2.FOROBIY ONTOLOGIYASI
Olam va odam muammolarining tarixiy ildizlari. Bu mavzuga oid masalalar olamda odamning mavjudligi va yashashi, hayoti va faoliyati bilan bog’liq holda shakllangan. Olam tug’risidagi qarashlar odamzodning tarixi qanchalik qadimiy bo’lsa, shunchalik qadimiydir.
Siz bilan biz yashayotgan shu dunyo o’zining barcha murakkabligi va muammolari, jozibadorligi va butun go’zalligi bilan yagona olamni tashkil etadi. Olam tushunchasi, eng avvalo, odam va uning faoliyati kechadigan makonni aks ettiradi. Agar odam bo’lmaganida edi, bu olam haqidagi tasavvurlar ham bo’lmas edi. Demak, olam odam bilan mazmundordir. Olam uni tashkil etuvchi narsalar bilan birgalikda namoyon bo’ladi. Hech narsasi yo’q olam yo’qlikdir. U mavhum tushuncha, ya`ni abstraksiyadir.
Qadimgi davrlardan buyon odam o’zini anglagach, olamning tarkibiy qismi ekanligini tushuna boshladi. Dastlab, uning hayotini ta`minlovchi tirikchilik vositalarining ahamiyatini tushunib etdi va ularni e`zozlash, avaylab-asrash tuyg’usi shakllana boshladi.
Shu tufayli, olam asosida yotuvchi to’rt elementni: havoni, suvni, tuproqni va olovni muqaddaslashtirish singari G’oyalar vujudga keldi hamda olam tug’risidagi sodda kosmologik qarashlar paydo bo’lgan. Ayrim kishilar odamning tirikchiligini ta`minlovchi narsalarni odam uchun, uning yashashi uchun hudo tomonidan yaratilgan ne`matlar deb bildi. Bunday qarashdan olam odam uchun yaratilgan degan ma`no kelib chiqadi. Aslida qanday? Bu falsafiy muammodir.
Olamda odam yashashi uchun qulay bo’lgan sharoit bo’lmasa-chi? Odamlar qahraton sovuq hukmronlik qiladigan doimiy muzliklar bag’rida ham, har doim issiqlik taftidan qovjirab yotuvchi issiq o’lkalarda ham yashashadi-ku. Har bir joyda odam o’ziga qulay sharoit yaratib olishga intiladi.
Odam hayvonlardek tabiatdagi bor narsalardan oziqlanish bilangina chegaralanib qolmasdan, ularni o’ziga moslashtirishga, sovuq bo’lsa — isitishga, hom bo’lsa - pishirishga, issiq bo’lsa — sovutishga intiladi. Bu esa odamning olamga moslashishga intilishi oqibatidir. Ya`ni, olamni odam o’ziga, o’z ehtiyojlariga moslashtirishga intilib kelgan. Shu tarzda odam ham, olam ham takomillashib, er yuzi o’ta «honakilashtirilgan» olamga aylangan.
Dostları ilə paylaş: |