Аҳоли сони ва такрор барпо бўлиши


Yer yuzida irqlarning tarqalishi



Yüklə 0,81 Mb.
səhifə46/67
tarix02.01.2022
ölçüsü0,81 Mb.
#39284
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   67
Aholi geoo

4.3. Yer yuzida irqlarning tarqalishi

Irqlar – umumiy irsiy morfologik va fiziologik belgilarga ega bo‘lgan, tarixiy shakllangan kishilar guruhidir. Ko‘pchilik olimlar iqrlarning kelib chiqishida hozirgi ko‘rinishdagi inson bitta markazda, ya’ni, taxminan O‘rtaer dengizining sharqi, unga qo‘shni hududlar – Janubiy Yevropa, Shimoliy va Sharqiy Afrika va G‘arbiy Osiyoda paydo bo‘lgan, degan g‘oyani ilgari suruvchi monosentristik ta’limotni yoqlaydilar. Paleolit oxirida irqlar ikkita hudud – g‘arb (shimoli-sharqiy Afrika va janubi-g‘arbiy Osiyo) va sharqda (janubi-sharqiy va sharqiy Osiyo) yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Keyinroq, insoniyat yer shari bo‘ylab tarqalib va o‘zaro qorishib, hozirgi qiyofadagi irqlar shakllangan.

Yaqin davrgacha antropologlar insoniyatni uchta, ya’ni yevropeoid, mongoloid va negro-avstraloid, yoki ekvatorial irqlarga ajratib kelganlar. So‘nggi yillarda mutaxassislar ekvatorial irqni ikki mustaqil – negroid va avstraloid irqlarga bo‘lishni taklif etmoqdalar.

Katta irqlar to‘qnashgan hududlarda oraliq va aralash irqiy tiplar vujudga kelgan. Oraliq irqlar shu darajada uzoq o‘tmishda shakllanganki, endilikda ular ikki irqning aralashishi natijasimi, yoki katta irqlarning ular bo‘lingungacha bo‘lgan xususiyatlarni o‘zida saqlab qolganmi ekanligini aniqlash qiyin. Aralash irqiy tiplar esa nafaqat qadimda, shu bilan birga, o‘rta asrlarda hamda yangi va eng yangi tarixda yuzaga kelgan. Oraliq irqlarning tipik vakillari – Janubiy Hindistonning dravid tipi hamda Sharqiy Afrikadagi Efiopiya tipi hisoblanadi; aralash tiplarga Amerika metislari va mulatlarini kiritish mumkin.

Negroidlar uchun qora, jingalak sochlar, qo‘yko‘z, tez-tez pigmentlashib turadigan teri, zaif yoki o‘rtacha rivojlangan uchlamchi jun qoplami, o‘rtacha chiqib turgan yonoq suyagi, oldinga kuchli chiqqan jag‘, zaif chiqib turgan keng burun, qalin lablar xarakterlidir. Negroid belgilar ko‘proq Sahroi Kabir janubida yashaydigan xalqlar uchun xosdir. Shu bilan birga, negroidlarga past bo‘yli Markaziy Afrika pigmeylari, bo‘yi nihoyatda past bo‘lgan negrillilar hamda negroid (sochi nihoyatda jingalak) hamda mongoloid xususiyatlar (qurigan barg rangidagi sarg‘aygan teri, keng yuz) qorishib ketgan janubiy Afrika bushmenlari va gottentotlari tegishlidir.

