma’lum qismi eski xudolariga sig‘inishda davom etsalar, boshqalari yangi dinni qabul qilish hollari tez-tez ro‘y berib turdi. Shunday qilib, xalqlar asta-sekin ko‘pxudolikni qabul qila boshladilar. Jahon dinlarining vujudga kelishi bilan etnik va diniy chegaralar muvofiqligi barham topadi. Ba’zi holatlarda diniy tafovutlar til jihatdan o‘zaro yaqin (gollandlar va flamandlar; serblar va xorvatlar va h.k.) aholi guruhlarining milliy chegaralanishida muhim rol o‘ynaydi.

Keyingi davrlarda diniy mansublik va etnik mansublik o‘rtasidagi aloqalar susaya bordi. Ko‘pgina yirik zamonaviy xalqlar turli dinlarga sig‘inuvchi kishilar guruhlarini o‘zida birlashtiradi, ayni paytda bitta dinga ko‘plab etnoslar e’tiqod qilishlari ham mumkin. Hozir faqat ba’zan, unda ham shartli ravishda milliy dinlar haqida gapirish mumkin (arman-grigorian cherkovi – ko‘pchilik armanlar, sintoizm – yaponlarning asosiy qismi, sikxizm – panjobliklarning ma’lum qismi va h.k.).

Ba’zi mamlakatlarda hukmron mavqega ega dinga e’tiqod qilmaydigan deyarli barcha aholi milliy kamsonli guruhlar tarkibiga kiritiladi. Jumladan, Eronda nafaqat armanlar, assiriyaliklar, yahudiylar, shu bilan birga fors xalqining bir qismi bo‘lgan gebrlar (zoroastriylar) ham milliy kamsonli guruh sifatida e’tirof etiladi. Ayrim arab davlatlarida etnik kamsonli guruhlarga nafaqat musulmon bo‘lmagan aholi, hatto islomning mazkur mamlakatda hukmron mavqega ega bo‘lmagan mazhabiga mansub guruhlar ham kiritiladi.

Etnik birliklarda bo‘lgani kabi, diniy birliklar uchun ham tabaqalashuv xosdir. Har bir din turli yo‘nalishlar, mazhablar, oqimlar va sektalarga bo‘linadi. Odatda mamlakatlar yoki xalqlar shartli ravishda musulmon, nasroniy, budda dinlariga ajratiladi, biroq quyi taksonomik darajalarga tushgan sari bunday bir xillik yo‘qola boradi.

Ayrim nasroniy mamlakatlar diniy jihatdan bir necha qismlarga bo‘lingan. Masalan, nemislar protestant (uning ikki oqimiga – lyuteranlik va reformatlik) va katolik dinlariga e’tiqod qiladilar; shveysarlarning turli guruhlari orasida protestantlar (reformatlik) va katoliklar tarqalgan; shotlandlar orasida protestant-presviterianlar ustunlik qiladi.

Bitta xalq turli qismlarining har xil diniy oqimlarga mansubligi tufayli uning ichida madaniy-maishiy tafovutlar kelib chiqadi va bu narsa o‘z navbatida etnodiniy guruhlar shakllanishiga olib keladi. Bunday guruhlar jumlasiga kurdlar orasidagi yazidlar diniy guruhini, Suriya va Livan arablari orasida – druzlarni, misrliklar orasida – kopitlarni misol qilib keltirish mumkin. Buning ustiga, boshqa yo‘ldosh holatlar ham unga ta’sir etsa diniy tafovut muhim etnotabaqalashuv omili bo‘lib xizmat qiladi.

Ayrim mamlakatlarda din kishilar hayotining ko‘pgina tomonlariga, ularning ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga, turmush tarziga va madaniyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Jahonning qaynoq nuqtalarida ro‘y berayotgan siyosiy voqealarni, agar u yerdagi diniy vaziyat hisobga olinmasa, tushunish qiyin. XX asr 70-yillarida Hindiston diniy jihatdan bo‘yicha ikki mustaqil davlatga bo‘lindi, va natijada Pokistondan ko‘pgina hindlar, Hindistondan esa musulmonlar ko‘chib ketdilar. Bunday migratsiya jarayonida yigirma milliondan ortiq kishi ishtirok etdi. Turli diniy guruhlarga mansub kishilar orasida Livan, Isroil, Filippin, Afg‘oniston, Serbiya va boshqa joylarda to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Avvalo, turli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sabablar natijasida kelib chiqqan bunday kelishmovchiliklarda diniy omil muhim rol o‘ynadi. Din ko‘p mamlakatlar ichki siyosiy hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi; hatto ularning ayrimlarida siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari diniy mansublik tamoyili asosida tuzilgan.

Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, turli tarixiy voqealar va hozirda ro‘y berayotgan hodisalar hamda milliy munosabatlar mohiyatini tushunish uchun o‘sha mamlakat yoki mintaqa aholisi diniy tarkibiga e’tibor qaratish zarur. Aholi diniy tarkibi bilan tanishishdan avval quyida dinlar tarixi haqida qisqacha ma’lumot berilgan:

Ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishi va dastlabki davlatlar yuzaga kelishi bilan ajdodlar ruhiga topinish, dehqonchilik va chorvachilikka xos ibodatlar muhim ahamiyat kasb eta boshladi, ruhlarning ierarxiyasi paydo bo‘ldi, alohida tabaqa sifatida kohinlik ajralib chiqdi. Jamiyat sinfiy tabaqalashuvi shunda ham o‘z aksini topdiki, din oliy va quyi xudolarga (politeizm) bo‘lindi, keyinchalik bu jarayonlar yakkaxudolikni (monoteizm) keltirib chiqardi.

Eramizdan avvalgi II mingyillikda hozirgacha saqlanib qolgan dinlar tashkil topdi. Eng qadimiy shunday dinlardan biri Old Osiyoda yuzaga kelgan iudaizm bo‘lib, u dastlab politezmga asoslangan, keyinchalik monoteizmga o‘tgan. Er. avv. I mingyillik boshlarida shu mintaqada boshqa din – zoroastrizm (uning asosida dualizm – yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash haqidagi tasavvur yotadi) rivojlana boshladi, eramizning XI asrida uning tarmoqlaridan biri – yazidizm paydo bo‘ldi. Osiyoning boshqa hududlarida politeistik dinlar shakllandi. Janubiy Osiyoda hukmron bo‘lgan kasta tuzumi orqali shuhrat qozongan braxmanizm va kasta tuzumini inkor qiluvchi jaynizm (er. avv. VI-V asrlar) shular jumlasidandir. Er. avv. VI-V asrlarda Xitoyda deyarli bir vaqtda ikki falsafiy-axloqiy ta’limot – daosizm i konfusiylik yuzaga keldi va keyinchalik ular alohida dinlarga aylandi. Yaponiyada ibtidoiy jamoa tuzumi davridan bu mamlakatda hukmron bo‘lgan ajdodlarni hurmatlash va tabiatga topinish asosida sintoizm vujudga keldi.

Yer yuzi bo‘ylab juda katta hududlarda tarqalgan ayrim dinlar jahon dinlari nomini oldilar (odatda ularga buddizm, nasroniylik va islomni kiritadilar).

Eramizning I mingyilligi boshlarida Old Osiyoda monoteistik din – nasroniylik yuzaga keldi. 1054 yilda u ikki: pravoslav va katolik yo‘nalishlariga ajraldi. XVI asrda katolik dinidagi islohotlar natijasida undan (Rim papasi hokimiyatini inkor qiluvchi va ilk nasroniylikka qaytishni yoqlovchi) protestantizm ajralib chiqdi. Protestantizm bir qancha mustaqil oqimlar (eng yiriklari: anglikanlar, lyuteranlik, kalvinizm, reformatlar va h.k.) ko‘rinishida shakllandi va o‘z navbatida ular ham mayda bo‘lakchalarga bo‘linib ketdi. Nasroniylik tarkibida yuqorida qayd etilgan uchta (pravoslav, katolik va protestant) asosiy tarmoqdan tashqari, yana ikkita nisbatan kam tarqalgan, V asrda shakllanib, diniy marosimlari pravoslavlarga yaqin bo‘lgan monofisit va nestorian yo‘nalishlari mavjud.

Boshqa monoteistik din – islom – VII asrda arablar orasida shakllandi. Yangi din oradan ko‘p o‘tmay uchta: sunniy, shia va xorijiy yo‘nalishlariga ajralib ketdi. Sunniylik va shialik o‘rtasida siyosiy masalalarda, ayrim diniy marosimlar va an’analar bo‘yicha tafovutlar mavjud. Siyosiy tafovut shundaki, agar sunniylar xalifalik hokimiyatini yoqlasalar, shialar esa imomat tarafdoridirlar. Di­niy marosimlar va an’analardagi farqlar ham anchagina. Sunniylikda shialikda mavjud bo‘lgan “Muta”, “Shaxsey-Vaxsey” va boshqa marosimlar yo‘q. Sunniylar Makka va Ma­dina shaharlarini muqaddas hisoblasalar, shialar Iroqdagi Karbalo va Najaf shaharlarini muqaddas deb biladilar. Sunniylar Sunnani butunligicha etirof etadilar, shialar esa uning ba’zi qismlarinigina tan olishadi. Bu oqimlar orasida bunday tafovutlar juda ko‘p, shu bilan birga, malum o‘xshashliklar ham bor. Masalan, mahdiylik – za­mona oxir bo‘lishi va Mahdiy (arabcha, Olloh tamonidan to‘g‘ri yo‘lga yetaklovchi) kelishi haqidagi diniy ta’limot ikkala oqimda ham mavjud. Xorijiylar sunniylarga yaqin bo‘lib, ular o‘z izdoshlariga qattiq talablarni qo‘yadilar – zeb-ziynatni qoralaydilar, musiqa va raqsni ta’qiqlaydilar va h.k.

Alohida dinlarga e’tiqod qiluvchilar soni haqidagi ma’lumotlar birmuncha noaniq va ishonchsiz bo‘lishiga qaramasdan, harholda ular turli dinlarning ta’sirini baholash imkonini beradi. Nasroniylarning umumiy soni dunyo bo‘yicha – taxminan 1,2 mlrd. dan ortiq bo‘lib, shundan katoliklar – 700 mln., protestantlar – 400 mln. va pravoslavlar – 100 mln. kishi atrofida. Katoliklarning asosiy qismi Amerikada (ular umumiy sonining yarmidan ko‘prog‘i) to‘plangan; Yevropada taxminan 200 mln.kishi, Osiyo va Afrikada – 100 mln. kishidan. Protestantlarning 40%i Amerikada, 1/3 qismi Yevropada (asosan qit’aning shimoliy qismida), Afrika va Osiyoda mos ravishda 40 va 70 mln., Avstraliya va Okeaniyada – taxminan 20 mln. kishi. Pravoslavlar va boshqa sharqiy cherkovlar izdoshlari Janubi-Sharqiy Yevropa, Rossiya va Shimoliy-Sharqiy Afrika aholisi orasida keng tarqalgan.

Protestantlarning eng yirik guruhlaridan baptistlar – 75 mln., lyuteranlar – 70 mln., anglikanlar – 67 mln., reformatlar va presviterianlar – 52 mln., metodistlar – 43 mln., pyatidesyatniklar – 8 mln., Iegova guvohlari – 5 mln., «qutqarish armiyasi» izdoshlari – 5 mln., mormonlar – 4 mln., kongregasionalistlar – 3 mln., yettinchi kun adventistlari – 3 mln. kishini tashkil etadi. Sharqiy cherkovlar vakillari orasida – taxminan 20 mln. monofisitlar va 100 ming. kishi nestorianlardan iborat.

Musulmonlar orasida tug‘ilishning yuqoriligi tufayli keyingi yillarda ularning soni nasroniylardan oshib ketdi (1,5 mlrd. kishi atrofida). Ularning taxminan 90 foizi sunniylar, 9,5 foiziga yaqini shialar va 0,5 foizi xorijiylardan iborat. Islomga e’tiqod qiluvchilar asosan Shimoliy Afrika va Osiyoda (uning sharqiy qismi bundan mustasno) jamlangan. Boshqa barcha dinlarning izdoshlari – asosan Osiyo aholisi. Induistlar taxminan 550 mln., buddistlar – 300 mln. (ular orasida maxayanistlar – 60% atrofida), konfusiylar – 200 mln., sintoistlar – 100 mln., daosistlar – 30 mln., sikxlar – 15 mln., jaynlar – 4 mln., zoroastrizm tarafdorlari – 300 ming, yazidlar – 100 ming kishiga teng. Iudaistlar 15 mln. kishi atrofida bo‘lib, ularning yarmidan ko‘prog‘i Amerika xalqlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Afrika, Osiyo va Okeaniyada saqlanib qolgan mahalliy dinlarga sig‘inuvchilar sonini aniqlash ancha murakkab. Ularni hisoblashda muayyan dinga mansublik haqidagi ma’lumot doim ham xaqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, mazkur mintaqalar aholisi statistik jihatdan ham yaxshi o‘rganilmagan. Nihoyatda taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy dinlarga sig‘inuvchilar soni dunyo bo‘yicha 100 mln. kishi atrofida.

Aholi diniy tarkibi haqidagi ma’lumotlarning noaniqligi tufayli, turli dinlarga sig‘inuvchilar soni bo‘yicha o‘sish dinamikasini belgilash ancha murakkab. Shunga qaramasdan, musulmonlar va induistlar sonining jadal o‘sishi, boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilar o‘sish sur’atining esa pastligi yoki hatto kamayishi kuzatilmoqda. Buning sababi, induizm va islom hukmron bo‘lgan davlatlarda aholi orasida tug‘ilish sur’atlarining yuqoriligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, islom Afrikada janubga, uning tropik qismiga tomon jadal siljimoqda, induizm esa Hindiston qabilalari orasida keng tarqalmoqda.

Yer sharining yirik mintaqalari bo‘yicha diniy guruhlar tarqalishi quyidagi ko‘rinishga ega:

MDHning katta qismini pravoslav diniga mansub kishilar guruhlari (Rossiyaning katta hududlari, Ukraina, Belorus, Moldova va Gruziya) tashkil etadi. Armanistondagi xudojo‘ylar monofisit arman-grigorian cherkoviga mansub, Litvada katolik dini, boshqa Boltiqbo‘yi davlatlarida – lyuteranlik keng tarqalgan.

Islom diniga Markaziy Osiyo va Qozog‘iston, Kavkazning katta qismi, Tatariston va Boshqirdiston aholisi e’tiqod qiladi. Ozarbayjonda asosan shia oqimiga mansub musulmonlar, boshqa hududlarda – sunniylar ko‘pchilikni tashkil etadi. Buddizm-lamaizmga Buryatiya, Tuva va Qalmig‘iston tubjoy aholisi e’tiqod qiladilar. Xudojo‘y yahudiylar – iudaistlardir.

Yevropa shimolida protestantlik, Skandinaviya davlatlari, Finlyandiya va Islandiyada – lyuteranlik, Angliyada – anglikanlik, Shotlandiyada – presviterianlik ustunlik qiladi. Belgiya, Lyuksemburg, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Avstriya va Maltada katolik dini tarqalgan. Markaziy Yevropada katoliklar va protestantlar soni deyarli teng, biroq Germaniyada protestantlar orasida lyuteranlar, Shveysariya va Niderlandiyada esa – reformatlar ustunlik qiladi. Gresiyada ko‘pchilik xudojo‘ylar pravoslavlardan, Turkiya Yevropa qismida esa – musulmonlardan iborat. Polsha, Chexiya, Slovakiya va Vengriya aholisi orasida katoliklar, Bolgariya va Ruminiyada – pravoslavlar, Germaniyada – protestantlar (asosan lyuteranlar), Albaniyada – musulmonlar (sunniylar) ko‘pchilikni tashkil etadi. Sobiq Yugoslaviya respublikalarida ko‘proq pravoslavlar, qisman katoliklar va musulmonlar mavjud.

Osiyo aholisi diniy jihatdan nihoyatda xilma-xil. Islom barcha Old Osiyo mamlakatlarida (Isroil, Kipr va Livandan tashqari), Pokiston, Bangladesh, Maldiv orollari, Indoneziya va Malayziyada yetakchilik qiladi. Kipr, Sharqiy Timor, Hindiston, Shri-Lanka, Filippin aholisining muayyan qismi musulmonlardan iborat. Ko‘pchilik mamlakatlarda islomning sunniy mazhabi hukmronlik qilsa, Eronda shialikning mavqei yuqori. Iroq, Yaman Arab Respublikasi va Baxraynda sunniylar va shialar soni deyarli teng. Eron, Hindiston, Pokistonda zoroastriylarning, Eron, Iroq va Turkiyada – yazidlarning kamsonli guruhlari mavjud.

Hindiston va Nepal induizm tarqalgan asosiy hududlardir. Induistlar Shri-Lanka va Bangladesh hamda Indoneziyaning Bali oroli aholisi orasida ham uchraydi.

Hindixitoy mamlakatlari va Shri-Lankada aholining ko‘pchiligi buddistlardan iborat (Vetnamda – maxayana mazhabi, boshqalarda – txeravada). Shu bilan birga, ayrim Sharqiy Osiyo mamlakatlari aholisi maxayana buddizmidan tashqari, bir vaqtning o‘zida boshqa dinlarga: jumladan, Xitoyda – konfusiylik va daosizmga, Koreyada – konfusiylikka, Yaponiyada – sintoizmga ham e’tiqod qiladilar. Mug‘ulistonning xudoyjo‘y aholisi – lamaist buddistlardir.

Osiyoning faqat ikki mamlakati, ya’ni, Filippin (asosan katoliklar) va Kiprda (pravoslavlar) nasroniylar yetakchilik qiladi. Mazkur dinga sig‘inuvchilar Livan aholisi yarmidan ozrog‘ini tashkil etadi (maronitlar).

Osiyoda qabilaviy ibodat izdoshlari soni izchil kamayib bormoqda. Hozirgi paytda ular faqat Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoning borish qiyin bo‘lgan tog‘li o‘lkalaridagina saqlanib qolgan.

Afrikaning barcha arab davlatlarida, Somali va Jibutida islomning sunniy mazhabi hukmronlik qiladi. Sahroi Kabirdan janubda joylashgan bir qator mamlakatlarda (Sudan, Chad, Niger, Yuqori Volta, Mali, Senegal, Gambiya, Gvineya, Gvineya-Bisau, Serra-Leone, Liberiya) musulmonlardan tashqari, mahalliy dinlarga sig‘inuvchi muayyan guruhlar saqlanib qolgan. Efiopiya aholisining 2/3 qismi nasroniylikning monofisit mazhabiga mansub. Nigeriyada musulmonlar asosan mamlakat shimolida joylashgan bo‘lib, aholining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Shu bilan birga, bu yerda nasroniylar va mahalliy dinlarga sig‘inuvchi guruhlar ham mavjud. Qit’aning boshqa mamlakatlarida nasroniylar (protestantlar va katoliklar) hamda mahalliy dinlarga sig‘inuvchi guruhlar turlicha nisbatda taqsimlangan. Umuman yer sharida saqlanib qolingan mahalliy dinlarga sig‘inuvchilarning deyarli 80 foizi Afrikada jamlangan.

Deyarli barcha Amerika mamlakatlarida nasroniylik boshqa dinlardan ustunlik qiladi. AQSh va Kanadada protestantlar ko‘p bo‘lib, ular o‘z navbatida xilma-xil diniy oqim va sektalarga bo‘linib ketganlar. Janubiy va Markaziy Amerika aholisining ko‘pchiligi – katoliklar. Vest-Indiyaning bir orolida son jihatdan katoliklar ustun bo‘lsalar, boshqasida – protestantlar. Kuba, Gayana, Surinam hamda Trinidad va Tobagoda katolik va protestantlardan tashqari, induistlar va musulmonlarning ma’lum guruhlari joylashgan. Janubiy Amerikaning ichki hududlaridagi hindu qabilalari mahalliy dinlarga sig‘inadilar.

Avstraliya va Okeaniyada xudojo‘ylarning katta qismini turli oqim va sektalarga bo‘lingan protestantlar, ozroq qismini esa katoliklar tashkil etadi. Yangi Kaledoniya, Guame hamda Uollis va Futun orollarida katoliklar protestantlarga nisbatan ko‘proq. Fidjida nasroniylar bilan bir qatorda induistlar va musulmonlar mavjud. Mahalliy dinlarning tarafdorlari asosan Vanuatu, Papua-Yangi Gvineya va Avstraliya tubjoy aholisi orasida saqlanib qolgan.




Yüklə 0,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   67




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin