4.5. Mehnat resurslari – aholi tarkibi sifatida
Bozor munosabatlarining rivojlanishi ayrim nazariy tushunchalar mazmunini tubdan o‘zgartirib yubordi. «Mehnat resurslari», «ish kuchi» kabilarni shunday tushunchalar jumlasiga kiritish mumkin. «Mehnat resurslari» atamasini dastlab akademik S.G. Strimulin o‘zining 1922 yili chop etilgan maqolalaridan birida qo‘llagan. Uzoq yillar mobaynida undan mamlakat inson resurslarini boshqarish va foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida foydalanildi. Sobiq ittifoq davrida har bir mehnatga layoqatli fuqaroning uzrsiz sabab bilan uzoq muddat ishlamay yurishi qonuniy ta’qib ostiga olingan. Mehnatga layoqatli aholi – mehnat resurslarini tashkil etib, u tabiiy, moddiy va moliyaviy resurslar bilan bir qatorda qat’iy statistik hisobga olinishi iqtisodiyotni markazlashgan usulda rejalashtirishning muhim elementlaridan biri edi.
Mustaqillik yillari O‘zbekiston Respublikasida ham Xalqaro Mehnat Tashkiloti tavsiya etgan aholini tasniflash tizimiga o‘tildi, unga ko‘ra aholini tizimiy taqsimlashda mamlakat mehnat resurslari iqtisodiy faol va iqtisodiy nofaol qismlarga ajratiladigan bo‘ldi.
Mehnat resurslari aholining o‘z ruhiy fiziologik va aqliy sifatlari bilan moddiy ne’matlar ishlab chiqarishga yoki xizmatlar ko‘rsatishga qodir bo‘lgan mehnatga layoqatli qismidir. Ular tarkibiga faqat iqtisodiy faol aholigina emas, shu bilan birga hozirda ishlamayotgan va ish qidirmayotgan mehnatga qobiliyatli shaxslar, jumladan ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olayotganlar ham kiritiladi. Demak, mehnat resurslari haqiqiy (real) va potensial xodimlardir.
Mehnat resurslarining tarkibi quyidagicha:
- mehnat yoshidagi mehnatga qobiliyatli aholi. O‘zbekistonda mehnat yoshining quyi chegarasi 16 yosh bo‘lib, yuqori chegara yosh bo‘yicha pensiya olish huquqi bilan belgilangan. Bu erkaklar uchun 60 yoshni va ayollar uchun 55 yoshni tashkil etadi. Biroq, unga I va II guruh ishlamayotgan nogironlar, yoshi bo‘yicha imtiyozli shartlar asosida pensiya olayotgan fuqarolar kirmaydi.
- mehnat yoshidan o‘tgan bo‘lsa-da ishlayotgan shaxslar va yosh bo‘lsa ham ishlayotgan o‘smirlar.
Mehnat resurslari balansini tuzishda ish bilan band aholining barcha toifalarini to‘liq qamrab olish muhim ahamiyatga ega. Yollanib ishlaydiganlar ham, yollanmasdan ishlaydiganlar ham ishning doimiyligi, vaqtinchaligi, mavsumiyligi, tasodifiyligi yoki bir martalik bo‘lishidan qat’i nazar, iqtisodiyotda ish bilan band deb hisoblanadi.
Yollanib ishlaydiganlar – band aholining eng ko‘p sonli guruhi bo‘lib, mulkchilikning har qanday shaklidagi korxona (tashkilot, muassasa) rahbari yoki alohida shaxs bilan pul yoki natura holida haq oladigan mehnat faoliyati shartlari haqida yozma mehnat shartnomasi, kontrakt yoki og‘zaki bitim tuzgan shaxslarni o‘z ichiga oladi.
Yollanmasdan ishlaydiganlar – 1) individual asosda, doimiy yollanma xodimlardan foydalanmasdan mustaqil ishlaydigan shaxslarni; 2) ish beruvchilarni, shu jumladan fermer va dehqon xo‘jaliklari boshliqlarini; 3) oilaviy korxonalarning haq olmaydigan xodimlarini; 4) jamoa mulkdorlar (kooperativlar, shirkatlar kabi) a’zolarini birlashtiradi.
Tarixdan ma’lumki, mehnatga layoqatli yosh chegarasi ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga ko‘ra huquqiy asosda o‘zgarib turgan. Chunonchi, 1929-1933 yillarda 14 yosh – mehnatga layoqatli yoshning quyi chegarasi bo‘lgan, 1937 yilga kelib, u 15 yoshgacha ko‘tarildi. Urush yillarida ushbu yosh chegarasi yana 14 yoshga tushdi, urushdan keyin u 16 yoshga ko‘tarildi va hozirgacha amal qilib kelmoqda. Hozirgi vaqtda «mehnatga layoqatli yosh»ning yuqori chegarasi erkaklar uchun 59 yosh va ayollar uchun 54 yosh hisoblanadi.
Erkaklar 60 yoshga, ayollar 55 yoshga yetgandan so‘ng ular pensiya olish huquqiga ega. Biroq bu qoidada ham istisno bor. Organizmga yuksak ruhiy fiziologik bosimlar bilan bog‘liq kasb faoliyatining ayrim turlari uchun pensiya chizig‘i 5-10 yilga, ba’zan undan ham ko‘proq qisqaradi. Bunda imtiyozli shartlarda qarilik pensiyasi tizimi amal qiladi. Ayollar uchun pensiya yosh chegarasi erkaklarnikidan pastroq bo‘lsa-da, erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rishi ayollarga nisbatan sezilarli ravishda kamroqdir.
Dostları ilə paylaş: |