Yevropeoidlar turlicha tusdagi jingalak yoki to‘g‘ri yumshoq sochi, sariq yoki bug‘doyrang terisi, kuchli rivojlangan uchlamchi jun qoplami, zaifroq chiqib turgan yonog‘i va jag‘i, kambar burni, ingichka yoki o‘rtacha qalinlikdagi lablari bilan ajralib turadi. Yevropeoidlar asosan sochi va ko‘zining rangi bo‘yicha ikkita yirik – shimoliy va janubiy guruhlarga bo‘linadi. Shimoliy guruhga terisi kam pigmentlashadigan Skandinaviya va unga qo‘shni hududlardagi xalqlar, bug‘doyrang teri, qorasoch, qo‘yko‘z xarakterli bo‘lgan janubiy guruhga – Janubiy Yevropa, Shimoliy Afrika, Old, Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari kiradi. Yevropaning katta qismi oraliq mintaqada bo‘lib, undagi xalqlar Yevropeoid irqining na shimoliy, na janubiy guruhiga mansub emas. Shimoliy va janubiy yevropeoidlar hamda oraliq guruhlar kishilarning bo‘yi, sochi va ko‘zining rangi, bosh shakli bo‘yicha ko‘plab kichik irqlarga ajratiladi. Shimoliy guruh tarkibida – atlantika-boltiq va belomor-boltiq irqlari, oraliq formalar tarkibida – alp, o‘rta yevropa, sharqiy yevropa irqlari, janubiy guruh tarkibida – o‘rtaer dengizi, hind-afg‘on, adriatika (dinar), old osiyo (armenoid), pomir-farg‘ona irqlarini kiritish mumkin.

Mongoloidlar uchun to‘g‘ri qattiq qora sochlar, zaif rivojlangan uchlamchi jun qoplami, sariq tusli teri, qisiq ko‘z, keng yuz, kuchli chiqib turgan yonoq suyagi, past qansharli ingichka yoki o‘rtacha kenglikdagi burun, ko‘z qovog‘ining yuqori qismini ajin qoplashi xarakterlidir. Kelib chiqishi va ko‘pgina belgilari bo‘yicha ularga amerika hindulari yaqin, biroq, hindularda umumiy mongoloid qiyofa yo‘qolib ketgan, epikantus kam uchraydi, burni cho‘zinchoq. Osiyo mongoloidlari ikki, ya’ni materik va tinch okeani guruhlariga ajratiladi. Materik mongoloidlari tinch okeani guruhidan pigmentasiyaning sustligi, skelet massasining kattaligi, keng yuzi va boshqa belgilar bilan ajralib turadi. Mongoloidlar orasida materik va tinch okeani guruhlari xususiyatlarini o‘zida birlashtirgan hamda o‘ziga xos belgilarga ega arktika guruhi (masalan, burnining juda torligi) alohida o‘rin egallaydi.

Tinch okeani guruhidan janubda malayya irqi deb ataluvchi, biroq avstraloidlarning juda ko‘p belgilari (to‘lqinsimon sochlar, anchagina qora teri, qalin lab, nisbatan keng burun va h.k.) uchraydigan mongoloidlarning janubiy guruhiga mansub xalqlar yashaydi. Ular avstraloid irqining turli guruhlari bilan qorishishlari tufayli hozirda mongoloid irqi tarkibiga kiritilmay, mongoloid katta irqining Osiyo tarmog‘i va avstraloid irqi o‘rtasidagi oraliq va aralash irqiy formalar deb hisoblanmoqda. Ta’kidlash joizki, boshqa yirik irqlarga hamda ularning oraliq va aralash formalariga nisbatan tinch okean va janubiy mongoloidlar orasidagi chegara to‘liq aniqlanmagan.

Avstraloidlar terisining to‘q rangi, keng burni, ularni negroidlar bilan yaqinlashtiruvchi qalin lablari, biroq ulardan farqlantiruvchi to‘lqinsimon sochlari (avstraliyaliklar, veddoidlar), kuchli rivojlangan uchlamchi jun qoplami (avstraliyaliklar), ba’zan biroz zaiflashadigan pigmentasiya bilan ajralib turadi. Boshqa barcha yirik irqlardan farqli o‘laroq, avstraloidlarning alohida guruhlari (Avstraliya aborigenlari, papuaslar va melaneziyaliklar, veddoidlar, hamda negritoslar va aynlar) o‘z irqiy belgilari bilan ajralib turadi. Avstraliya aborigenlari pigmentasiya bo‘yicha negroidlarga, sochining shakli va uchlamchi jun qoplami rivojlanishi bo‘yicha – yevropeoidlarga yaqin. Avstraloid irqiga mansub belgilar yaqqol namoyon bo‘lgan papuaslar va melaneziyaliklarning sochlari negroidlarga o‘xshash jingalak. Avstraloidlarga o‘xshash umumiy jihatlari ko‘p bo‘lgan veddoidlar o‘zlarining past bo‘yi, yuz terisining jun bilan kam qoplanganligi, qosh ustidagi suyaklari va keng burni bilan ajralib turadi. Nihoyatda past bo‘yli va jingalak sochli negritoslar va aynlar genetik jihatdan boshqa avstraloidlarga bog‘liq bo‘lsalarda, o‘zlarining tashqi ko‘rinishi bo‘yicha ulardan keskin farqlanadi. Ularda deyarli barcha katta irqlarning ma’lum xususiyatlari o‘z aksini topgan (yevropeoidlardan – yorqin rangli teri va juda kuchli rivojlangan uchlamchi jun qoplami, avstraloidlardan – keng burun va nishab peshona hamda mongoloidlardan –epikantusning mavjudligi).

Odatda mongoloid, avstraloid va yevropeoid irqlariga mansub belgilari bo‘lgan Madagaskar, Gavayi, Polineziya va Mikroneziya aholisining aralash irqiy tiplari (Madagaskar aholisi uchun – negroid ham) alohida ajratiladi.

Turli irqiy guruhlarga mansub yuqorida ko‘rsatilgan tashqi farqlardan tashqari, ularda fiziologik va biokimyoviy jihatdan tafovutlar ham mavjud. Jumladan, turli irqlar qon guruhi, tishlarining joylashuvi, ta’m bilishi, oqsil zardobi, rang turlarini ajratishi (daltonizm) va h.k. xususiyatlar bilan ham bir-biridan farqlanadilar.

Etnoslar, tillar va dinlardan farqli o‘laroq, irqlar orasida qandaydir aniq chegarani belgilash juda qiyin. Irqlarning aralashuvi ko‘p ming yillar davom etib, tinimsiz va ayni paytda jadal sodir bo‘ladigan jarayondir (dunyo aholisining 30 foizi aralash va oraliq irqlarga mansub kishilar). Shuning uchun irqiy farqlar odatda bir-biridan uzoqda joylashgan kishilar guruhlari orasida yaxshi seziladi, o‘zaro yaqin yashaydigan kishilar orasida esa deyarli bilinmaydi.

Ta’kidlash joizki, asosiy morfologik, fiziologik va psixologik xususiyatlariga ko‘ra, insoniyat bir xil. Irqiy tafovutlar inson tanasi tuzilishidagi eng muhim biologik xususiyatlarga taalluqli emas va kamsonli qiyosiy belgilarda namoyon bo‘ladi. Har qanday irq vakillari o‘rtasidagi nikohdan sog‘lom farzand tug‘ilishi mumkin.

Irqiy va etnik birliklar nisbati masalasi juda murakkab. U yoki bu birlikning tabiati o‘zaro keskin farq qilishini ularni ajratishda qo‘llaniladigan mezonlarning xilma-xilligidan ham bilish mumkin. Ayni paytda, qadimda odamlarning irqiy tiplari xuddi etnik birlikda bo‘lgani kabi, kishilarning hududiy guruhlari asosida shakllangan. Qabilalar dastlab irqiy jihatdan ham bir xil bo‘lgan. Asta-sekin, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida va yer shari bo‘ylab tarqalishi natijasida turli qabila guruhlari o‘zaro qo‘shilib keta boshladilar. Agar kishilarning etnik guruhlari shakllanishi ko‘proq ijtimoiy ahamiyat kasb etsa, irqiy belgilar esa asosan biologik jarayonlar hosilasidir.

Xalqlar katta irqlar darajasida bir xil bo‘lishi mumkin, lekin deyarli doim bu irqlarning ayrim bo‘linmalariga nisbatan har xil. Masalan, Yevropa xalqlarining mutloq ko‘pchiligi yevropeoid irqiga mansub, biroq ulardan har biri ushbu irqning ikki, va hatto ba’zan har uchala (shimoliy, oraliq va janubiy) guruhi vakillarini o‘z ichiga oladi. Agar katta yevropeoid irqining mayda irqiy tiplari (belomor-baltika, alp, dinar va h.k.) haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning chegarasi etnik chegaralar bilan umuman mos kelmaydi.

Xuddi shu kabi irqlar va til bo‘linmalari orasidagi chegaralar ham o‘zaro mos kelmaydi. Masalan, turk guruhiga mansub tillar mongoloid irqi vakillari orasida ham (yoqutlar, tuvaliklar va h.k.), yevropeoidlar orasida (ozarbayjonlar, turklar va h.k.) ham keng tarqalgan; ko‘pchilik turk tillarida so‘zlashadigan xalqlar aralash irqiy formalarga mansub. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ko‘pchilik Amerika mamlakatlari etnoslar shakllanishida irqiy tiplar jadal qo‘shilishining yorqin misoli bo‘la oladi. Metisasiya asosan qadimda va o‘rta asrlarda bo‘lib o‘tgan Eski Dunyodan farqli ravishda, bu yerda mazkur jarayonlar so‘nggi uch-to‘rt asrda ro‘y berdi va hozir ham davom etmoqda.

Ko‘pchilik zamonaviy Amerika xalqlari ikki, ba’zan uch irq vakillari qo‘shilishidan paydo bo‘lganlar. Bunda Afrikadan keltirilgan, turli qabilalarga mansub, yangi joylarda oqlar bilan ketma-ket o‘rnashgan negrlar tezda qabila tillarini unutib, o‘zlari yashay boshlagan mamlakatning hukmron tillarini (ingliz, ispan, portugal, fransuz) o‘zlashtirdilar. Atrofdagi aholi bilan qo‘shilib, ular ayrim mamlakatlarda millatni (braziliyaliklar, kubaliklar) tashkil etuvchi asosiy etnik komponentlarga aylandilar. Boshqa mamlakatlarda, ayniqsa AQShda, ularning oq aholi bilan qo‘shilish jarayoniga irqiy kamsitish siyosati orqali sun’iy to‘siqlar qo‘yildi.

MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlarida yevropeoid irqining har uchala guruhiga mansub kishilar ko‘pchilikni (80%dan ortiq) tashkil etadi. Shimoliy guruh boltiq xalqlariga, shimoli-g‘arb – ruslarga, janub esa asosan kavkaz xalqlariga tegishli. Oraliq formalarga ruslarning katta qismi, ukrainlar, beloruslar va boshqa xalqlar kiradi. Sharqiy Sibir va Uzoq Sharqning tubjoy xalqlari mongoloidlarning materiak guruhiga mansub, eskimoslar esa mazkur irqning arktika guruhini tashkil etadi. Volgabo‘yida, Uralda, G‘arbiy Sibirda va Qozog‘istonda qadimdan yevropeoid va mongoloidlar o‘rtasida oraliq zona shakllangan. Boz ustiga, mongoloid irqini namoyon qiluvchi belgilar sharqqa tomon kuchayib boradi. Mongoloid belgilari ustunlik qiluvchi G‘arbiy Sibir tekisligi va Sayan-Oltoy zonasi xalqlari Ural irqiy guruhi tarkibiga kiradilar.

Volgabo‘yi va Uralda yashovchi fin (mordva, mari, udmurt, saam) va turk (chuvash, boshqird va tatar) tillarida so‘zlashuvchi xalqlarda mongoloid irqiga mansub belgilar ancha zaif rivojlangan; ushbu xalqlarni laponoid va uralyoni irqiy tiplari deb atash qabul qilingan.

Xalqlarning buyuk ko‘chishi davrida Markaziy Osiyo mongoloidlarining ko‘pchiligi, tubjoy aholisi asosan yevropeoidlardan iborat bo‘lgan G‘arbiy Sibirning cho‘l mintaqasiga, Qozog‘istonga, O‘rta Osiyoga va Janubi-Sharqiy Yevropa cho‘llariga kirib bordilar. Natijada bu yerda ikkita aralash irqiy tip: asosan zamonaviy qozoqlar orasida tarqalgan janubiy sibir (ularda mongoloid irqining belgilari yaqqolroq namoyon bo‘lgan) hamda turkmanlar, o‘zbeklar va qisman tojiklar uchun xarakterli bo‘lgan o‘rta osiyo (ularda mongoloid irqiga mansub belgilar juda kam seziladi) tipi shakllandi. Sibirga dastlab ko‘chib kelgan ruslar mahalliy aholi bilan aralashib, nafaqat etnomadaniyati, shu bilan birga irqiy jihatdan farqlanuvchi, o‘ziga xos, kamsonli guruhni tashkil qildilar (kamchadallar, yasashlar va h.k.).

Yevropa aholisi deyarli to‘liq (Afrika, Janubiy Osiyo va Hindistondan yaqin o‘tmishda kelgan muhojirlar bundan mustasno) yevropeoid irqiga tegishli. Qit’aning chekka shimol va janub mintaqalari aholisi irqiy tiplari bo‘yicha o‘zaro keskin farqlanadilar; bir tomonda, baland bo‘yli, sariq soch, ko‘kko‘z norveglar (shimoliy yevropeoidlar), va ikkinchi tomonda, nisbatan past bo‘yli, qorasoch, qo‘yko‘z italyanlar (janubiy yevropeoidlar) o‘rtasida o‘xshash belgilar kamligini payqash mumkin. Shu bilan birga, Yevropada irqiy belgilar shu darajada sekin o‘zgaradiki, kichik irqlar o‘rtasidagi aniq chegarani belgilash mumkin emas. Shartli ravishda Skandinaviya mamlakatlari, Islandiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Niderlandiya va Germaniyada shimoliy yevropeoidlarning atlantika-boltiq irqiy tipi tarqalgan, deb qabul qilingan. Pireney yarim oroli, janubi-g‘arbiy Fransiya, janubiy va markaziy Italiya, janubiy Gresiya, O‘rtaer dengizi orollari aholisi janubiy yevropeoidlarning o‘rtaer dengizi irqiy tipiga, sobiq Yugoslaviya, shimoliy Gresiya, Bolgariya, shimoliy Italiya va janubiy Avstriya – dikar irqiy tipiga mansub. Yevropaning boshqa aholisini irqiy jihatdan ajratish murakkab bo‘lib, “oraliq va o‘rta yevropa formalari” deb ataluvchi mavhum tushuncha ostida birlashgan guruh tarkibiga kiritadilar. Umuman mintaqa aholisining 17 foizi shimoliy va 32 foizi janubiy yevropeoidlarga, yarmidan ko‘prog‘i oraliq va o‘rta yevropa formalariga taalluqli.

Osiyo aholisi antropologik jihatdan nihoyatda murakkab bo‘lib, bu yerda barcha katta 4 irqning ko‘pchilik guruhlari tarqalgan. Janubiy yevropeoidlar jami aholining 29 foizini tashkil etib, ular Old Osiyo va shimoliy Hindistondagi old osiyo, hind-afg‘on, pomir-farg‘ona irqiy tiplari vakillaridan iborat. Mongoloidlar (taxminan 31% aholi) shimoliy yoki materik (mug‘ullar, tungus-manchjuriya xalqlari) va sharqiy yoki tinch okean (koreyslar, shimoliy xitoylar) guruhlariga ajratiladi. Mongoloidlarga mongoloid va avstraloid irqlari o‘rtasidagi aralash va oraliq formalar uzqiy bog‘liqdir. Ushbu formalarga quyidagilar tegishli: janubiy Osiyo tipi yoki janubiy mongoloidlar guruhi (25% aholi) – janubiy xitoylar, indoneziyaliklar, filippinliklar, Hindixitoy xalqlari; ayrim ayn elementlari uchraydigan yapon tipi (5% aholi), va sharqiy indoneziya tipi (Molukki orollari aholisi).

Osiyoda avstraloid irqi vakillari juda kam (0,4% aholi), biroq ular ko‘plab hududlarda tarqalgan. Veddoid tipi Shri-Lankadagi veddlardan tashqari, dravid va munda xalqlarining ayrim guruhlari hamda hind ariy til guruhiga mansub bxillar; papuas-melaneziya tipi – sharqiy Indoneziya xalqlari orasida; negritoslar – Filippin aetlari, Malayziya semanglari, Hindistondagi andamanliklar; ayn tipi – Yaponiyadagi ayn xalqlari orasida uchraydi. Yevropeoidlar janubiy tarmog‘i va veddoidlarning qadimiy aloqalari hududida Janubiy Hindiston tipi (10% aholi) shakllangan. Uning asosiy vakillari bo‘lib, dravid til oilasiga mansub Janubiy Hindiston xalqlari hisoblanadi.

Afrikaning 54,1% aholisi Sudan, materikning markaziy va janubiy qismlarini egallagan negroid katta irqiga mansub. Turli hududlardagi negrlar irqiy belgilar bo‘yicha o‘zaro katta tafovut qiladilar – terisining rangi to‘q qoradan jigarranggacha turlanadi, lab qalinligi, burun kengligi hamda bo‘y balandligi bo‘yicha o‘zaro farqlanadilar, biroq barchasining sochi bir xilda jingalak.

Agar negrilley va gotentotlarning bushmenlar bilan alohida ajralib turadigan morfologik jihatlari, sudanliklar va nilotlarning baland bo‘yi va terisining qoraligi, Kongo daryosi havzasi negrlarining uzun boshli va barvasta ekanligi hisobga olinmasa negroidlarni turli irqiy tiplarga ajratish masalasi hali oxiriga yetmagan. Kongo daryosi tropik o‘rmonlarida yashovchi negrilleylar uchun pakanalik (bo‘yi 150 sm dan past), yupqa lab, yuz va tananing jun bilan kuchli qoplanganligi, boshqa negroidlarga nisbatan tana rangining ochligi xosdir. Janubi-g‘arbiy Afrika cho‘llarida yashovchi bushmenlar va gottentotlar boshqa negroidlardan terisining och rangi, past bo‘ylari (150-160 sm), epikantusning mavjudligi bilan ajralib turadi va bu narsa ularni mongoloidlar bilan yaqinlashtiradi.

Afrika aholisining ¼ qismini tashkil etuvchi janubiy yevropeoidlar materik shimolidan to Sahroi Kabirgacha tarqalgan bo‘lib, tarkibi asosan arablar va barbarlardan iborat. Afrika janubida 10 mln. ga yaqin G‘arbiy Yevropadan chiqqan kishilar avlodlari yashaydilar va ular antropologik jihatdan yevropeoid irqining oraliq formalariga va uning shimoliy tarmog‘iga mansubdirlar.

Afrika aholisi irqiy aralashuvi asosan negroidlar va yevropeoidlar o‘rtasida yuzaga kelgan. Ular orasidagi qadimiy aloqalar zonasida efiop tipi shakllangan. Burun shakli va yuz tuzilishiga ko‘ra efioplar arablardan deyarli farq qilmaydilar, biroq ular terisining rangi xuddi negrlar kabi qora. Afrika g‘arbida fulbe xalqlaridan iborat, negroidlar va yevropeoidlar irqiy belgilarini o‘zida aks ettiruvchi G‘arbiy Sudan oraliq tipi tashkil topgan. Arablar bosqini va islom dinining tarqalishi tarqalishi natijasida janubiy yevropeoidlarning arab tilida so‘zlashuvchi ma’lum aholisi Afrikaning ichki qismlariga kirib keldilar. Bu esa o‘z navbatida Sudan oraliq tipi shakllanishiga olib keldi. Madagaskarda Janubi-Sharqiy Osiyodan ko‘chib kelgan janubiy mongoloidlar bilan tubjoy aholisining qorishishi oqibatida mongoloid va negroid irqiy belgilarini namoyon etuvchi malagas oraliq tipi vujudga keldi.

Amerika xalqining irqiy tarkibi nihoyatda rang-barang bo‘lib, bu yerdagi aholi shakllanishida insoniyatning barcha uch irqi vakillari ishtirok etgan. Yerli aholi – hindular va eskimoslar – Meksika yassi tog‘larida, And tog‘larida, Janubiy Amerikaning ichki o‘lkalarida va arktikaning ayrim hududlarida jamoa-jamoa bo‘lib saqlanib qolganlar. Boshqa hamma joylarda yo irqiy jihatdan aralash aholi yoki keyin ko‘chib kelganlar – yevropeoidlar va negroidlar – avlodlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yerli aholi mongoloid irqining har xil tiplariga mansub.

Hozirgi paytda Amerikada yevropeoidlar boshqa irq vakillariga nisbatan keng tarqalgan. AQSh va Kanada aholisining 90 foizi, Lotin Amerikasi aholisining 25 foizi ularga mansub. Shimoliy Amerikaga, uning janubiy qismidan tashqari, asosan yevropeoidlarning shimoliy va oraliq guruhlari (Buyuk Britaniya, Skandinaviya, Germaniya aholisi) vakillari ko‘chib keldilar. Biroq antropologik tip chegaralari o‘rtasidagi aralashuv jarayonida bu farqlar Yevropadagidan ko‘ra ham kamayib ketdi. Natijada oraliq irqiy formalar hozirda ko‘pchilikni tashkil etadi. Lotin Amerikasida ispanlar, portugallar va italyanlarning avlodlaridan iborat asosan janubiy yevropeoidlar o‘rnashgan. Lotin Amerikasidagi ko‘pchilik yevropeoidlarda ma’lum darajada hind yoki negr qoni alomatlari seziladi.

Hind va yevropa nikohlari aralashuvidan hosil bo‘lgan avlodlar – metislar Amerika irqiy guruhlari orasida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Meksika, ko‘pgina Markaziy Amerika davlatlari, Venesuela, Chili, Paragvay kabi Lotin Amerikasi mamlakatlarida ular aholining asosiy qismini tashkil etadi. Yevropa va Afrika aholisi qorishishi natijasida paydo bo‘lgan mulatlar soni nisbatan kam bo‘lib, ular tarkibiga AQShliklarning bir qismi, Braziliya, Kuba, Venesuela aholisi, Vest-Indiya xalqlari kiradi. Ba’zi hollarda metislar va mulatlarni o‘zaro ajratish qiyin. Umuman aholi tarkibida aralash irqiy tiplar salmog‘i tinimsiz oshib bormoqda.

Amerikada negroid irqiga aralashmagan (yoki kam aralashgan) Afrikadan keltirilgan negr-qullarning avlodlari kiradi. Yirik negroid guruhlari Braziliya va AQShda yashaydilar hamda Gaiti, Yamayka va boshqa Vest-Indiya mamlakatlarining asosiy aholisini tashkil etadi. Umuman Amerikada yevropeoidlar jami aholining 53 foizini, metis va mulatlar – 34 foizni, negrlar – 7 foizni va mongoloid hindular 6 foizni tashkil etadi.

Avstraliya va Okeaniyada yevropaliklar kelgunga qadar aholining asosiy qismi avstraloid katta irqining ikki – avstraliya va papuas-melaneziya tiplariga mansub bo‘lgan. Okeaniyaning sharqi va shimolida – Polineziya va Mikroneziyada oraliq irqiy tiplar keng tarqalgan. XVII asrda, asosan yevropaliklar va qisman osiyoliklar orasida boshlangan yalpi immigratsiya ushbu mintaqa aholisi irqiy tarkibini keskin o‘zgartirib yubordi. Avstraliya va Yangi Zelandiyada yevropeoid irqining asosan oraliq va qisman shimoliy tarmog‘iga mansub vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Okeaniya aholisining yevropaliklar va osiyoliklar bilan qo‘shilishi Polineziya va Mikroneziyada, hamda Fidji va Yangi Kaledoniyada metis guruhlari shakllanishiga olib keldi. Ko‘pgina Melaneziya orollarida va Yangi Gvineyada metislar kam. Umuman Avstraliya va Okeaniyada yevropeoidlar (asosan ularning oraliq tiplari) aholining 76 foizini, melaneziyaliklar va papuaslar 16 foizini, polineziyaliklar va mikroneziyaliklar 4,5 foizini tashkil etadi.


Yüklə 0,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   67




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin